platina.uz
Tahlil

Suriya-Rossiya munosabatlari: yaqin ittifoqchidan ehtiyotkor hamkorgacha

2024 yil dekabrida Bashar Asadning hokimiyatdan ketishi Rossiya uchun shunchaki doʻst davlatda hukumat almashuvi emas edi. Bu Moskva qariyb oʻn yil davomida Suriyada barpo etgan butun siyosiy konstruksiyaning yemirilishini anglatardi.

Suriya-Rossiya munosabatlari: yaqin ittifoqchidan ehtiyotkor hamkorgacha

Bashar Asad hokimiyatining agʻdarilishi Rossiya-Suriya munosabatlarining yakuniga aylanmadi. Ammo bu voqea ularning avvalgi modelini deyarli butunlay yoʻq qildi. Moskva endi Suriya rahbariyatining homiysi, Damashq esa Kremlga qaram ittifoqchi emas. Har ikki tomon oʻzaro bogʻliqlikni cheklagan holda, saqlab qolish mumkin boʻlgan narsalarni saqlab qolishga urinayotgan pragmatik sheriklik eski harbiy-siyosiy ittifoq oʻrnini egallamoqda. Shu yil 9 avgustda Rossiyaning Suriyadagi harbiy obʼektlarining kelajagi boʻyicha imzolangan memorandum ana shu oʻzgarishning eng yaqqol ramziga aylandi.

Zamonaviy Rossiya-Suriya munosabatlari tarixi uzoq vaqt davomida oddiy konstruksiyaga asoslangan: Moskva Damashqqa siyosiy, diplomatik va harbiy koʻmak koʻrsatar, Suriya rahbariyati esa Rossiyaga Yaqin Sharqda strategik mavjudlikni taʼminlar edi.

Bu hamkorlik, ayniqsa, 2011 yilda Suriyada mojaro boshlanganidan va 2015 yil sentabrida Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy aralashganidan keyin yanada mustahkamlandi. Rossiya Bashar Asad hukumatining asosiy tashqi harbiy-siyosiy homiysiga aylandi. Rossiya aviatsiyasi, maslahatchilari, harbiy mutaxassislari va diplomatik koʻmagi Damashqqa urush jarayonini oʻz foydasiga burish va hududning katta qismini markaziy hukumat nazoratiga qaytarish imkonini berdi.

Taʼkidlash kerak, Moskva uchun Suriya oddiy ittifoqchidan ancha katta ahamiyatga ega edi. Tartus va Hmeymimdagi Rossiya obʼektlari Moskvaga Oʻrta yer dengizida doimiy harbiy mavjudlikni saqlash va Yaqin Sharqda oʻz taʼsirini namoyish etish imkonini berdi. Tartus Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining muhim tayanch nuqtasiga, Hmeymim esa asosiy aviatsiya bazasiga aylandi.

Shu bois, 2024 yil dekabrida Asadning hokimiyatdan ketishi Rossiya uchun shunchaki doʻst davlatda hukumat almashuvi emas edi. Bu Moskva qariyb oʻn yil davomida Suriyada barpo etgan butun siyosiy konstruksiyaning yemirilishini anglatardi.

Biroq Kreml yangi Damashq bilan munosabatlarni uzmadi. Aksincha, Moskva yangi voqelikka juda tez moslashishga kirishdi. 2025 yildayoq Vladimir Putin Suriyaning hududiy yaxlitligi va barqarorligini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Yangi Suriya rahbariyati ham Rossiya bilan munosabatlardan avtomatik ravishda voz kechmasligini anglatdi. Shu tariqa paradoksal vaziyat yuzaga keldi: Rossiya Suriyadagi asosiy ittifoqchisini yoʻqotdi, ammo uning oʻrniga kelgan davlat bilan munosabatlarni saqlab qolishga harakat qildi.

Moskva Asadni yoʻqotdi, ammo Suriyani yoʻqotishni istamayapti

Asadning Moskvaga qochib ketishidan keyin Kreml oldida oʻta murakkab vazifa paydo boʻldi. Bir tomondan, Moskva sobiq Suriya prezidentiga boshpana berdi. Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari Asad hokimiyati agʻdarilganidan keyin unga Rossiyada boshpana berilganini xabar qildi. Ikkinchi tomondan, Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Sharaa Asad taqdirini prinsipial masala sifatida koʻrdi.

