Ukrainada urushning yangi voqeligi: xususiy havodan mudofaa tizimlari
Kiyev dronlardan foydalanishning bir nechta eshelonini izchil shakllantirdi. Taktik darajada FPV-dronlar front chizigʻidagi jang xususiyatini oʻzgartirdi. Operativ darajada front chizigʻidan oʻnlab va yuzlab kilometr uzoqdagi nishonlarni yoʻq qilishga qodir tizimlar paydo boʻldi.

Rossiya-Ukraina urushi asta-sekin kelajak urushlarining oʻziga xos laboratoriyasiga aylanmoqda. Toʻliq koʻlamli urush boshlanganidan keyin tomonlar XX asrga xos artilleriya, bronetexnika va aviatsiya uygʻunligidan dronlar, sunʼiy intellekt, tarqoq sensorlar, radioelektron kurash, yuzlab va hatto minglab kilometr masofaga yuqori aniqlikdagi zarbalar, endi esa havo mudofaasi tizimiga bevosita jalb qilingan xususiy tuzilmalar muhim ahamiyat kasb etadigan mutlaqo yangi modelga oʻtdi.
Ayniqsa, Ukraina tomonida oʻzgarishlar juda tez kechmoqda. Kiyev harbiy poligonlarda yoki oʻquv mashgʻulotlari jarayonida erishib boʻlmaydigan narsaga — ulkan real jangovar tajribaga ega boʻldi. Ukraina harbiylari taktikani muntazam ravishda moslashtirmoqda, boʻlinmalar tuzilmasini oʻzgartirmoqda, uchuvchisiz tizimlarni takomillashtirmoqda va Rossiyaning miqdoriy ustunligini qoplash yoʻllarini izlamoqda. Natijada Ukraina bugun Yevropada zamonaviy yuqori intensivlikdagi urush olib borish tajribasi nuqtai nazaridan eng tajribali armiyalardan biriga aylandi.
Shu bilan birga, bu tezisni avtomatik ravishda Ukraina Qurolli Kuchlari «Yevropadagi eng kuchli armiya» degan xulosaga aylantirish notoʻgʻri boʻladi. Yevropa davlatlarining aviatsiya, harbiy-dengiz kuchlari, sunʼiy yoʻldosh razvedkasi, sanoat salohiyati va ayrim turdagi qurol-yarogʻlar boʻyicha oʻz ustunliklari bor. Ammo zamonaviy urush, ayniqsa dronlar urushi, radioelektron kurash va tarqoq zarba tizimlaridan foydalanish tajribasi nuqtai nazaridan Ukraina tajribasi haqiqatan ham noyobdir.
Shu sababli Ukrainada yuz berayotgan oʻzgarishlar bugungi mojaro doirasidan ancha tashqari ahamiyatga ega. Buning yaqqol misoli sifatida ukrain zarbador dronlarining rivojlanishi bilan bir vaqtda yana bir fenomen — xususiy kompaniyalarning havo mudofaasi tizimiga bevosita qoʻshilishi paydo boʻlganini koʻrish mumkin.
Drondan Rossiya chuqurligidagi zarbalargacha
Urushning eng koʻzga koʻringan natijalaridan biri Ukrainada uchuvchisiz aviatsiya sanoatining misli koʻrilmagan darajada rivojlanishidir. Bir necha yil avval dron asosan razvedka yoki artilleriya oʻqi yoʻnalishi aniqlashtirish vositasi sifatida qabul qilingan boʻlsa, bugun u toʻlaqonli operativ va strategik taʼsir vositasiga aylandi.
Ukraina dronlardan foydalanishning bir nechta eshelonini izchil shakllantirdi. Taktik darajada FPV-dronlar front chizigʻidagi jang xususiyatini oʻzgartirdi. Operativ darajada front chizigʻidan oʻnlab va yuzlab kilometr uzoqdagi nishonlarni yoʻq qilishga qodir tizimlar paydo boʻldi. Nihoyat, uzoq masofali dronlar Rossiya hududiga strategik bosim oʻtkazish vositasiga aylandi.
