"Teskari muhandislik": Eron qoʻlga kiritgan dron qanday qilib texnologik sakrash omiliga aylandi?
Eronliklar qoʻlga kiritilgan harbiy texnikaga juda jiddiy munosabatda boʻladi. Ular qӯlga kiritilgan urush ӯljasi - trofey texnikalarni shunchaki toʻplab, muzeylar va harbiy paradlarda namoyish etish bilan cheklanmaydi, balki eng zamonaviy namunalarni chuqur oʻrganadi.

Eronning «Shahed» dronlari tarixi — bu shunchaki xorijiy texnologiyalarni kӯchirib olish tarixi emas. Sanksiyalar va zamonaviy qurol-yarogʻlarga kirish imkoniyati cheklangan sharoitda Tehron qoʻlga kiritilgan xorijiy texnikani muhandislik bilimlari manbaiga aylantirib, bosqichma-bosqich uchuvchisiz apparatlarni ishlab chiqish va ularni ommaviy ishlab chiqarishning oʻz tizimini yaratdi.
Xӯsh, teskari muhandislik, texnologiyalarni moslashtirish va sanoatni mahalliylashtirish Eronga texnologik cheklovlarni harbiy-sanoat taraqqiyoti omiliga aylantirishda qanday yordam berdi? Nega bugun «Shahed» dronlarining oʻzi boshqa davlatlar mutaxassislari tomonidan oʻrganilmoqda?
Urush ӯljalari gʻurur va darslik sifatida
Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining Aerokosmik kuchlari Eronning yangi havo mudofaa tizimi tomonidan yoʻq qilingan AQSh va Isroil samolyotlari hamda uchuvchisiz uchish apparatlarining videolavhalari va fotosuratlarini eʼlon qildi.
Kezi kelganda aytish joiz, eronliklar qoʻlga kiritilgan harbiy texnikaga juda jiddiy munosabatda boʻladi. Ular qӯlga kiritilgan urush ӯljasi - trofey texnikalarni shunchaki toʻplab, muzeylar va harbiy paradlarda namoyish etish bilan cheklanmaydi, balki eng zamonaviy namunalarni chuqur oʻrganadi. Keyinchalik ushbu tahlillar asosida oʻz qurol-yarogʻ va harbiy texnikasini ishlab chiqadi. Shu tariqa Tehron raqiblari bilan taqqoslaganda nisbatan kamtarroq harbiy byudjet va texnik imkoniyatlarni qisman qoplashga harakat qiladi.
Masalan, Eron uchuvchisiz uchish apparatlari sohasidagi rivojlanishda jiddiy sakrash 2010-yillarning boshlarida kuzatilgan. Oʻsha davrda Eron Islom Respublikasi havo mudofaa kuchlari bir nechta Amerika dronlarini urib tushirgan. Keyinchalik ushbu apparatlar eronlik mutaxassislar tomonidan batafsil oʻrganilgan.
Qoʻlga kiritilgan apparatdan uchuvchisiz aviatsiyaning milliy maktabigacha
«Shahed» oilasiga mansub uchuvchisiz apparatlarning zamonaviy urush maydonlarida paydo boʻlishi cheklangan ilgʻor texnologiyalarga ega davlat oʻzining texnologik izolyatsiyasi, sanksiyalar va zamonaviy qurollarning yetishmasligini qanday qilib mustaqil harbiy-sanoat taraqqiyoti uchun ragʻbatga aylantirishi mumkinligining eng yorqin misollaridan biri boʻldi.
Eron modelida bir vaqtning oʻzida bir nechta jarayon uygʻunlashgan: milliy konstruksiyalarni ishlab chiqish, xorijiy texnologiyalarni oʻzlashtirish, qoʻlga kiritilgan texnika namunasini tahlil qilish, sotuvda mavjud komponentlardan foydalanish va ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish. Natijada shunchaki alohida dronlar seriyasi emas, balki butun bir texnologik ekotizim shakllandi.
Shuning uchun Eronning "Shahed" dronlari tarixini faqat muayyan apparatlarning texnik xususiyatlari orqali koʻrib chiqish yetarli emas. Muhimi — Tehron qanday mexanizm orqali nisbatan cheklangan imkoniyatlardan chiqib, ommaviy ishlab chiqarish va eksport qilish mumkin boʻlgan uchuvchisiz tizimlarni yarata olganini tushunishdir.
Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi tomonidan eʼlon qilingan, unda Eron havo mudofaasining yangi tizimi tomonidan yoʻq qilingan amerikalik va isroillik samolyotlar hamda uchuvchisiz apparatlar tasvirlangani aytilgan videolar va fotosuratlar bu mavzuga yana bir bor eʼtibor qaratdi. Eron tomonining ushbu bayonotlari hali mustaqil ravishda tasdiqlanishi zarur. Biroq trofey texnikasini namoyish etish amaliyoti Tehron uchun yangi emas.
Tehron uchun yoʻq qilingan yoki qoʻlga kiritilgan xorijiy apparat shunchaki harbiy trofey boʻlib qolmasligi mumkin. U bir vaqtning oʻzida razvedka obʼekti, texnik maʼlumot manbai va raqib texnologiyalarini oʻrganish uchun oʻziga xos «laboratoriya» vazifasini bajarishi mumkin.
Biroq bu yerda teskari muhandislik va sanoat josusligi oʻrtasida prinsipial farq bor.
Teskari muhandislik nima degani?
Teskari muhandislik, yaʼni reverse engineering, keng maʼnoda mavjud mahsulot yoki qurilmani uning tuzilishi, ishlash tamoyillari, arxitekturasi, qoʻllanilgan muhandislik yechimlari va ishlab chiqarish yondashuvlarini tushunish maqsadida tadqiq etishni anglatadi.
Masalan, qӯlingizga biror qurilma tushib qoldi. Uning ishlashi, funksiyalari, sxemasi, qanday yaratilgani haqida sizda maʼlumot yӯq. Siz bu qurilmani ochib, ishlatib, sinab kӯrib, tajribalar ӯtkazib, u haqda maʼlumot tӯplaysiz. Yaʼni, muhandislikdagi odatiy sxema: gʻoya-chizma-tajribalar-prototip-sinovlar-tayyor qurilmani ommaviq ishlab chiqarishga joriy etish sxemasi teskari tarzda amalga oshiriladi.
Fuqarolik sanoatida bu texnologiyaviy tahlilning oddiy vositalaridan biri hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi raqobatchining mahsulotini oʻrganib, muayyan konstruksiya nima uchun aynan shunday ishlashini, qanday yechimlar ogʻirlik yoki xarajatlarni kamaytirishini, qanday materiallardan foydalanilganini va turli tizimlar oʻzaro qanday ishlashini tushunishi mumkin.
Harbiy soha esa maxfiylik darajasi bilan keskin farq qiladi. Agar davlat xorijiy harbiy namunaga ega boʻlsa, u avtomatik ravishda «tayyor qurolning chizmalari»ni qoʻlga kiritmaydi. Ammo mutaxassislar materiallar, konstruktiv yechimlar, elektron komponentlar, dasturiy-apparat arxitekturasi, jihozlarning joylashuvi va boshqa xususiyatlarni oʻrganishi mumkin.
Biroq bu yondashuvning imkoniyatlarini ortiqcha baholamaslik kerak. Samolyot yoki dron korpusini qoʻlga kiritish uni ishlab chiqarish texnologiyasiga ega boʻlish degani emas. Tayyor mahsulot bilan uni sanoat miqyosida qayta ishlab chiqara oladigan ishlab chiqarish bazasi oʻrtasida ulkan farq mavjud.
Shuning uchun bu jarayonni oddiy nusxa koʻchirish emas, balki boshqa birov yaratgan mahsulot orqali texnologik bilim olish sifatida baholash toʻgʻriroq boʻladi.
Trofey — darslik sifatida
Eron bir necha oʻn yillar davomida zamonaviy harbiy texnika xarid qilish imkoniyatlariga turli cheklovlar taʼsirida qolib kelmoqda. 1979 yilgi Islom inqilobidan keyin mamlakat Gʻarbning qurol-yarogʻ yetkazib beruvchi davlatlari bilan avvalgi hamkorlik imkoniyatlarining katta qismini yoʻqotdi. Keyingi sanksiyalar esa zamonaviy komponentlar va texnologiyalarga kirishni yanada murakkablashtirdi.
