Bolaga otaning ismini familiya sifatida berish mumkin boʻladi
Oila kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra bolaga otaning ismi, ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga koʻra boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkinligi belgilandi.

Bolaga otaning ismini familiya sifatida berish mumkin boʻladi.
Qonun (OʻRQ–1164-son, 13.08.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Oila kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra bolaga otaning ismi, ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga koʻra boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkinligi belgilandi.
Ilgari Kodeksda otaning ismi familiya sifatida berilishi nazarda tutilmagan edi.
“Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, elektron arxiv hamda nodavlat arxivlarni tashkil etish tartibi belgilandi.
Elektron arxivlarning oʻziga xos talablari quyidagilardan iborat:
- elektron arxiv tizimining apparat-dasturiy taʼminoti mavjudligi;
- elektron arxiv fondlari va hujjatlarini yaratish uchun zarur vositalarning, shu jumladan raqamlashtirish qurilmalari va dasturlarining mavjudligi;
- elektron arxiv hujjatlarini qidirish, boshqarish va ularga ishlov berish imkoniyatining mavjudligi;
- elektron shakldagi arxiv hujjatining asl arxiv hujjati bilan bir xilligini taʼminlash;
- elektron arxiv tizimining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etish.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismiga kiritilgan arxiv hujjatlarini, shuningdek davlat mulki boʻlmagan boshqa arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshirish uchun nodavlat arxivlar tashkil etilishi mumkinligi koʻzda tutildi.
Shuningdek, Adliya vazirligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari aniq belgilandi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