2025 yil oktabrida ash-Sharaaning Moskvaga tashrifi arafasida Reuters agentligi Suriya manbalariga tayanib, Damashq Rossiyadan Asadni sud qilish uchun topshirishni rasman talab qilishni rejalashtirayotganini xabar qildi. Shu tariqa Moskva va Damashq oʻrtasidagi yangi muzokaralar boshlanishidan oldinyoq manfaatlar toʻqnashuvining asosiy nuqtasi paydo boʻldi.

Zero, Damashq uchun Asad — sobiq tizimning ramzi va Suriyadagi fuqarolik urushi davrida sodir etilgan koʻplab jinoyatlar bilan bogʻliq shaxs. Moskva uchun esa Asad — Rossiya hokimiyati agʻdarilganidan keyin boshpana bergan sobiq ittifoqchi. Ammo bundan ham muhim jihat bor: Asad masalasi Rossiyaning yangi Suriyaga qanchalik yon berishga tayyorligini koʻrsatuvchi mezonga aylandi.

Moskva boshpana berish tamoyilini yangi kelishuvga almashtirmadi

Rossiya pozitsiyasi kutilganidek boʻldi: Kreml sobiq Suriya rahbarini topshirishga rozi boʻlmadi.

Bunda nafaqat gumanitar-siyosiy, balki muhim strategik hisob-kitob ham bor. Agar Moskva Asadni yangi hukumatga topshirishga rozi boʻlganida, Rossiyaning sobiq ittifoqchilariga bergan kafolatlari siyosiy vaziyat oʻzgarishi bilan qayta koʻrib chiqilishi mumkin degan tasavvur paydo boʻlardi. Oʻz ittifoqchilarini ogʻir vaziyatlarda himoya qila oladigan davlat sifatidagi obroʻsini saqlashga intilayotgan Kreml uchun bu nihoyatda sezgir masala. Shuning uchun Asad taqdiri asta-sekin Moskva va Damashq munosabatlarida oʻziga xos «qizil chiziq»qa aylandi.

Ammo bu yerda prinsipial ziddiyat paydo boʻldi: yangi Suriya hokimiyati oʻz davlatini avvalgi rejim bilan siyosiy va huquqiy uzilish asosida qurishga harakat qilmoqda. Rossiya esa sobiq Suriya prezidentini himoya qilishdan voz kechmagan holda yangi hukumat bilan munosabatlarni saqlashga urinmoqda.

Asad ustidan sud jarayoni siyosiy ziddiyatni huquqiy mojaroga aylantirdi

2026 yil aprelida Damashqda sobiq rejimning yuqori lavozimdagi vakillariga qarshi birinchi ommaviy sud jarayoni boshlandi. Bashar Asad va uning ukasi Mohir Asadga nisbatan sud jarayoni sirtdan oʻtkazildi. Sobiq prezidentning amakivachchasi Otif Najib esa sud zalida hozir boʻldi.

Jarayon yangi Suriya hokimiyatining oʻtish davri adolatini qaror toptirishga qaratilgan kengroq siyosatining bir qismiga aylandi. Ayniqsa, Najibning 2011 yilda Daraa voqealari bilan bogʻliqligi ramziy ahamiyatga ega. Aynan Daraa shahrida Asad rejimiga qarshi dastlabki ommaviy namoyishlar boshlangan va bu voqealar keyinchalik fuqarolik urushiga olib kelgan edi.

Shuning uchun sud jarayoni yangi hokimiyat tomonidan nafaqat jinoiy ish sifatida, balki oʻtmish bilan uzilishni huquqiy jihatdan rasmiylashtirishga urinish sifatida ham qabul qilindi. Bahor davomida va yoz oylarida sud eshituvlari davom etdi. Sud qotilliklar, qiynoqlar, asossiz hibsga olishlar va boshqa jinoyatlar bilan bogʻliq ayblovlarni koʻrib chiqdi. 2026 yil 11 avgustda esa Damashq sudi Bashar Asadni sirtdan oʻlim jazosiga hukm qildi. Mohir Asad va Otif Najibga nisbatan ham xuddi shunday hukm chiqarildi.

Rossiya-Suriya munosabatlari uchun bu prinsipial ahamiyatga ega voqea hisoblanadi. Endi gap faqat yangi hokimiyatning sobiq prezidentni topshirish haqidagi siyosiy talabi haqida emas. Damashq oʻz talablariga asos sifatida tayana oladigan sud qarorini qoʻlga kiritdi. Moskva uchun esa bu Asadni topshirish masalasini yanada murakkablashtiradi. Chunki endi gap Rossiya boshpana bergan va Suriya sudi tomonidan oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxs haqida ketmoqda. Shu tariqa Asad Rossiya va Suriya munosabatlaridagi eng jiddiy ziddiyatlardan biri boʻlib qolmoqda.

