platina.uz
Jamiyat

Denov tumanida fuqaroning uy-joyi buzilishi yuzasidan Oliy sud rasmiy bayonot berdi

Sugʻoriladigan yer davlat mulki boʻlib, shaxsiy mulk boʻla olmaydi. Bu tegishli qonun va kodekslarda belgilab qoʻyilgan. 

Denov tumanida fuqaroning uy-joyi buzilishi yuzasidan Oliy sud rasmiy bayonot berdi

Denov tumanida fuqaroning uy-joyi buzilishi yuzasidan Oliy sud rasmiy bayonot berdi.

Aniqlanishicha, fuqarolar Abdusalom Ahmadov va Nasiba Chariyeva Denov tumani Chuqurqishloq mahallasida joylashgan “Rahmon taraqqiyot omad” chorvachilik-bogʻdorchilik korxonasiga tegishli sugʻoriladigan ekin yer maydonidan oʻzboshimchalik bilan uy-joy va yordamchi binolarni qurgan.

Sud qarori bilan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonida qurilgan uy-joy va yordamchi binolarni majburiy tartibda buzdirish va yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan.

Chunki sugʻoriladigan yer davlat mulki boʻlib, shaxsiy mulk boʻla olmaydi. Xususan, Yer kodeksiga va tegishli qonunchilikka, jumladan, 2024 yil 5 avgustdagi “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari fuqarolarning xususiy mulkiga oʻtkazilishi mumkin emas, deyiladi Oliy sud bayonotida.

"Sugʻoriladigan yer mamlakat oziq-ovqat xavfsizligining asosidir. Qishloq xoʻjaligi yeri yoʻqolishi demak, kelajakda xalqimizni oziq-ovqat bilan taʼminlash manbaini yoʻqolishi degani. Shu bois qonun bunda yerni faqat bugungi ehtiyoj uchun emas, kelajak avlodlar manfaatini ham koʻzlab qattiq himoya qiladi. Sud buni ham asos sifatida koʻrsatgan", deya taʼkidlanadi bayonotda.

Javobgarlar bu yerni noqonuniy egallab qurish jarayonida masʼul organlar: kadastr, mahalla, yer tuzish xizmati tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilgan. Yaʼni, bu toʻsatdan hech kimga maʼlum boʻlmagan holda sodir boʻlgan voqea emas. Odamlar bilib turib, ogohlantirishga qaramay qurilishni davom ettirishgan.

Sud birdaniga buzdirish degan qarorga kelmagan. Avvalo huquqbuzarlikni bartaraf etishning boshqa yoʻllari qoʻllaniladi. Faqat boshqa barcha yoʻllar natija bermaganda, yer toifasi mutlaqo oʻzgartirib boʻlmaydigan sugʻoriladigan yer ekanligi isbotlanganda, sud oxirgi chora sifatida buzib tashlash kabi qatʼiy choraga murojaat qiladi.

Bundan tashqari, bu yer rasman" Rahmon taraqqiyot omad" korxonasiga tegishli boʻlgan. Javobgarlar yerni egallab olishi bilan faqat davlat manfaatini emas, balki shu yerdan qonuniy foydalanish huquqiga ega boʻlgan korxonaning ham huquqini poymol qilishgan. Shuningdek, Nasiba Chariyeva sugʻoriladigan yer uchastkasini noqonuniy egallab olganligi uchun jinoyat javobgarlikka tortilgan.

Sudning qarori kuchga kirgan boʻlsa-da, 2026 yil 13 martda taftish instansiyasi insonparvarlik nuqtai nazaridan sud qarori ijrosini toʻxtatib bergan. Arizachiga qonun buzilishi oqibatini ixtiyoriy bartaraf qilish uchun davlat tomonidan salkam ikki yilga yaqin imkoniyat berilgan.

Taʼkidlash kerakki, sugʻoriladigan yer maydonlarini noqonuniy egallab binolar qurishning huquqiy oqibatlari mavjud. Chunki bunday yer maydonlari qonun tomonidan alohida muhofaza qilinadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid