Qashqadaryodagi binolarda oʻzbek tili va lotin yozuvida boʻlmagan peshtaxtalar oʻzgartiriladi
Viloyatdagi 16 ta shahar va tumanning 13 tasida hokimning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi faoliyat yuritmoqda. Mavjud 17 nafar maslahatchining 6 nafari boshqa mutaxassislik vakillari ekani koʻrsatib oʻtildi.

Qashqadaryoda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun ijrosi muhokama qilindi.
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdagi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni viloyatda qanday ijro etilayotgani muhokama qilindi. Bu haqda kengashning 14 avgustdagi qarorida aytiladi.
Yigʻilishda viloyat hokimining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Nuriddin Egamovning hisoboti tinglandi. Qayd etilishicha, ayni paytda viloyatdagi 16 ta shahar va tumanning 13 tasida hokimning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi faoliyat yuritmoqda. Mavjud 17 nafar maslahatchining 6 nafari boshqa mutaxassislik vakillari ekani koʻrsatib oʻtildi.
Viloyatda geografik obʼektlar nomlarini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish, tarixiy nomlarni tiklash va joy nomlarini davlat reyestriga kiritish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, hududdagi 828 ta mahalla nomi qayta koʻrib chiqilib, talabga javob bermaydigan uchta mahalla nomini oʻzgartirish choralari koʻrilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida 500 dan ortiq oʻzgartirilishi lozim boʻlgan peshlavha, reklama va boshqa tashqi yozuv aniqlangan. Tushuntirish va targʻibot ishlari natijasida ularning 480 tasi oʻzgartirilgan yoki demontaj qilingan.
Muhokamada ayrim tashkilotlarda hujjatlar hamon kirill yozuvida yoki aralash alifboda yuritilayotgani tanqid qilindi. Shuningdek, xodimlarni davlat tilida ish yuritish boʻyicha oʻquv kurslariga jalb etish rejasi toʻliq bajarilmagani hamda 2026 yil iyul holatiga kurslar boʻyicha jami 769 million soʻmlik qarzdorlik yuzaga kelgani maʼlum qilindi.
Kengash qarori bilan viloyat hokimligiga davlat tiliga oid qonunchilik ijrosini tizimli oʻrganish, davlat tashkilotlarida ish yuritish holatini tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish vazifalari yuklatildi.
Tuman va shahar hokimliklariga hududlardagi tashqi reklama, peshlavha va axborot yozuvlarini xatlovdan oʻtkazish, oʻzbek tili hamda lotin alifbosi talablariga mos boʻlmagan yozuvlarni qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqish topshirildi.
Masʼul idoralar bir oy muddatda tashqi reklamalardagi yozuvlarni monitoringdan oʻtkazib, aniqlangan qonunbuzilishlar boʻyicha tegishli choralar koʻradi. Qaror ijrosi ustidan nazorat xalq deputatlari viloyat Kengashining Yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Ya. Yangiboyeva zimmasiga yuklatildi.
