Makka pakti: yangi xavfsizlik tizimining tugʻilishimi yoki urush davridagi ittifoqmi?
Eng muhim savol — pakt Eronga qarshi qaratilganmi? Rasman — yoʻq. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan kelishuv NATOning 5-moddasi mantigʻi bilan texnik jihatdan oʻxshash ekanini taʼkidlagan, biroq bir vaqtning oʻzida uning muayyan davlatga qarshi qaratilmaganini aytgan.

Avgust oyining 7 kuni Saudiya Arabistonidagi Makka shahrida xalqaro siyosat uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan muhim voqea yuz berdi. Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston qoʻshma mudofaa toʻgʻrisidagi kelishuvni imzoladi. Unga koʻra, uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum uchalasiga qilingan hujum sifatida baholanadi.
Hujjat Makka qoʻshma mudofaa kelishuvi deb ataldi. Uni imzolash marosimi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Saudiya Arabistoni Valiyahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokida oʻtkazildi.
Bir qarashda, bu voqea NATO shartnomasining 5-moddasiga oʻxshash Yaqin Sharqdagi mexanizm paydo boʻlganini anglatishi mumkin. Biroq bunday taqqoslash ham asosli, ham xavfli. Toʻgʻri, bir qarashda mohiyat oʻxshash: bir davlatga hujum barchaga qilingan hujum sifatida qaraladi. Ammo NATO ortida oʻnlab yillik institutsional qurilish, yagona qaror qabul qilish tartiblari, doimiy qoʻmondonlik tuzilmalari, oʻzaro moslashgan qurolli kuchlar va ulkan harbiy hamkorlik tizimi turibdi. Makka paktida esa hozircha bunday darajadagi mexanizmlar mavjud emas.
Shuning uchun asosiy savol yangi kelishuv «islomiy NATO» boʻladimi-yoʻqmi, degan masala emas. Savolni boshqacha qoʻyish lozim: yangi ittifoq Yaqin Sharq va Fors koʻrfazi davlatlari tashqi kafolatlarga kamroq bogʻliq boʻlgan yangi mintaqaviy xavfsizlik tizimining kurtagiga aylana oladimi? Javob esa, kelishuv matnidan koʻra, uning imzolanishidan keyin amalga oshiriladigan ishlarga bogʻliq boʻlishi mumkin.
Saudiya-Pokiston kelishuvidan - uch tomonlama ittifoqqacha
Makka pakti “osmondan tushib” qolgani yoʻq. Oʻtgan yil 17 sentabrda Saudiya Arabistoni va Pokiston Strategik oʻzaro mudofaa kelishuvini imzolagan edi. Unda ham bir davlatga nisbatan tajovuz ikkinchi davlatga qilingan tajovuz sifatida baholanishi belgilangan. Ikki mamlakatning rasmiy hujjatlarida kelishuvning maqsadi qoʻshma tiyib turish salohiyatini kuchaytirish ekani taʼkidlangan.
Bundan tashqari, ushbu kelishuv tez orada amaliy mazmun kasb etdi. 2026 yil aprel oyida Saudiya Arabistoni mamlakatga Pokiston harbiy xizmatchilari, jumladan Pokiston Havo kuchlari samolyotlari kelganini rasman maʼlum qildi. Saudiya Mudofaa vazirligi buni 2025 yilgi strategik kelishuvni amalga oshirish bilan bogʻladi.
Demak, yangi uch tomonlama hujjatni birinchi qadam deb hisoblash mumkin emas. Uni allaqachon mavjud boʻlgan Saudiya-Pokiston xavfsizlik tizimining kengaytirilishi, deb atash toʻgʻriroq boʻladi.
Turkiyaning bu yangi ittifoqqa qoʻshilishi esa vaziyatni sifat jihatidan oʻzgartiradi. Natijada ulkan moliyaviy resurslarga ega boʻlgan eng boy arab monarxiyalaridan biri – Saudiya Arabistoni hamda mintaqadagi yirik davlat va NATO aʼzosi boʻlgan Turkiya, shuningdek, yadroviy davlat va musulmon dunyosining eng yirik harbiy kuchlaridan biriga ega Pokiston davlati bir formatda birlashdi. Aynan resurslarning bunday uygʻunligi yangi birlashmaning asosiy strategik kapitali hisoblanadi.