Ukraina Mudofaa vazirligi operativ chuqurlikdagi zarbalarni — taxminan oʻnlab kilometrdan yuzlab kilometrgacha boʻlgan masofada amalga oshiriladigan zarbalarni — alohida yoʻnalish sifatida koʻrsatmoqda. Bunday zarbalarning maqsadi nafaqat alohida nishonlarni yoʻq qilish, balki Rossiya armiyasining faoliyatini taʼminlab turgan butun tizimni — radiolokatsiya stansiyalari, havo mudofaasi vositalari, qoʻmondonlik punktlari, omborlar, logistika uzellari, dronlarni boshqarish markazlari va energetika infratuzilmasini izdan chiqarishdan iborat.
Bu prinsipial jihatdan muhim. Zamonaviy urush ikki front chizigʻining ketma-ket toʻqnashuviga tobora kamroq oʻxshamoqda. Endi zarba tank kolonnasiga emas, balki uning harakatlanishini taʼminlaydigan zanjirga berilishi mumkin. Ombor yoʻq qilinsa — taʼminot buziladi. Radar ishdan chiqarilsa — havo mudofaasi samaradorligi pasayadi. Aloqa uzeli zararlansa — boshqaruv yomonlashadi. Neftni qayta ishlash infratuzilmasi ishdan chiqarilsa — taʼsir allaqachon iqtisodiy darajaga koʻtariladi.
Shu tariqa, dron, «sarflanadigan oʻq-dori»dan - dushman harbiy tizimiga taʼsir oʻtkazish vositasiga aylanmoqda.
Ukrainaning Rossiya chuqur ichki hududlariga berayotgan zarbalari ayniqsa tahsinga loyiq. Ular frontdan ancha uzoqda joylashgan Rossiyaning sanoat va harbiy obʼektlariga yetib bormoqda. Bu soʻnggi hujumlar mamlakat hududining geografik chuqurligi endi avtomatik ravishda xavfsizlikni taʼminlamasligini koʻrsatadi. Bu urushning asosiy yangi voqeliklaridan biridir: «front orti» tushunchasi asta-sekin yoʻqolmoqda.
Ukrainaning asosiy resursi — tez oʻrganish va moslashuv qobiliyati
Ukraina ustunligini faqat Gʻarb tomonidan yetkazib berilayotgan qurol-yarogʻlar bilan izohlash mumkin emas. Bundan kam boʻlmagan darajada muhim omil — Ukraina harbiy tizimining tez oʻrganish va moslashish qobiliyatidir.
Urushda texnologiya deyarli hech qachon oʻzgarishsiz qolmaydi. Yangi dron paydo boʻlsa — dushman uni aniqlashning yangi usulini yaratadi. Yangi Radioelektron kurash (REK) tizimi paydo boʻlsa — ishlab chiquvchilar chastota, boshqaruv kanallari va navigatsiya algoritmlarini oʻzgartiradi. Yangi tutib oluvachi vosita paydo boʻlsa — hujum qiluvchi tomon nishonlardan foydalanish taktikasini yangilaydi.
Aynan «zarba — qarshi chora — moslashuv» sikli Rossiya-Ukraina urushidagi eng muhim mexanizmlardan biriga aylandi.
Ukraina bu borada noyob tajriba orttiryapti. Qurol ishlab chiqish, prototiplarni sinash va ularni frontda qoʻllash jarayonlari uchun yillar emas, oylar yoki hatto haftalar kifoya qilyapti. Harbiy boʻlinmalar ishlab chiqaruvchilar uchun bevosita sinov manbaiga, ishlab chiqaruvchilar esa taktikani takomillashtirish jarayonining amaldagi ishtirokchilariga aylanmoqda. Natijada armiya, mudofaa sanoati va texnologik sektor oʻrtasidagi chegaralar tobora yoʻqolmoqda.
Anʼanaviy modelda davlat qurolni ishlab chiqadi, mudofaa sanoati uni ishlab chiqaradi, armiya esa qoʻllaydi. Ukraina modelida esa bu uch element tobora koʻproq yagona tizim sifatida ishlamoqda. Shu jarayon natijasida dronlar, REK vositalari, sensorlar va endi havo mudofaasi bilan shugʻullanuvchi koʻplab xususiy kompaniyalar paydo boʻlmoqda.