Bunday sharoitda texnologik mustaqillik konsepsiyasi alohida ahamiyat kasb etdi. Uning mantigʻi oddiy: agar eng zamonaviy tizimlarni muntazam ravishda xorijdan sotib olishning imkoni boʻlmasa, ularning hech boʻlmaganda yetarlicha samarali analoglarini mustaqil ravishda yaratishni oʻrganish kerak.
Bunda xorijiy texnika bilim manbaiga aylanadi. Ayniqsa, amerikalik razvedka droni RQ-170 Sentinel bilan bogʻliq voqea diqqatga sazovor.
2011 yil dekabr oyida Eron RQ-170 dronini oʻz hududida deyarli shikastlanmagan holda qoʻlga kiritganini maʼlum qildi. AQSh hujjatlari Eron tomonidan apparat qoʻlga kiritilgani haqidagi bayonot berilganini tasdiqlaydi, garchi uning yoʻqolishi holatlari va apparat qanchalik shikastlangani uzoq vaqt bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelgan. AQSh Kongressining Tadqiqot xizmati hisobotida RQ-170 Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan yaratilgan, AQSh Harbiy-havo kuchlariga tegishli kam koʻrinadigan razvedka uchuvchisiz apparati sifatida taʼriflangan.
Eron uchun bu nihoyatda qimmatli obʼekt edi. RQ-170 Tehron tasarrufida boʻlgan koʻplab dronlardan farqli ravishda butunlay boshqa texnologik sinfga mansub edi. Uning konstruksiyasi radiolokatsion koʻrinishni kamaytirishga moslashtirilgan, apparatning oʻzi esa razvedka vazifalari uchun moʻljallangan.
Eron hukumati RQ-170 qoʻlga kiritilganidan deyarli darhol uni siyosiy va texnologik namoyish vositasiga aylantirdi. Apparat davlat tadbirlarida koʻrsatildi. Keyinchalik Tehron Amerika dronini oʻrganish asosida oʻzining yangi tizimlarini yaratganini maʼlum qildi. Iroq va Afgʻonistondagi urushlardan keyin AQShning uchuvchisiz texnologiyalari haqidagi maʼlumotlar dunyoga keng tarqalgan boʻlsa-da, Eronning RQ-170 bilan bogʻliq holati alohida ahamiyatga ega edi.
Biroq bu yerda muhim savol tugʻiladi: Eron muhandislari original texnologiyalarni qay darajada takrorlay olgan?
RQ-170 va Shahed — bir xil narsa emas
Eng avvalo, ommaviy axborot vositalarida uchraydigan yana bir tasavvurni toʻgʻrilash zarur. "Shahed" dronlarini shunchaki Amerika RQ-170 dronining nusxasi deb hisoblash texnik va tarixiy jihatdan notoʻgʻri boʻladi.
Tadqiqotlar ancha murakkab manzarani koʻrsatadi. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) maʼlumotlariga koʻra, RQ-170 Eronda qoʻnganidan soʻng Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi mutaxassislari Amerika apparatidan ilhomlangan bir nechta konstruksiyalarni ishlab chiqqan. Ulardan eng mashhurlaridan biri Shahed-171 boʻlib, Eron uni RQ-170 asosida yaratilgan toʻliq hajmli konstruksiya sifatida taqdim etgan. Biroq ushbu dasturning haqiqiy holati va texnik imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hali ham cheklangan.
Boshqacha aytganda, RQ-170 taʼsiri Eronning dron dasturining muayyan tarmogʻida — xususan, «uchuvchi qanot» sxemasi va koʻrinuvchanlikni kamaytirish xususiyatiga ega konstruksiyalarda — ayniqsa yaqqol koʻrinadi.
Biroq Shahed oilasi bundan ancha kengroq. Masalan, Shahed-129 boshqa toifaga mansub koʻp maqsadli uchuvchisiz apparat hisoblanadi. RUSI maʼlumotlariga koʻra, Shahed-129 2010-yillarning oʻrtalarida Suriya va Iroqda sunniy musulmonlarni ommaviy qirib tashlash uchun qӯllanilgan.