Nega aynan hozir?
Kelishuv imzolangan vaqt ham alohida ahamiyatga ega. 2026 yil Fors koʻrfazi uchun nihoyatda yuqori darajadagi noaniqlik davri boʻldi. Mintaqa Eron atrofidagi toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy qarama-qarshilik, raketa va dron hujumlari, energetika infratuzilmasiga tahdidlar hamda dengiz qatnovi bilan bogʻliq muammolarni boshdan kechirdi.
Bunday vaziyatda Saudiya Arabistoni ayniqsa murakkab holatga tushib qoldi. Bir tomondan, Ar-Riyod keng koʻlamli mintaqaviy urushdan manfaatdor emas. Muhammad bin Salmonning iqtisodiy modeli investitsiyalar, turizm, infratuzilma, texnologiyalar va Vision 2030 dasturini amalga oshirishga asoslangan. Bu strategiya uchun barqarorlik zarur.
Ikkinchi tomondan, aynan Saudiya hududi va uning muhim infratuzilmasi bosim oʻtkazishning ehtimoliy obʼektlari boʻlib qolmoqda.
Saudiya Arabistonining harbiy xarajatlari bu borada juda muhim koʻrsatkichdir. Stokholm Xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti (Stockholm International Peace Research Institute – SIPRI) maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Saudiya Arabistonining harbiy xarajatlari 83,2 milliard dollarni tashkil etgan. Bu mamlakatni Yaqin Sharqdagi eng katta harbiy xarajat qiluvchi davlat va dunyoda sakkizinchi oʻrindagi davlatga aylantirgan. Xarajatlar bir yilda 1,4 foizga, 2016 yilga nisbatan esa 12 foizga oshgan. 2026 yil birinchi choragida esa Saudiya Arabistoni harbiy xarajatlarni taxminan 26 foizga oshirib, ularni 64,7 milliard saudiya riyoliga, yaʼni qariyb 17,2 milliard dollarga yetkazdi.
Demak, Ar-Riyod xavfsizlik muammosini faqat diplomatiya orqali hal qilishga urinmayapti. U bir vaqtning oʻzida harbiy xarajatlarni oshirmoqda, qurolli kuchlarni modernizatsiya qilmoqda va qoʻshimcha siyosiy kafolatlarni izlamoqda. Makka pakti ana shu kengroq strategiyaning bir qismi hisoblanadi.
Saudiya Arabistoni: kapital evaziga strategik mustaqillik
Yangi formatning asosiy tashabbuskorini izlash kerak boʻlsa, birinchi navbatda Ar-Riyodga qarash lozim. Chunki Saudiya Arabistonida mablagʻ bor. Ammo mamlakat xavfsizlik sohasida chet ellik yetkazib beruvchilar, xorijiy texnologiyalar va tashqi harbiy kafolatlarga cheksiz bogʻlanib qolishni istamaydi. Bu yerda Vision 2030 dasturi alohida ahamiyat kasb etadi.
Saudiya harbiy sanoati bosh boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda harbiy sanoatni mahalliylashtirish darajasi 2024 yil oxiriga kelib 24,89 foizga yetgan. Rasmiy maqsad esa 2030 yilga qadar harbiy texnika va xizmatlarga davlat xarajatlarining 50 foizdan ortigʻini mahalliylashtirishdan iborat.
Bu juda muhim koʻrsatkich. Chunki harbiy xarajatlarning yarmi ulkan bozorni anglatadi. Shu sababli Ar-Riyodga faqat tayyor samolyotlar, raketalar yoki bronetexnika kerak emas. Unga texnologiyalar - ishlab chiqarish - kadrlar tayyorlash - texnik xizmat - tadqiqotlar - mahalliy sanoat zanjiri kerak, nazarimizda.
