Shavkat Mirziyoyev Xivadagi xalqaro turistik shaharcha loyihasi bilan tanishdi
Umumiy maydoni 12,3 gektar boʻlgan majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari joylashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida barpo etilishi rejalashtirilgan xalqaro turistik shaharcha loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda Xorazm viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlarga zamonaviy xizmatlar koʻrsatish va ularning hududda qolish muddatini uzaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oxirgi toʻqqiz yilda viloyatda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxona fondi 4 barobar oshdi, 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirildi. Soʻnggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra koʻpaydi.

Yangi turistik shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini uygʻunlashtirgan holda barpo etiladi. Uning meʼmoriy konsepsiyasini ishlab chiqishda Xorazmning koʻp asrlik shaharsozlik anʼanalari, jumladan, 1511 yilda Xiva xonligining ilk poytaxti boʻlgan qadimiy Vazir shahrining tarixiy tuzilishi va koʻchalar tarmogʻi asos qilib olingan.
Umumiy maydoni 12,3 gektar boʻlgan majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari joylashadi.

Hududning salmoqli qismi yashil maydonlar va sayr yoʻlaklariga ajratiladi. Sharsharali favvoralar va ichki ariqlar tashkil etiladi. Avtoturargohlarda quyosh panellari oʻrnatilgan soyabonlar barpo etilishi ham koʻzda tutilgan.
Taʼkidlanganidek, Xorazmda transport-logistika va turizm infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy turistik majmualarni koʻpaytirish, xizmatlar turini kengaytirish va sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish muhim ahamiyatga ega.
Yangi shaharcha Ichan-qalʼaga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirish, sayyohlar uchun yangi yoʻnalish va xizmatlarni taklif etishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishi, aholi uchun avtomobillar harakatidan xoli yashil dam olish hududlari barpo etilishi koʻzda tutilgan.
