Shavkat Mirziyoyev qiymati 11 mln dollarlik korxonani borib koʻrdi
Ushbu korxona yiliga qariyb 100 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Prezident Urganchdagi Kasblar shaharchasida ham boʻlib, bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch tumanidagi “Tillo domor” korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasida sutni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatida qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng imkoniyatlar yaratilgan.
Xorazm viloyati sut yetishtirish salohiyati yuqori hududlardan biri. Mazkur imkoniyatdan samarali foydalanib, chorvachilikni ixtisoslashtirish va sutni sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

“Tillo domor” korxonasining umumiy qiymati 11 million dollar boʻlib, yiliga qariyb 100 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq, kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xomashyo har kuni 100 dan ziyod fermer xoʻjaligi va aholidan xarid qilinadi. Bu, oʻz navbatida, chorvachilik bilan shugʻullanayotgan aholi uchun barqaror sotuv bozorini yaratishga xizmat qilmoqda.
Korxonada 120 ta ish oʻrni yaratilgan. Ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham oʻrnatilgan. Kelgusida yana 100 ta yangi ish oʻrni tashkil etish, mahsulot turlarini koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda viloyatda 1 ming 200 ga yaqin qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror taʼminlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga bu boradagi tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda mehnat bozori talablariga mos, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada kasbiy taʼlimni ish beruvchilar ehtiyoji bilan uygʻunlashtirish, ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish va dual taʼlimni kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Urganch shahrida tashkil etilgan Xorazm ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Muassasani barpo etish uchun davlat byudjetidan 72,4 milliard soʻm ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1 ming 100 oʻringa moʻljallangan ikkita oʻquv binosi, 300 oʻrinli yotoqxona, sport zali, 200 oʻrinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita oʻquv ustaxonasi qurilgan.

Texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilgʻor taʼlim dasturlari asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Dual taʼlim tizimi nazariy bilimlarni bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan bogʻlash imkonini beradi.
2026–2027 oʻquv yili uchun 11 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Taʼlim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarning egallagan kasbi boʻyicha ish bilan taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Texnikum Xorazm viloyatidagi boshqa kasbiy taʼlim muassasalari uchun ham zamonaviy amaliy baza vazifasini oʻtaydi. Hududdagi taʼlim muassasalarining qariyb 4 ming 300 nafar oʻquvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot oʻtaydi. Bunday ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari muassasa hududidagi Kasblar shaharchasini ham koʻzdan kechirdi. Bu yerda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni muayyan kasblarga yoʻnaltirish uchun sharoit yaratilgan.
Kasblar shaharchasida “Oʻzing yasab koʻr” tamoyili asosida oʻquvchilar turli zamonaviy uskunalar bilan bevosita ishlab, amaliy koʻnikmalar hosil qiladi. Transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi hamda “yashil” energetika kabi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar qamrab olingan.
Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bu yoshlarni kasbga yoʻnaltirishdan tortib, ularga amaliy koʻnikma berish va kelgusida bandligini taʼminlashgacha boʻlgan yagona tizimni shakllantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli oʻqitish, taʼlim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirib borish va bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini taʼkidladi.
