Mashhur bokschi Rufat Risqiyev vafot etdi
U 1974 yilgi jahon chempionatida zafar quchgandi.

Oʻzbek va jahon boksining afsonalaridan biri, "Toshkent yoʻlbarsi" nomi bilan dong taratgan Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Oʻzbekiston boks federatsiyasi xabar berdi.
Rufat Asadovich Risqiyev 1949 yil 2 oktabr kuni Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon shahrida tavallud topgan.
1974 yilgi jahon chempionatida zafar quchib, dunyo birinchiligida gʻalaba qozongan ilk oʻzbek bokschisi boʻlib tarixda qoldi. Shuningdek, Rufat Risqiyev 1976 yilgi Olimpiya oʻyinlari finalchisi ham boʻlgan.
2016 yilning sentabr oyi oxirlarida Toshkent shahridagi 16-shifoxonada shifokorlar venalar trombozining ogʻirlashishi sababli Rufat Risqiyev oʻng oyogʻining tizzadan pastini kesib tashlash uchun jarrohlik amaliyotini oʻtkazgandi.