Aynan shu nuqtada Turkiya Saudiya Arabistoni uchun juda qiziq hamkorga aylanadi. Turkiya mudofaa sanoati soʻnggi oʻn yil ichida mamlakat iqtisodiyotining eng dinamik tarmoqlaridan biriga aylandi. SIPRI maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Turkiyaning harbiy xarajatlari 30 milliard dollarga yetgan. Bu bir yilda 7,2 foizga, 2016 yilga nisbatan esa 94 foizga koʻpaygan. Oʻsishning muhim qismi milliy mudofaa sanoatiga investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan.
Eksport koʻrsatkichlari yanada taʼsirli. Turkiyaning mudofaa va aerokosmika eksporti 2025 yilda taxminan 10 milliard dollarga yetdi. 2021 yilda bu koʻrsatkich qariyb uch barobar kam edi. Turkiya mudofaa mahsulotlarini qariyb 40 davlatga yetkazib bermoqda. Ar-Riyodga aynan shunday hamkor kerak.
Turkiya: texnologiyalarni taʼsir vositasiga aylantirish
Anqara uchun Makka pakti xayriya yoki faqat islomiy birdamlik ifodasi emas. Bu, avvalo, geoiqtisodiy loyiha.
Turkiya Saudiya Arabistoni bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik tajribasiga ega. 2023 yilda Baykar kompaniyasi Saudiya bilan kelishuvlar tuzgan boʻlib, ular nafaqat uchuvchisiz parvoz apparatlari aviatsion tizimlarini yetkazib berish, balki texnologiyalar transferi va qoʻshma ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni ham nazarda tutgan. Shu sababli hozirgi kelishuv avvaldan mavjud jarayon uchun siyosiy asos yaratadi. Erdogʻan uchun bu yerda bir nechta imkoniyat paydo boʻladi.
Birinchidan, Turkiya mudofaa sanoati uchun bozor kengayadi.
Ikkinchidan, Saudiya Arabistoni qoʻshma ishlab chiqarishlar uchun kapital manbasiga aylanishi mumkin.
Uchinchidan, Turkiyaning Fors koʻrfazidagi siyosiy taʼsiri ortadi.
Toʻrtinchidan, Anqara oʻzini musulmon davlatlariga Amerika va Yevropa yetkazib beruvchilaridan muqobil variant taklif qila oladigan davlat sifatida namoyon qilishi mumkin.
Bu Erdogʻan tashqi siyosatining umumiy yoʻnalishiga ham mos keladi: Turkiya yirik davlatlarning periferik hamkori emas, balki mustaqil kuch markazi boʻlishi kerak.
Pokiston: eng kam baholanayotgan gʻolib
Bir qarashda Pokiston uchlikdagi kichik hamkordek koʻrinishi mumkin — u Saudiya Arabistonidan kambagʻal, texnologik jihatdan esa Turkiyadan orqada. Biroq strategik nuqtai nazardan uning oʻrni ancha qiziq.
Pokiston uchlikka qolgan ikki davlatda mavjud boʻlmagan resurslarni olib kiradi: yadroviy maqom, katta harbiy apparat, mintaqaviy mojarolarda katta tajriba va Saudiya Arabistoni bilan oʻnlab yillik harbiy-strategik munosabatlar. Shu bilan birga, Pokiston iqtisodiyoti Islomobodga Fors koʻrfazi boy davlatlari darajasidagi harbiy modernizatsiyani moliyalashtirish imkonini bermaydi.
SIPRI maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Pokistonning harbiy xarajatlari taxminan 11,9 milliard dollarni tashkil etgan va 11 foizga oshgan. SIPRI oʻsishning muhim qismini 2025 yil may oyida Hindiston bilan yuz bergan qurolli toʻqnashuvdan keyingi yangi xaridlar bilan bogʻlaydi. Shu sababli Islomobod uchun «saudiya mablagʻlari + turk texnologiyalari» kombinatsiyasi juda jozibador.
