Endi murojaatchi oʻz murojaatini oʻzi yopadi
Bu haqda Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan oʻtkazilgan media-turda maʼlum qilindi.

Toshkent viloyati Xalq qabulxonasiga media-tur uyushtirildi.
Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan Toshkent viloyati Xalq qabulxonasiga media-tur tashkil etildi.

Media-turda Prezidentning 2026 yil 1 apreldagi PF-51-sonli Farmoniga koʻra amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar, shuningdek, Toshkent viloyati Xalq qabulxonasida murojaat yoʻllash uchun kelgan fuqarolarga yaratilgan qulayliklar va murojaat qilishning zamonaviy usullari: sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan va huquqiy maslahat, maʼlumotlar beradigan gologramma, videomurojaat yuborish kabinalari, diagnostika va vaziyatlar markazlari haqida toʻliq maʼlumot berildi.

Bugungi kunda murojaatchilar bilan toʻliq muloqot qilinib, bu jarayonga murojaatchining oʻzi ham jalb etilmoqda.

Xususan, pm.gov.uz sayti orqali murojaat qoldirgan fuqaro shaxsiy kabinetida barcha jarayonni kuzatib turishi, hal etilish holatini oʻzi baholashi mumkin.
Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha tashkil etilgan shtablar negizida doimiy ishchi guruhlar – Diagnostika markazlari faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Davlat idora va tashkilotlaridan kamida boshliq oʻrinbosari darajasida sohaviy koordinatorlar tayinlanib, tegishli Xalq qabulxonasidagi doimiy ishchi guruhga biriktirildi.

Boʻndan tashqari, Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlar bilan ishlashda sustkashlik va koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻyayotgan tashkilot hamda idoralar masʼullariga koʻrilayotgan taʼsir choralari haqida ham maʼlumot berildi.