Xususiy havo mudofaasi: istisnodan yangi modelga
2026 yilning eng gʻayrioddiy yangiliklaridan biri Ukrainada havo hujumlaridan obʼektlarni himoya qilishda bevosita ishtirok etayotgan xususiy kompaniyalarning paydo boʻlishi boʻldi.
Ukraina Mudofaa vazirligi xususiy sektorni havo mudofaasi tizimiga jalb qilish boʻyicha pilot loyiha ishga tushirilganini rasman maʼlum qildi. 2026 yil mart oyida vazirlik xususiy guruhlardan biri Xarkov viloyatida «Shahed» va «Zala» turidagi bir nechta dronlarni urib tushirganini bildirgan edi. Shu vaqtda yana 13 ta korxonada shunday havo mudofaasi guruhlari shakllantirilayotgani maʼlum qilingan.
Keyinchalik bu dastur yanada kengaydi. May oyida Ukraina Mudofaa vazirligi loyihada 24 ta kompaniya ishtirok etayotganini maʼlum qildi. Iyun oyiga kelib ularning soni 30 taga yetdi, iyul oʻrtasiga kelib esa 51 ta kompaniya xususiy havo mudofaasi loyihasiga qoʻshilgan edi.
Taʼkidlash kerak, «xususiy havo mudofaasi» degan ibora xususiy kompaniyalarga mustaqil ravishda havo nishonlariga qarshi oʻt ochish huquqi berilgan degan tasavvur uygʻotishi mumkin. Aslida esa vaziyat bunday emas.
Xususiy havo mudofaasi guruhlari Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlarining yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilingan. Ular mustaqil ravishda emas, balki umumiy havo mudofaasi arxitekturasining bir qismi sifatida harakat qiladi. Mudofaa vazirligi taʼkidlaganidek, xususiy havo mudofaasi mustaqil yoki nazoratsiz tuzilma emas, balki Havo kuchlari qoʻmondonligi boshqaruvi ostidagi koʻp eshelonli tizimning bir elementidir. Demak, gap havo mudofaasini xususiylashtirish haqida emas, balki uning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga berish haqida ketmoqda.
«Carmine Sky» va «xizmat sifatida havo mudofaasi»
Yangi loyihaning eng koʻzga koʻringan ishtirokchilaridan biri — Ukrainadagi Carmine Sky kompaniyasidir. Kompaniya obʼektlarni himoya qilish uchun havodagi tahdidlarga qarshi bir nechta vositalarni birlashtirgan kompleks yondashuvni taklif qilmoqda. Ular orasida dron-tutib oluvchilar va avtomatlashtirilgan turellar mavjud.
Eng gʻayrioddiy jihat — masofadan boshqariladigan, yirik kalibrli pulemyotlar bilan jihozlangan avtomatlashtirilgan qurilmalardir. Bunday tizimlar kameralar va kompyuter koʻrishi texnologiyalari yordamida nishonlarni aniqlash va kuzatish imkoniyatiga ega.
Harbiy nuqtai nazardan bu juda muhim oʻzgarish hisoblanadi. Yaqin vaqtlargacha avtomatlashtirilgan turel eksperimental tizimning bir qismi edi. Endi esa u muayyan obʼektni havo tahdidlaridan himoya qilish boʻyicha tijoriy xizmatning elementiga aylanmoqda. Kompaniya amalda yangi konsepsiyani taklif qilmoqda: korxona, logistika markazi yoki boshqa muhim obʼekt nafaqat qoʻriqlash xizmatini, balki havo tahdidlaridan ixtisoslashgan himoyani ham olishi mumkin.
Shu sababli bu modelni «xizmat sifatida havo mudofaasi» deb atash mumkin. Bu modelning paydo boʻlish sababi tushunarli. Davlat havo mudofaasi ulkan mamlakatdagi har bir obʼektni bir xil zichlikda himoya qila olmaydi. Zamonaviy zenit-raketa majmualari mavjud boʻlsa ham, miqdor muammosi saqlanib qoladi. Har bir zavod, ombor, elektr stansiyasi yoki logistika uzeli yoniga qimmat havo mudofaasi tizimini joylashtirishning iloji yoʻq.