Ammo yana bir omil bor. Pokiston oʻzining xalqaro rolini oshirishga intilmoqda. 2026 yil iyun oyida aynan Islomobod AQSh va Eron oʻrtasida vositachilik qildi. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Vashington va Tehron oʻrtasidagi Islomobod anglashuv memorandumini imzoladi. Saudiya Arabistoni va Turkiya ham diplomatik saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatladi.
Shu tariqa Pokiston nafaqat Janubiy Osiyoning harbiy davlati, balki islom dunyosining diplomatik markazlaridan biri sifatida oʻzini namoyon qilishga harakat qilmoqda. Makka pakti bu rolni yanada mustahkamlaydi.
«Kapital - texnologiya - harbiy salohiyat» formulasi
Yangi kelishuvning eng muhim qismi, ehtimol, aynan shu yerda joylashgan. Uch davlatning imkoniyatlarini shartli ravishda quyidagicha ifodalash mumkin.
Saudiya Arabistoni yangi uchlikda asosiy moliyaviy va iqtisodiy resurslarni taqdim etadi. Uning asosiy ustunligi — katta kapital, keng bozor, ulkan energetika resurslari va mintaqadagi sezilarli siyosiy taʼsir.
Turkiya uch tomonlama hamkorlikka zamonaviy mudofaa texnologiyalari, rivojlangan sanoat bazasi va NATO doirasida toʻplangan harbiy-texnik tajribani olib kiradi. Ayniqsa, Turkiyaning uchuvchisiz aviatsiya, raketa tizimlari va boshqa mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Pokiston esa katta va tajribali qurolli kuchlar, boy harbiy tajriba hamda yadroviy tiyib turish salohiyati bilan ajralib turadi. Shu jihatdan u uchlikning harbiy-strategik komponentini kuchaytiradi.
Shu bois bu uchlik oddiy harbiy ittifoq emas. Potensial nuqtai nazardan bu mudofaa sanoati uchburchagidir. Shu sababli qoʻshma qurol-yarogʻ ishlab chiqarish masalasi kelishuvning rasmiy kollektiv mudofaa toʻgʻrisidagi qoidasidan ham muhimroq boʻlishi mumkin. Agar kelishuv qoʻshma korxonalar, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar almashinuvi, ayrim tizimlarni unifikatsiya qilish va uzoq muddatli buyurtmalarga olib kelsa, uning ahamiyati oddiy diplomatik deklaratsiyadan ancha yuqori boʻladi.
Yadroviy omilning oʻrni
Pokiston — yadroviy davlat. Uning yadroviy arsenali hajmi boʻyicha turli baholar mavjud. SIPRI va boshqa tadqiqot markazlari turlicha raqamlardan foydalanadi; ekspertlar adabiyotida soʻnggi yillarda koʻpincha taxminan 170 ta yadroviy kallaklar haqida soʻz boradi. Biroq Islomobod bu raqamni rasman tasdiqlamagan. Ammo bundan Saudiya Arabistonida avtomatik ravishda «yadroviy soyabon (qalqon)» paydo boʻladi, degan xulosa chiqarish mutlaqo notoʻgʻri.
Makka kelishuvi boʻyicha ochiq eʼlon qilingan materiallarda Saudiya Arabistoniga yadroviy qurol berish yoki Pokistonning yadroviy kafolatlarini avtomatik ravishda qirollikka tatbiq etish haqida hech qanday qoida yoʻq. Shuning uchun «islomiy yadroviy alyans» tuzildi, deyish hozircha erta. Biroq kollektiv mudofaa tizimida yadroviy davlatning ishtirok etishi uning strategik ahamiyatini oshiradi. Endi ehtimoliy raqib nafaqat Ar-Riyodning, balki Islomobodning ham siyosiy va harbiy reaksiyasini hisobga olishiga toʻgʻri keladi.
Eron: raqibmi yoki bilvosita katalizatormi?
Eng muhim savol — pakt Eronga qarshi qaratilganmi? Rasman — yoʻq.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan kelishuv NATOning 5-moddasi mantigʻi bilan texnik jihatdan oʻxshash ekanini taʼkidlagan, biroq bir vaqtning oʻzida uning muayyan davlatga qarshi qaratilmaganini aytgan.
