Terroristik tashkilotga pul oʻtkazib, ularga qoʻshilmoqchi boʻlgan shaxs 10 yilga qamaldi
U Janubiy Koreyaning nufuzli universitetiga oʻqishga kirgan va tahsil olish davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali “jihod”, “hijrat” va “shahidlik”ni targʻib qiluvchi shaxslarning audio-video maʼruzalari bilan tanishgan.

Bugun dunyoning notinch hududlaridan panoh topgan terroristik tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni aldab, oʻz faoliyatlarini moliyalashtirish uchun mablagʻ yigʻishmoqda.
Afsuski, bunday aldovlar taʼsiriga tushib qolayotganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari ham bor.
Jumladan, 1995 yil Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan fuqaro 2017 yilda Janubiy Koreya Respublikasining nufuzli universitetiga oʻqishga kiradi.
Xorijda tahsil olish davrida u ijtimoiy tarmoqlar orqali “jihod”, “hijrat” va “shahidlik”ni targʻib qiluvchi shaxslarning audio-video maʼruzalari bilan tanishadi.
Suriyadagi qurolli toʻqnashuvlar aks etgan videolar taʼsirida uning ongi aqidaparastlik gʻoyalari bilan zaharlanadi.
Shu tariqa u “Instagram” va “Telegram” tarmoqlari orqali Suriya hududida faoliyat yuritayotgan “Tavhid va jihod katibasi” hamda “Gʻuroba katibasi” kabi terroristik tashkilotlarga aloqador kimsalar bilan muloqotga kirishib, ularga taalluqli materiallarni tarqata boshlaydi.
Universitetni tamomlaganidan keyin ham Janubiy Koreyada qolgan mazkur shaxs “Gʻuroba katibasi” terroristik tashkiloti media blogeri “Saad Muxtor”ning internet orqali amalga oshirgan aldovlariga ishonib, unga pul yuboradi. 2023 yilning dekabr oyida esa u Oʻzbekistonga qaytib keladi.
2024 yilning iyul oyida Suriyadagi jangarilar safiga qoʻshilish maqsadida Turkiyaga boradi, ammo rejasi amalga oshmay ortga qaytadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida mazkur shaxs qoʻlga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi.
Sud hukmi bilan u Jinoyat Kodeksining 244¹, 244², 155² va 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