Bundan tashqari, arzon zarbador dronlarga qarshi kurashda tutib olish iqtisodiyoti muammosi paydo boʻladi. Nisbatan arzon dronni qimmat zenit raketasi bilan yoʻq qilish har doim ham iqtisodiy jihatdan oqilona qaror emas. Shu oʻrinda oraliq eshelonga — pulemyotli tizimlar, arzon tutib olishchilar, mobil guruhlar, REK vositalari va avtomatlashtirilgan komplekslarga ehtiyoj paydo boʻladi.
Urush iqtisodiyoti texnologiya kabi muhim
Rossiya-Ukraina urushi tobora ikki iqtisodiyotning raqobatiga aylanmoqda.
Asosiy savol endi har doim ham «nishonni yoʻq qilish mumkinmi?» qabilida boʻlmaydi. Koʻpincha savol boshqacha qoʻyiladi: «Uni yoʻq qilish qancha turadi va dushman uni qaytarish uchun qancha resurs sarflashiga toʻgʻri keladi?».
Bu ayniqsa dronlar va havo mudofaasi oʻrtasidagi qarama-qarshilikda yaqqol koʻrinadi. Agar hujum qiluvchi tomon dronlarni himoyalanuvchi tomon qimmat tutib olish raketalarini sarflayotganidan tezroq va arzonroq ishlab chiqara olsa, strategik asimmetriya paydo boʻladi. Bunday vaziyatda havo mudofaasining muvaffaqiyatli ishlashi ham uning oʻq-dori zaxirasini asta-sekin kamaytirishi mumkin.
Shuning uchun Ukraina uzoq masofali zarbalar strategiyasi faqat obʼektlarni bevosita yoʻq qilishga qaratilmagan. Uning muhim maqsadlaridan biri Rossiya havo mudofaasi tizimining oʻziga taʼsir koʻrsatishdir. Ukraina Mudofaa vazirligi 2026 yilda Rossiya havo mudofaasi va radiolokatsiya vositalarini tizimli ravishda zararsizlantirish operativ chuqurlikdagi operatsiyalarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini bildirgan.
Shunday qilib, bu oʻziga xos shaxmat oʻyiniga aylanmoqda: avval aniqlash vositalarining bir qismi yoʻq qilinadi, keyin mudofaa konfiguratsiyasi oʻzgaradi va shundan soʻng dronlar uchun yangi imkoniyatlar paydo boʻladi. Bu urush havoda ustunlikka ega boʻlish endi yuzlab qiruvchi samolyotlarga ega boʻlish bilangina belgilanmasligini koʻrsatmoqda.
Havo ustunligini dushmanning havodagi aniqlash va tutib olish tizimini arzon, tarqoq vositalar yordamida bosqichma-bosqich izdan chiqarish orqali ham shakllantirish mumkin.
Xususiy havo mudofaasi «front orti» tushunchasini oʻzgartirmoqda
Yaqin vaqtgacha havo mudofaasi asosan davlatning vazifasi hisoblangan. Radar, zenit majmuasi, hisob-kitob ekipaji, qoʻmondonlik punkti — bularning barchasi qurolli kuchlar tarkibida boʻlgan.
Endi esa yangi arxitektura paydo boʻlyapti. Davlat strategik darajani — uzoq masofali tizimlar, qoʻmondonlik, radiolokatsiya tarmogʻi, aviatsiya va umumiy muvofiqlashtirishni taʼminlaydi. Hududiy va xususiy tuzilmalar esa alohida zaif nuqtalarni yopishi mumkin: zavod, transport uzeli, energetika obʼekti yoki muhim infratuzilmani himoya qiladi.
Bu maʼlum maʼnoda xususiy qoʻriqlash tizimining rivojlanishiga oʻxshaydi. Ammo bu yerda keskin farq bor. Oddiy qoʻriqlash xizmati obʼektga begonalar kirib kelishidan himoya qiladi. Xususiy havo mudofaasi esa obʼekt hududidan tashqarida harakatlanayotgan havo nishonlariga qarshi qurol qoʻllash tizimiga aylanadi.