Rossiya pozitsiyasining paradoksi

Bir qarashda, Asad hokimiyati qulaganidan keyin Rossiya Suriyani butunlay tark etishi kerakdek edi. Ammo voqealar aksini koʻrsatdi.

Moskva yangi Suriya rahbariyati bilan diplomatik munosabatlarni saqlab qolishga qaror qildi. 2025 yil oktabrida ash-Sharaa Moskvaga borib, Vladimir Putin bilan uchrashdi. Suriya rahbari Rossiya bilan munosabatlarni tiklash va qayta belgilash niyatini bildirdi, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi tarixiy aloqalar mavjudligini taʼkidladi.

Rossiya tomoni ham iqtisodiy hamkorlikni saqlab qolishdan manfaatdorligini koʻrsatdi. Rossiya hukumati raisi oʻrinbosari Aleksandr Novak Rossiya kompaniyalari Suriyani tiklash, jumladan, neft sohasida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Rossiya tomoni Suriyaga Rossiya uskunalarini yetkazib berish imkoniyatlariga ham qiziqish bildirdi. Aynan shu yerda Moskvaning yangi strategiyasi mantigʻi namoyon boʻladi: Rossiya endi Suriyani soʻzsiz ittifoqchi sifatida koʻra olmaydi. Ammo u Suriyani pragmatik hamkorga aylantirishga harakat qilishi mumkin.

Harbiy obʼektlar boʻyicha murosa

Yuqorida zikr etilgan yangi modelning eng yaqqol isboti 2026 yil 9 avgustda imzolangan memorandum boʻldi. Qariyb 18 oylik muzokaralardan soʻng Suriya va Rossiya mamlakat sohillaridagi Rossiya obʼektlarining kelajagi boʻyicha kelishuvga erishdi. Kelishuvga koʻra, Hmeymim aeroporti va Tartus portining tijoriy qismi kabi fuqarolik obʼektlari Suriya davlati boshqaruviga oʻtadi. Harbiy obʼektlar esa qoʻshma harbiy tayyorgarlik va malaka oshirish markazlariga aylantiriladi. Yangi modelga oʻtish uch oy ichida yakunlanishi kerak.

Bu yerda hujjatning asosiy siyosiy maʼnosi mujassam. Rossiya avvalgi maqomini qaytarib olmayapti. Ammo u Suriyadan butunlay chiqib ham ketmayapti. Bu har ikki tomonga eng ogʻriqli ssenariydan qochish imkonini beruvchi murosali modeldir.

Damashq uchun mamlakat aholisi va tashqi hamkorlar oldida asosiy obʼektlar Suriya nazoratida ekanini namoyish etish muhim. Moskva uchun esa jismoniy mavjudlikni, harbiy aloqalarni va Suriya qurolli kuchlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatini saqlab qolish muhim.

Shu bilan birga, yangi oʻquv markazlarida qoladigan Rossiya harbiy xizmatchilarining aniq soni hozircha oshkor etilmagan. Demak, Rossiyaning Suriyadan toʻliq chiqib ketishi haqida gapirish hozircha erta. Ammo Moskva avvalgi pozitsiyalarini toʻliq saqlab qoldi, deb aytish ham notoʻgʻri. Ularning maqomi prinsipial ravishda oʻzgardi.

Nega Rossiya murosaga bordi?

Moskva uchun avvalgi modeldan voz kechish majburiy, ammo ratsional tanlov boʻldi.

Asad hokimiyati agʻdarilganidan keyin Rossiya yangi Suriya rahbariyati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri qarama-qarshilikka kirishmasdan, oʻz harbiy mavjudligini saqlab qolish zaruratiga duch keldi. Avvalgi pozitsiyalarni kuch yoki ultimatum orqali saqlab qolishga urinish nihoyatda xavfli boʻlar edi.

Birinchidan, Rossiya Suriyadagi siyosiy tizim ustidan avvalgi nazoratini yoʻqotdi.

Ikkinchidan, Damashq tashqi siyosatini bir nechta kuch markazlari — Turkiya, arab davlatlari, AQSh va Yevropa mamlakatlari bilan bir vaqtda qurishga intilmoqda.