Ukrainadagi urushda keng tanilgan, Rossiya tomoni "Geran" deya nomini ӯzgartirib ishlab chiqarayotgan va urushda ukrainlarni qirish uchun qӯllayotgan Shahed-136 esa yanada sodda va ommaviy ishlab chiqarishga moslashtirilgan apparatlar toifasiga kiradi. Demak, Eron dronlari tarixi bitta qoʻlga kiritilgan konstruksiyani koʻchirish tarixi emas. Bu — texnologik kompetensiyalarni bosqichma-bosqich jamgʻarish tarixidir.
Nega baʼzan sodda dron murakkab drondan muhimroq boʻladi?
Bir qarashda paradoks kuzatilishi mumkin: Amerika dronlarining ӯta qimmat yuqori texnologiyali namunalarini oʻrgangan Eron qanday qilib nisbatan sodda va arzon Shahed-136 dronlarini ommaviy ishlab chiqarishga muvaffaq bӯldi?
Aslida bu yerda hech qanday ziddiyat yoʻq. Zamonaviy harbiy sanoat tobora koʻproq bir muammoga - narx muammosiga duch kelmoqda. Murakkab dron ancha yuqori texnik koʻrsatkichlarga ega boʻlishi mumkin. Biroq uni ishlab chiqarish qimmat elektron komponentlar, yuqori aniqlikdagi detallar, rivojlangan sanoat infratuzilmasi va murakkab texnik xizmat koʻrsatish tizimini talab qiladi.
Ommaviy ishlab chiqariladigan apparat esa boshqa vazifani — raqibning havo mudofaasiga bosim oʻtkazish vazifasini bajarishi mumkin. Shuning uchun Shahed'ning samaradorligi faqat bitta apparatning texnik xususiyatlari bilan belgilanmaydi. Bu, avvalo, urush iqtisodiyoti masalasidir. Agar nisbatan arzon dronni yoʻq qilish uchun raqib ancha qimmat resurslarni sarflashga majbur boʻlsa, asimmetrik samara yuzaga keladi. Aynan shu tamoyil Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarda ayniqsa yaqqol namoyon boʻldi.
Shunday qilib, Eron texnologik falsafasining maqsadi eng yaxshi Amerika dronini aynan takrorlash emas edi. Vazifa boshqacha qoʻyilgan: yetarlicha samarali, arzon, ommaviy va qayta-qayta ishlab chiqarish mumkin boʻlgan tizim yaratish talab etilgan.
Sanksiyalar — turtki va ragʻbat sifatida
Eron tajribasi sanksiya siyosatidagi muhim bir paradoksni koʻrsatadi. Xorijiy texnologiyalarga kirishni cheklash mamlakat taraqqiyotini haqiqatan ham sekinlashtirishi mumkin. Biroq sanksiyalar oʻnlab yillar davom etsa, davlat importga qaramlikni kamaytirish uchun oʻz sanoatini qayta moslashtira boshlashi mumkin. Shu tariqa majburiy mahalliylashtirish effekti yuzaga keladi.
Eron xorijiy komponentlarga toʻliq bogʻliqlikdan xalos boʻlgan emas. Buni boʻrttirib koʻrsatish notoʻgʻri boʻladi. Biroq soʻnggi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Eron yillar davomida ayrim dron tizimlarining muhim qismlarini ichki ishlab chiqarish darajasini sezilarli oshirgan.
Zero, texnologik mustaqillik har doim ham importning mutlaqo yoʻqligini anglatmaydi. Baʼzan u muhim import mahsulotlarining oʻrnini bosish, mavjud komponentlarni tez moslashtirish va ayrim xorijiy qismlar hali ham sotib olinayotgan boʻlsa-da, butun tizimni mustaqil ravishda ishlab chiqarish qobiliyatini anglatadi.
Nega Shahed global hodisaga aylandi?
Garchi Eron AQSh va Isroilga kurash bahonasida Isroilni emas, faqat sunniy arab davlatlarini raketa va dronlar bilan vayron qilib, sunniy musulmonlarni ӯldirish va zarar keltirish bilan shugʻullanganida Shahed-136 dronlari yana tillarga tushgan bӯlsada, bu dron ancha avvalroq - asosan Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urushida ommaviy qoʻllanilganidan keyin dunyoga mashhur boʻldi.
