Navoiyda 340 mln soʻmga tilla sotmoqchi boʻlganlar ushlandi
Ulardan biri oʻz yashash xonadonida qumdan oltinni ajratib olishga moʻljallangan yashirin sex tashkil qilganligi ham aniqlandi.

340 mln soʻmlik oltin savdosi fosh etildi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda noqonuniy oltin savdosiga chek qoʻyildi.
Xususan, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs 212,9 gr quyma oltinni xaridorga 340 mln soʻmga sotishga kelishishadi.
Tillafurushlar mijozga 999 probali 26,3 gr oltinni bergan holda, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishlarini aytib, undan 20 ming AQSh dollari va 100 mln soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, ulardan biri oʻz yashash xonadonida qumdan oltinni ajratib olishga moʻljallangan yashirin sex tashkil qilganligi ham aniqlandi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
