Shavkat Mirziyoyev Rufat Risqiyev vafoti sabab hamdardlik bildirdi
Rufat Risqiyev sobiq Ittifoq miqyosida 4 karra chempion boʻlib, xizmat koʻrsatgan sport ustasi darajasiga yetishdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi birinchi xalqaro professional boks hakami sifatida ham muvaffaqiyatli ish olib bordi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bokschi Rufat Risqiyev vafoti sabab hamdardlik bildirdi.
Oʻzbek boks maktabining atoqli namoyandasi, jahon chempioni, Olimpiya oʻyinlari sovrindori, mashhur sportchi va murabbiy Rufat Asadovich Risqiyev shu yil 15 avgust kuni 76 yoshida vafot etdi.
Rufat Risqiyev 1949 yil 2 oktabrda Toshkent viloyatida shifokor oilasida tugʻildi. Oʻquvchilik yillaridan boshlab sportning boks turiga mehr qoʻyib, tajribali ustozlar qoʻlida taʼlim oldi. Oʻzining betakror isteʼdodi va yuksak texnik mahorati, kuchli irodasi va jangovar xarakteri bilan muxlislar eʼtiboriga tushgan afsonaviy sportchi oʻz faoliyatini havaskor bokschi sifatida boshlab, keyinchalik respublika va dunyo miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etdi, qizgʻin va ayovsiz janglarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qildi.
Ayniqsa, 1974 yil Kuba Respublikasining poytaxti – Gavana shahrida oʻtkazilgan boks boʻyicha jahon chempionatidagi murosasiz janglar azmu shijoatli oʻzbek oʻgʻlonining sportchilik faoliyatida alohida oʻrin tutadi. Dunyoning eng kuchli charm qoʻlqop ustalariga qarshi mardona ringga chiqib, chinakam jasorat va matonat namunasini koʻrsatgan bahodir yurtdoshimiz ana shu nufuzli musobaqada oltin medalni qoʻlga kiritib, oʻzbek boksida birinchi marta jahon chempioni degan sharafli unvonga sazovor boʻldi va milliy sportimiz tarixida oʻchmas iz qoldirdi, Oʻzbekiston iftixoriga aylandi.
Mohir sportchimiz 1976 yilda yozgi Monreal Olimpiadasida ham jonbozlik koʻrsatib, gʻoyat qiyin bellashuvlarda kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Rufat Risqiyev sobiq Ittifoq miqyosida 4 karra chempion boʻlib, xizmat koʻrsatgan sport ustasi darajasiga yetishdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi birinchi xalqaro professional boks hakami sifatida ham muvaffaqiyatli ish olib bordi.
Yorqin isteʼdod va mahorat egasi boʻlgan R.Risqiyev nafaqat respublikamiz, balki jahon boks jamoatchiligi oʻrtasida ham katta hurmat-eʼtibor topdi. U “Toshkent yoʻlbarsi” degan sharafli nom bilan sport muxlislari, butun xalqimizning qalbidan chuqur joy egalladi. Mashhur sportchi haqida kitoblar yozildi, badiiy film suratga olindi.
Ustoz sportchi oʻzbek boks maktabining shon-shuhratini oshirishga murabbiy va hakam sifatidagi samarali faoliyati bilan ham beqiyos hissa qoʻshdi. Uning sport olamidagi sharafli yoʻli yurtimizdagi yosh sportchilar uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda.
R.Risqiyevning mamlakatimiz sportini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak taqdirlandi. U “El-yurt hurmati” va “Doʻstlik” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
