Isroillik vazir Gʻazoda har kuni "30-40 kishini yoʻq qilish"ga chaqirdi
Falastin anklavida yahudiy aholi punktlarini qurishni boshlash kerak, deya taʼkidlaydi u.

Isroil harbiylari Gʻazoda "har kecha 30 dan 40 gacha odamni" oʻldirishi va Falastin anklavida yahudiy aholi punktlarini qurishni boshlashi kerak, dedi Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir.
U bu fikrlarni HAMAS asirligidan ozod qilingan Rom Braslavskiy olib borgan podkastda oʻrtoqlashdi.
"Menimcha, biz har kecha 30 dan 40 gacha maqsadli suiqasdlarni amalga oshirishimiz kerak. Faqat bevosita tahdid soladiganlar emas. U yerda yashashga loyiq boʻlmagan odamlar bor... Ular hatto inson ham emas", dedi Ben-Gvir (Financial Times gazetasi iqtibos keltirgan).
Ben-Gvir shuningdek, Falastin hududida yahudiy aholi punktlarini tiklashga chaqirdi.
"Men nafaqat Gush Katifda, balki butun Gʻazo boʻylab aholi punktlarini tasavvur qilaman va emigratsiyani ragʻbatlantiraman: qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Va terrorchilar uchun emigratsiya boʻlmasligi kerak. Biz ularni shunchaki birma-bir oʻldirishimiz kerak", dedi u.
Milliy xavfsizlik vaziri sifatida Itamar Ben-Gvir Isroil politsiyasi va qamoqxona tizimini nazorat qiladi. FT taʼkidlaganidek, u ilgari Isroildagi qattiqroq qamoqxona sharoitlarini ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlagan.
Bundan tashqari, uning "Yahudiy kuchi" partiyasi ham terroristik hujumlarda isroilliklarni oʻldirganlikda ayblangan falastinliklarga oʻlim jazosini tayinlash toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilish kampaniyasiga rahbarlik qildi.