Pokiston ham kelishuv mudofaa xususiyatiga ega ekanini va boshqa davlatlar uchun ochiqligini bildirgan.
Bundan tashqari, 10 avgust kuni Tehronning reaksiyasi kutilganidan ancha yumshoq boʻldi. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy Eron kelishuvdan xavotirlanishi uchun sabab koʻrmayotganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, mintaqada xavfsizlik sohasida mustaqil tizim yaratishga intilish, agar u inklyuziv boʻlsa, ijobiy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Bu juda muhim jihat. Bu - Tehron hozircha Makka paktini toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy blok deb hisoblamayotganini koʻrsatadi. Biroq geosiyosiy nuqtai nazardan Eron baribir uning paydo boʻlishiga taʼsir qilgan asosiy omillardan biridir. Aynan urushning kengayishi va Fors koʻrfazi infratuzilmasiga hujumlar xavfi Saudiya Arabistonini qoʻshimcha xavfsizlik kafolatlarini izlashga majbur qilmoqda. Qolavresa Yaqin Sharqni “loyqalatayotgan” shia jangarilari – “Hizbulloh”, xusiylar va boshqa buzgʻunchilar bevosita Eron tomonidan boshqariladi va moliyalashtiriladi.
Shuning uchun Makka pakti Eronga qarshi yaratilgan boʻlishi shart emas, ammo Eron omili boʻlmaganida uning aynan hozir paydo boʻlishi ehtimoldan ancha yiroq edi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
NATOning 5-moddasi bilan taqqoslash oʻrinlimi?
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hokon Fidanning bunday parallel oʻtkazishi uchun asos bor.
NATOning 5-moddasi haqiqatan ham bir ittifoqchiga qilingan qurolli hujum barcha ittifoqchilarga qilingan hujum sifatida qaralishini belgilaydi. Ammo NATOning oʻzi tushuntirganidek, bu barcha davlatlarni avtomatik ravishda urushga kirishga majbur qilmaydi. Har bir davlat zarur deb hisoblagan choralarni, jumladan, lekin majburiy ravishda emas, qurolli kuch ishlatishni mustaqil belgilaydi.
Lekin mashhur 5-modda ham «bir davlatga hujum qilindi, ertasiga hamma urush boshlaydi», degani emas.
Biroq NATOda uch davlat kelishuvida hozircha yoʻq boʻlgan mexanizmlar mavjud.
Doimiy harbiy-siyosiy tuzilma, integratsiyalashgan qoʻmondonlik, koʻp yillik qoʻshma rejalashtirish, standartlashtirish, muntazam qoʻshma harbiy mashgʻulotlar, razvedka maʼlumotlarini almashishning rivojlangan tizimi va barqaror kollektiv qaror qabul qilish mexanizmlari shular jumlasidandir. Shu sababli Makka paktini hozircha «islomiy NATO» deb atash notoʻgʻri boʻladi.
Asosiy muammo: qarorni kim va qanday qabul qiladi?
Faraz qilaylik, uch davlatdan biri qurolli hujumga uchradi. Shundan keyin nima boʻladi?
Kim maslahatlashuvlarni chaqirib, jarayonni boshlaydi? Qaror qanday koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi? Qaror qancha vaqtda qabul qilinishi kerak? Nima «qurolli hujum» deb hisoblanadi? Nodavlat qurolli guruhning hujumiga qanday javob beriladi? Agar hujumchi davlat proksi kuchlardan foydalansa, nima boʻladi? Agar bir davlat mojaroni mahalliy toʻqnashuv deb hisoblasa, ikkinchisi esa uni mavjudligiga tahdid deb baholasa-chi?
Bu savollarga hozircha ochiq eʼlon qilingan hujjatlarda toʻliq javob yoʻq.