Shu bilan birga, yangi huquqiy va tashkiliy muammo paydo boʻladi: fuqarolik kompaniyasi bilan harbiy tashkilot oʻrtasidagi chegara qayerdan oʻtadi? Ukraina amalda shu savolga javob izlamoqda.
Veteranlar — texnologik kadrlar zaxirasi
Yangi formatning yana bir muhim xususiyati — kadrlar masalasi.
Ukrainadagi xususiy havo mudofaasi guruhlarida sobiq harbiylar va jangovar tajribaga ega mutaxassislardan foydalanish kengaymoqda. Bundan tashqari, dron-tutib oluvchilarni boshqarish kabi vazifalar uchun tayyorgarlik muddati anʼanaviy murakkab havo mudofaasi mutaxassislarini tayyorlashga nisbatan ancha qisqa boʻlishi mumkin. Bu zamonaviy urushning yana bir xususiyatini koʻrsatadi: tajribani qayta ishlab, ommaviy ravishda takrorlash mumkin.
XX asrda murakkab havo mudofaasi mutaxassisini tayyorlash oylar yoki yillarni talab qilishi mumkin edi. Zamonaviy avtomatlashtirish esa murakkab ishlarning katta qismini elektronika va dasturiy taʼminotga yuklash imkonini bermoqda. Inson tobora koʻproq tizimning barcha funksiyalarini qoʻlda bajaruvchi mutaxassis emas, balki uni boshqaruvchi operatorga aylanmoqda. Natijada nisbatan kichik mutaxassislar guruhi koʻp sonli tarqoq avtomatlashtirilgan vositalarni boshqarishi mumkin boʻlgan yangi harbiy mehnat modeli paydo boʻlmoqda.
Duch kelinadigan jiddiy xavflar
Yangi formatni faqat texnologik yutuq sifatida koʻrish xato boʻladi.
Birinchi muammo — xavfsizlik. Havo mudofaasi tizimiga qancha koʻp ishtirokchi ulansa, ehtimoliy nosozlik nuqtalari ham shuncha koʻpayadi. Aloqa tarmogʻi, dasturiy taʼminot, boshqaruv kanallari va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari muhim infratuzilmaga aylanadi.
Ikkinchi muammo — kiberxavfsizlik. Masofadan boshqariladigan avtomatlashtirilgan turel yoki dron-tutib oluvchi radioelektron yoki kiber taʼsir obʼektiga aylanishi mumkin.
Uchinchi muammo — javobgarlik. Agar avtomatlashtirilgan tizim obʼektni notoʻgʻri aniqlasa, oqibatlar uchun kim javob beradi? Ishlab chiqaruvchimi? Operatormi? Davlat qoʻmondonlik markazimi? Yoki kompaniyaning oʻzimi?
Nihoyat, tizimning haddan tashqari parchalanishi xavfi mavjud. Havo mudofaasi yagona tizim boʻlishi kerak. Agar alohida kompaniyalar mustaqil harakat qila boshlasa, butun tarmoq samaradorligi pasayishi mumkin.
Shuning uchun Ukraina Mudofaa vazirligining xususiy guruhlarni yagona davlat tizimiga integratsiya qilish tamoyiliga urgʻu berishi prinsipial ahamiyatga ega.
Ukraina kelajak urushi poligoniga aylanmoqda
Sodir boʻlayotgan jarayondan asosiy xulosa bir tomon «moʻʼjizaviy qurol» olgani emas.
Rossiya va Ukraina bir vaqtning oʻzida mutlaqo yangi harbiy muhitni shakllantirmoqda.
Jang maydonida tanklar va FPV-dronlar, qanotli raketalar va arzon uchuvchisiz apparatlar, sunʼiy yoʻldosh razvedkasi va tijoriy aloqa tizimlari, anʼanaviy havo mudofaasi va avtomatlashtirilgan turellar bir vaqtning oʻzida qoʻllanilmoqda. Endi bularga yana bir element — xususiy sektorning mudofaa arxitekturasiga bevosita qoʻshilishi qoʻshilmoqda.