Shu bilan birga, Eron texnologiyasi yangi bosqichga koʻtarildi. Bunga qadar dronlar koʻpincha havoda uzoq vaqt qolishi va razvedka maʼlumotlarini uzatishi mumkin boʻlgan yuqori texnologik razvedka tizimlari sifatida qabul qilingan. Shahed esa boshqa konsepsiyani namoyish qildi: uchuvchisiz apparat nisbatan sodda, ommaviy va bir martalik qoʻllashga moʻljallangan boʻlishi mumkin. Bu dronlar urushi haqidagi tasavvurni oʻzgartirdi.
Endi gap faqat muayyan apparat qanchalik mukammal ekani haqida emas. Boshqa savollar paydo boʻldi:
-qancha apparat ishlab chiqarish mumkin?
-yoʻqotishlarni qanchalik tez toʻldirish mumkin?
-raqib ularga qarshi kurashish uchun qancha resurs sarflashi kerak?
-ishlab chiqarishni turli davlatlarda yoʻlga qoʻyish mumkinmi?
-import qilinadigan komponentlarning katta qismini almashtirish mumkinmi?
Aynan shu savollar dronlar urushi alohida muhandislar musobaqasidan sanoat tizimlari musobaqasiga aylanayotganini koʻrsatadi.
Endi Eron dronlarini ham oʻrganishmoqda
Kӯrinib turibdiki, endi urushlar tank va tӯplar bilan emas, dronlar vositasida samaliroq kechmoqda. Shu reallik fonida Ukraina ham dronlar vositasida Rossiyaning ichki hududlariga ham muvaffaqiyatli zarbalar beryapti. Eng muhimi, Ukraina ham yuqori texnologik ishlanmalarni takomillashtirib, yiliga 20 millionta samarali, uzoqqa ucha oladigan, havodan mudofaa hamda va elektron kurash tizimlariga chap bera ooadigan dronlarni ishlab chiqara olish darajasiga yetdi.
Albatta dronlarni ӯrganish va ularni takomillashtirish ishlari davom etyapti. Zamonaviy vaziyatning paradoksi shundaki, bir vaqtlar Eron Amerika va boshqa xorijiy davlatlarning dronlarini oʻrgangan boʻlsa, bugun AQSh, Yevropa va Osiyo mutaxassislari Eron apparatlarini diqqat bilan tahlil qilmoqda. Har bir qoʻlga kiritilgan yoki urib tushirilgan Shahed texnik razvedka nuqtai nazaridan qiziqish uygʻotadi.
Uning komponentlarini tahlil qilish taʼminot zanjirlarini tushunish, ayrim elementlarning kelib chiqishini aniqlash, ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasini baholash va butun tizimning zaif nuqtalarini aniqlash imkonini beradi.
Lekin shuni ham aytib ӯtish kerakki, 2026 yilda CSIS tomonidan oʻtkazilgan tahlilga koʻra, Eron sanoati mahalliylashtirish borasida sezilarli ilgarilagan boʻlsa-da, ayrim materiallar va komponentlar boʻyicha xalqaro taʼminot zanjirlariga hanuz bogʻliq.
Asosiy xulosa
Shahed dronlari tarixi XXI asrda texnologik ustunlik faqat eng mukammal mashinalarga ega boʻlish bilan belgilanmasligini koʻrsatadi. Bundan kam boʻlmagan darajada muhim jihat — davlatning ӯz raqibidan tezroq oʻrganish qobiliyatidir.
Eron AQSh bilan taqqoslanadigan harbiy-sanoat bazasi va byudjetga ega emas. Biroq u muhandislik moslashuvi, ommaviy ishlab chiqarish, tijorat elektronikasidan foydalanish, jangovar tajribani jamgʻarish va xorijiy texnologiyalarni tahlil qilishni birlashtirgan modelni yaratdi.
Oxir-oqibat, zamonaviy harbiy-texnologik poyga tobora kamroq darajada alohida qurol namunasi musobaqasiga, tobora koʻproq bilim olish tezligi borasidagimusobaqaga aylanib bormoqda. Kim raqibining yechimlarini tezroq oʻrgansa, oʻz texnologiyalarini tezroq moslashtirsa va bilimni seriyali ishlab chiqarishga tezroq aylantirsa, oʻsha ustunlikka ega boʻladi. Eronning dronlar tarixi — bu yangi qoidaning eng yaqqol misollaridan biri, desak mubolagʻa bӯlmaydi.
Abulfayz Sayidasqarov