Maʼlumki, vazirlar qoʻmitasi va Saudiya Arabistonida joylashadigan kotibiyat tashkil etilishi rejalashtirilgan. Kelishuvning aniq operativ mexanizmlari esa keyinchalik muhokama qilinishi kerak. Bu, ehtimol, uch tomonlama kelishuvni hozircha toʻliq harbiy ittifoq deb hisoblamaslikning asosiy dalilidir. Hozircha siyosiy majburiyat mavjud, ammo kollektiv mudofaaning toʻliq mexanizmi hali shakllanish bosqichida.
Kim koʻproq foyda oladi?
Ehtimoliy foydani qisqa, oʻrta va uzoq muddatli nuqtai nazardan ajratib koʻrish lozim.
Qisqa muddatdagi gʻolib — Saudiya Arabistoni, deyish mumkin. Ar-Riyod eng asosiy narsani — ehtimoliy raqib uchun siyosiy signalni oladi - qirollikka hujumni endi faqat ikki tomonlama mojaro sifatida koʻrib boʻlmaydi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni ikki yirik davlat bilan harbiy hamkorlik qilishning qoʻshimcha kanallariga ega boʻladi.
Oʻrta muddatdagi gʻolib — Turkiya. Rasmiy Anqara bozor, investitsiyalar, siyosiy taʼsir va oʻz mudofaa sanoati uchun uzoq muddatli buyurtmalar oladi. Turkiya allaqachon yirik qurol eksportchisiga aylangan. Saudiya bilan hamkorlik unga texnologik ustunlikni uzoq muddatli shartnomalar va siyosiy taʼsirga aylantirish imkonini beradi.
Uzoq muddatdagi ehtimoliy gʻolib — Pokiston boʻlishi mumkin. Islomobod uchun siyosiy maqom, saudiya kapitali va turk texnologiyalarining birlashuvi alohida qimmatga ega. Agar qoʻshma korxonalar, investitsiya dasturlari va yangi mudofaa loyihalari paydo boʻlsa, Pokiston faqat oʻz byudjeti hisobidan olish qiyin boʻlgan iqtisodiy manfaatlarga ega boʻladi.
Shu bois, paradoks shundaki, Saudiya Arabistoni loyihaning moliyaviy markazi, Turkiya texnologik markazi, Pokiston esa uning siyosiy qismidagi asosiy strategik benefitsiarga aylanishi mumkin.
Jiddiy xavotirlar
Birinchi xavf — ortiqcha kutishlar. Agar jamoatchilikka yangi kelishuv NATOning analogi sifatida taqdim etilsa-yu, keyinchalik amalda kollektiv javob berish mexanizmi mavjud emasligi ayon boʻlsa, paktga boʻlgan ishonch pasayishi mumkin.
Ikkinchi xavf — geografiya. Uch davlatning umumiy chegarasi yoʻq. Saudiya Arabistoni Fors koʻrfazida, Turkiya Yaqin Sharq, Yevropa va Qora dengiz oʻrtasida, Pokiston esa Janubiy Osiyoda joylashgan. Demak, ularning strategik manfaatlari bir-biri bilan kesishadi, ammo toʻliq bir xil emas.
Uchinchi xavf — Hindiston. Nyu-Dehli uchun Pokiston va Turkiya oʻrtasidagi harbiy-siyosiy hamkorlikning kuchayishi sezgir masala hisoblanadi. SIPRI maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Hindistonning harbiy xarajatlari 92,1 milliard dollar, Pokistonniki esa 11,9 milliard dollar boʻlgan. Hindiston 2025 yilda harbiy xarajatlarni 8,9 foizga oshirgan. Shuningdek, may oyidagi Pokiston bilan toʻqnashuv mudofaa rejalashtirishiga bevosita taʼsir koʻrsatgan.
Shu sababli Makka pakti nafaqat Yaqin Sharqda, balki Janubiy Osiyoda ham oqibatlarga ega boʻlishi mumkin.
Toʻrtinchi xavf — AQSh. Saudiya Arabistoni Amerika xavfsizlik tizimi va Amerika qurol-yarogʻlariga chuqur bogʻlangan. Turkiya NATO aʼzosi boʻlib qolmoqda. Shu sababli yangi format avtomatik ravishda Gʻarb tizimining oʻrnini bosa olmaydi.
