Taqiqda boʻlgan uy-joyda roʻyxatdan oʻtish osonlashtiriladi
Bunda vakolatli organlar (bank, sud, MIB)ning roziligi talab etilmaydi. Bu tartib uy-joy mulkdori va uning oila aʼzolarining oʻz uyida qonuniy roʻyxatdan oʻtishiga imkoniyat yaratadi.

Qonunchilik palatasi majlisida fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan koʻplab fuqarolar oʻz uyida roʻyxatdan oʻtishda qiyinchilikka duch kelmoqda.
Bu esa ularga farzandlarini maktab yoki bogʻchaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda muammo tugʻdiryapti.
Qonun loyihasiga koʻra, endilikda uy-joyga taqiq qoʻyilgan boʻlsa ham, mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini uy-joyga taqiq yoki xatlov qoʻyilgan turar-joyda roʻyxatdan oʻtkazishda garovga olish, taqiq qoʻyish yoki bekor qilishga vakolatli organlar (bank, sud, MIB)ning roziligi talab etilmaydi. Bu tartib, avvalo, uy-joy mulkdori va uning oila aʼzolarining oʻz uyida qonuniy roʻyxatdan oʻtishiga imkoniyat yaratadi.
Ayni vaqtda garovga oluvchi va davlat organlarining qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida roʻyxatdan oʻtkazilayotgan shaxsning oldindan yozma roziligi instituti joriy etilmoqda. Ushbu mexanizmga koʻra, garovga oluvchi yoki taqiq (xatlov) qoʻygan vakolatli organning murojaatiga asosan uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi bekor qilinishi mumkin boʻladi. Mazkur huquqiy yechim bir tomondan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini, ikkinchi tomondan kreditorlarning huquq va qonuniy manfaatlari ham yetarli darajada himoya qilinishini taʼminlaydi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