Uchinchidan, Suriya rahbariyati sanksiyalarni bekor qilish, iqtisodiyotni tiklash va investitsiyalar jalb etishdan manfaatdor. Shuning uchun u Asad davridagi tashqi siyosiy qaramlik modeliga qaytishni istamaydi.

Nihoyat, Rossiyaning oʻzi uchun Suriya yoʻnalishi kengroq kontekstni hisobga olishni talab qiladi: Moskva bir vaqtning oʻzida Ukrainadagi urush va boshqa mintaqalar bilan bogʻliq vazifalarni ham hal qilmoqda.

Bunday sharoitda murosa barcha imkoniyatlarni boy berishdan koʻra ancha manfaatli.

Suriya ham Rossiyadan manfaatdor

Biroq avgust kelishuvini faqat Rossiyaning magʻlubiyati sifatida talqin qilish xato boʻladi. Damashq ham Rossiyani foydali hamkor sifatida koʻradi.

Rossiya mutaxassislari Suriya energetikasida koʻp yillik ish tajribasiga ega. Rossiya kompaniyalari mamlakat neft sektorida faoliyat yuritish tajribasini shakllantirgan. Moskva Suriyaga foydali boʻlishi mumkin boʻlgan harbiy, texnik va diplomatik imkoniyatlarga ham ega.

Bundan tashqari, yangi Suriya Rossiya bilan munosabatlarni qarama-qarshilikka aylantirishdan manfaatdor emas. Shuning uchun Damashqning bugungi siyosati uzilishdan koʻra tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilishga oʻxshaydi.

Suriya Rossiya bilan hamkorlik qilishni istaydi, ammo bir vaqtning oʻzida Gʻarb, arab davlatlari va boshqa tashqi kuch markazlari bilan aloqalarini kengaytirmoqda. Bu prinsipial jihatdan yangi tashqi siyosiy falsafadir. Asad davrida Moskva Suriyadagi asosiy xavfsizlik kafolatchilaridan biri edi. Ash-Sharaa davrida esa Rossiya Suriyaning bir nechta hamkorlaridan biriga aylanmoqda.

Rossiya taʼsiriga yana bir zarba — energetika

Bu kontekstda energetika masalasi ayniqsa muhim. Avgust oyi boshida Reuters Suriya AQSh bilan muloqotlar doirasida Rossiya nefti importini sezilarli darajada qisqartirishga tayyorligini bildirganini xabar qildi. Agentlik manbalariga koʻra, Rossiyadan Suriyaga neft yetkazib berish hajmi kuniga qariyb 60 ming barrelni tashkil etgan va 2026 yilda bu koʻrsatkich sezilarli darajada oshgan. Agar bu tendensiya davom etsa, u Damashqning Moskvaga iqtisodiy qaramligini kamaytirishga intilayotganining yana bir belgisi boʻladi.

Bu prinsipial jihatdan muhim. Harbiy mavjudlikni cheklangan shaklda saqlab qolish mumkin. Ammo Rossiya bir vaqtning oʻzida energetika, savdo va infratuzilma sohalaridagi avvalgi taʼsirini ham yoʻqotsa, uning Suriya siyosatiga taʼsir oʻtkazish imkoniyatlari asta-sekin qisqaradi.

Natijada yangi bosqichning oʻziga xos formulasi paydo boʻladi: harbiy mavjudlik saqlanadi — siyosiy taʼsir kamayadi — iqtisodiy raqobat kuchayadi.

Rossiya endi Suriyani boshqarmaydi, balki uning uchun raqobatlashadi

Asad davrida Rossiyaning Suriya siyosati koʻp jihatdan mavjud rejimni qoʻllab-quvvatlashga asoslangan edi. 2024 yil dekabridan keyin bu model imkonsiz boʻlib qoldi.

Bugun Moskva boshqa oʻyinchilarning manfaatlarini ham hisobga olishga majbur. Turkiya yangi Suriyaning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasiga sezilarli taʼsirga ega. Arab davlatlari Suriyani tiklash va uni mintaqaviy tizimga qaytarishdan manfaatdor. AQSh va Yevropa mamlakatlari ham tiklanish jarayonidan oʻz taʼsirini shakllantirish uchun foydalanishga harakat qilmoqda.