Paradoksal jihati shundaki, aynan shu holat Vashington uchun ham foydali boʻlishi mumkin: agar mintaqadagi davlatlar oʻz xavfsizligi uchun koʻproq masʼuliyatni oʻz zimmasiga olsa, yukning bir qismi AQShdan mintaqaviy davlatlarga oʻtishi mumkin.
Prognoz: keyin nima boʻladi?
Eng ehtimolli uchta ssenariy mavjud.
Birinchi ssenariy — «yumshoq ittifoq». Uch davlat yagona armiya tuzmaydi va kelishuvni qattiq harbiy blokka aylantirmaydi. Buning oʻrniga doimiy siyosiy muvofiqlashtirish, mudofaa sanoatida hamkorlik va harbiy tajriba almashinuvi rivojlanadi. Eng ehtimolli ssenariy shu.
Ikkinchi ssenariy — «yangi mintaqaviy blok». Kelishuv asta-sekin kengayadi. Unga Misr va ehtimol boshqa davlatlar qoʻshiladi. Islom davlatlarining NATO va Amerika kafolatlarini almashtirmaydigan, ammo ularni toʻldiruvchi doimiy xavfsizlik tuzilmasi paydo boʻladi. Bu soʻnggi oʻn yilliklarda Yaqin Sharq xavfsizlik tizimidagi eng katta oʻzgarish boʻlishi mumkin. Ehtimoli pastroq, ammo geosiyosiy oqibatlari eng katta ssenariy ham aynan shu.
Uchinchi ssenariy — «Makka deklaratsiyasi». Mintaqadagi keskinlik pasayadi, Eron atrofidagi urush yakunlanadi, Saudiya Arabistonining Vashington bilan munosabatlari barqarorlashadi. Bunday sharoitda yangi ittifoqni zudlik bilan qurish zarurati kamayadi. Kelishuv siyosiy va yuridik jihatdan saqlanib qoladi, ammo toʻliq harbiy tashkilotga aylanmaydi. Bu ham real variant.
Xulosa
Makka paktini tayyor «Yaqin Sharq NATOsi» sifatida emas, balki potensial ravishda yangi xavfsizlik arxitekturasining birinchi institutsional gʻishti sifatida koʻrish kerak. Eng muhim jihat shundaki, yangi tizim AQSh, Eron, Isroil yoki Xitoyga qarshi qaratilgan boʻlishi shart emas. Uning chuqurroq maqsadi boshqacha boʻlishi mumkin: mintaqa davlatlariga birgina kuch markaziga bogʻliq boʻlib qolmasdan, bir nechta kuch markazlari oʻrtasida tanlov qilish imkoniyatini yaratish.
Shu maʼnoda Makka kelishuvi yangi blok tuzilgani haqidagi deklaratsiyadan koʻra, mintaqadagi davlatlarning oʻzlari mintaqaviy tartibni shakllantirish jarayonining subʼekti boʻlish niyati haqidagi deklaratsiyadir. Shuning uchun uning haqiqiy ahamiyati 7 avgust — imzolangan kuni emas, balki bir necha yildan keyin aniq boʻladi.
Agar jarayon ortidan mablagʻ, texnologiyalar, qoʻshma korxonalar, institutlar va kollektiv javob berishning haqiqiy mexanizmlari paydo boʻlsa, Makka pakti islom dunyosi tarixida yangi bosqichning boshlanishiga aylanishi mumkin.
Agar bu amalga oshmasa — u mintaqaviy beqarorlik davridagi eng taʼsirchan diplomatik ishoralardan biri boʻlib qoladi.
Ammo bugunning oʻzida bir narsa aniq: Fors koʻrfazi va uning atrofida yangi xavfsizlik mantigʻi shakllanmoqda. Unda mintaqaviy davlatlar tobora kamroq boshqalar strategiyasining obʼekti boʻlishni va tobora koʻproq uning subʼektiga aylanishni xohlamoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