Ukraina modeli ayniqsa qiziqarli, chunki u resurslar cheklangan sharoitda paydo boʻldi. Klassik havo mudofaasi tizimini yetarli zichlikda qurish imkoniyati boʻlmagan vaziyatda arzonroq, tarqoq va masshtablanadigan yechimlar izlanishiga toʻgʻri kelmoqda.
Shuning uchun ukrain tajribasi Sharqiy Yevropa chegaralaridan ancha tashqarida ham diqqat bilan oʻrganiladi. Yevropa davlatlari uchun bu ayniqsa muhim. Ularning armiyalari oʻnlab yillar davomida asosan texnologik jihatdan zaifroq raqibga qarshi nisbatan qisqa operatsiyalarga tayyorgarlik koʻrdi. Ukraina esa katta urushda arzon dronlarni tez ishlab chiqarish, dasturiy taʼminotni tez moslashtirish, infratuzilmani tiklash, yangi boʻlinmalarni shakllantirish va taktikani deyarli har oy oʻzgartirish qobiliyati zarurligini koʻrsatmoqda.
Shu maʼnoda Ukrainaning asosiy harbiy ustunligi muayyan qurol modeli emas, balki moslashish tezligi boʻlmoqda.
Urush endi armiya monopoliyasi emas
Ehtimol, eng fundamental oʻzgarish aynan shunda. Klassik urush modelida aniq chegara mavjud edi: davlat urush olib boradi, armiya jang qiladi, sanoat qurol ishlab chiqaradi, aholi esa iqtisodiy bazani taʼminlaydi. Rossiya-Ukraina urushi bu chegaralarni buzib tashlayapti.
Xususiy kompaniyalar zarbador va razvedka dronlarini yaratmoqda. IT-mutaxassislar harbiy tizimlar uchun dasturiy taʼminot ishlab chiqmoqda. Fuqarolik elektronikasi ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini front ehtiyojlariga moslashtirmoqda. Volontyorlik tuzilmalari boʻlinmalarni zarur uskunalar bilan taʼminlamoqda. Endi korxonalar oʻz hududlarini himoya qilish uchun havo mudofaasi guruhlarini ham shakllantirishi mumkin.
Bu davlat vazifasining susayishini anglatmaydi. Aksincha, davlat hanuzgacha muvofiqlashtirish markazi boʻlib qolmoqda. Ammo u yagona ijrochidan ulkan tarqoq ekotizimni boshqaruvchi koordinatorga aylanmoqda. Aynan shu model Ukraina urushidagi eng muhim harbiy innovatsiyalardan biri boʻlishi mumkin.
Xulosa
Rossiya-Ukraina urushi front va front orti, harbiy va fuqarolik sektori, qurol va dasturiy taʼminot oʻrtasidagi chegaralar tobora yoʻqolib borayotgan yangi voqelikni yuzaga keltirdi.
Kiyev avval deyarli tasavvur qilib boʻlmaydigan ishni — havo mudofaasining ayrim funksiyalarini xususiy tuzilmalarga berishni eksperiment sifatida joriy etmoqda.
Carmine Sky kabi kompaniyalar va xususiy havo mudofaasi guruhlari shunchaki Ukrainadagi ikki tashkiliy birlik emas. Ular davlat havo mudofaasini tarqoq tarmoq — xususiy operatorlar, avtomatlashtirilgan turellar, dron-tutib oluvchilar va boshqa vositalar bilan toʻldirishga asoslangan ehtimoliy yangi urush modeli namunalaridir. Ukraina Mudofaa vazirligining maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil iyul oʻrtasiga kelib 51 ta kompaniya ushbu tashabbusga qoʻshilgan, xususiy havo mudofaasi guruhlari esa 50 dan ortiq uchuvchisiz apparatni yoʻq qilgan.
Agar bu eksperiment muvaffaqiyatli boʻlsa, uning oqibatlari Ukraina hududidan ancha tashqariga chiqadi. Kelajakda korxonada faqat qoʻriqlash xizmati, yongʻin xavfsizligi guruhi va zaxira generatori emas, balki milliy tizimga ulangan oʻz havo mudofaasi konturi ham boʻlishi mumkinligi ehtimoldan holi emas.
Abulfayz Saidasqarov