Shuning uchun Rossiya endi Suriyaning muqobilsiz tashqi hamkori emas. Bu butun konstruksiyadagi eng muhim oʻzgarishdir. Damashq endi turli davlatlarning takliflarini solishtirishi va oʻzi uchun eng foydali shartlarni tanlashi mumkin. Shu sababli Suriyaning Moskvaga nisbatan siyosati ham qatʼiyroq boʻlmoqda.

Suriya bu bilan «Biz Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, ammo Rossiya Suriya bilan qaram ittifoqchi sifatida emas, suveren davlat sifatida hamkorlik qilishi kerak», demoqchi boʻlyapti.

Keyingi bosqichda nima boʻladi?

Avgust memorandumi Rossiya-Suriya muzokaralarini yakunlamaydi. Aksincha, ular uchun yangi asos yaratadi. Kelgusi oylardagi asosiy masala Xmeymim va Tartus boʻyicha kelishuvlarning amalda qanday bajarilishi boʻladi. Bundan tashqari, yana uchta yoʻnalish muhim.

Birinchisi — Bashar Asadning taqdiri. Suriya sudining oʻlim jazosi haqidagi hukmidan keyin uni ekstraditsiya qilish masalasi yanada murakkab va ramziy jihatdan ahamiyatli tus oladi.

Bashar Asad bilan bogʻliq vaziyatning huquqiy jihati ham mavjud. Rossiya va Suriya hali 2022 yil iyun oyida shaxslarni topshirish toʻgʻrisidagi shartnomani imzolagan, mazkur shartnoma Rossiya tomonidan 2023 yil aprel oyida ratifikatsiya qilingan. Hujjat jinoiy taʼqib qilish yoki sud hukmini ijro etish maqsadida shaxslarni oʻzaro topshirishni nazarda tutadi. Biroq shartnomaning mavjudligi ekstraditsiya avtomatik ravishda amalga oshirilishini anglatmaydi: muayyan soʻrov boʻyicha qaror shartnomada belgilangan tartib-taomillar va topshirishni rad etish asoslariga muvofiq qabul qilinadi. Shu bois Suriya sudi Asadni sirtdan oʻlim jazosiga hukm qilganidan keyin uni ehtimoliy ravishda topshirish masalasi yanada murakkab tus olmoqda — bu endi bir vaqtning oʻzida ham huquqiy, ham siyosiy masaladir.

Ikkinchisi — Rossiyaning Suriya iqtisodiyotidagi ishtiroki. Agar Rossiya kompaniyalari mamlakatni tiklashda ishtirok eta olsa, Moskva yoʻqotilgan siyosiy taʼsirning bir qismini iqtisodiy vositalar orqali qoplash imkoniyatiga ega boʻladi.

Uchinchisi — energetika. Agar Damashq Rossiya neftiga qaramlikni keskin qisqartirib, bir vaqtning oʻzida Gʻarb energetika kompaniyalarini jalb qilsa, bu Rossiya taʼsirining yanada pasayishidan dalolat beradi.

Shuning uchun Moskva va Damashq oʻrtasidagi munosabatlarning kelajagini bitta memorandum emas, balki har ikki tomon siyosiy ziddiyatlarni pragmatik hamkorlikdan qay darajada ajrata olishi belgilaydi.

Xulosa

Damashq uchun Moskva endi asosiy tashqi homiy emas. Moskva uchun Suriya endi soʻzsiz ittifoqchi emas.

Har ikki tomon oʻzaro manfaat, muzokara, savdolashuv va cheklangan qaramlikka asoslangan yangi modelga oʻtmoqda.

Shu maʼnoda, 2026 yil 9 avgustda imzolangan memorandumni shunchaki harbiy obʼektlar haqidagi texnik kelishuv sifatida koʻrish mumkin emas.

Bu hujjat Rossiya-Suriya munosabatlarining ittifoqchilik va homiylik davridan pragmatik, ehtiyotkor va doimiy ravishda qayta koʻrib chiqilishi mumkin boʻlgan hamkorlik davriga oʻtayotganini huquqiy jihatdan rasmiylashtiradi.

Endi Moskva va Damashq munosabatlarining kelajagi bir rahbarning taqdiriga emas, balki ikki davlat Suriyada umumiy manfaatlarni qay darajada topa olishiga bogʻliq boʻladi. Bu Suriyada Rossiya koʻp yillardan buyon birinchi marta yagona hal qiluvchi tashqi oʻyinchi boʻlmagan sharoitda sodir boʻlmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid