platina.uz
Maqola

Xirosima va Nagasaki: insoniyat unutishga haqqi boʻlmagan saboq

Tarixchilar atom bombalarining qoʻllanilishi harbiy jihatdan zarur boʻlganmi yoki boshqa yoʻllar mavjud edimi, degan masalada turlicha fikr bildirib kelmoqda. Biroq bir haqiqatni hech kim inkor eta olmaydi: Xirosima va Nagasaki insoniyatga yadro qurolining haqiqiy halokatli kuchini koʻrsatdi va urush haqidagi tasavvurlarni butunlay oʻzgartirib yubordi.

Xirosima va Nagasaki: insoniyat unutishga haqqi boʻlmagan saboq

6 avgust — Xirosima. 9 avgust — Nagasaki. Bu sanalar insoniyat tarixiga XX asrning eng katta gumanitar fojialaridan biri sifatida muhrlangan. 2026 yil avgust oyida dunyo Yaponiyaning ushbu shaharlariga atom bombasi tashlanganiga 81 yil toʻlganini xotirlaydi. Yuz minglab insonlarning halok boʻlishi, minglab oilalar taqdirining barbod boʻlishi, radiatsiya oqibatlaridan aziyat chekkan avlodlar — bularning barchasi yadro davri boshlanishining dahshatli narxi boʻldi.

1945 yil avgusti: yadro davrining boshlanishi

1945 yil yozida Ikkinchi jahon urushi oʻz nihoyasiga yaqinlashayotgan edi. Germaniya taslim boʻlgan, ammo Yaponiya hali ham ittifoqchi kuchlarga qarshilik koʻrsatishda davom etardi.

1945 yil 6 avgust kuni AQShning B-29 Enola Gay strategik bombardimonchi samolyoti Xirosima shahri ustiga Little Boy («Kichkintoy») deb nomlangan atom bombasini tashladi. Ushbu bomba uran-235 asosida yaratilgan edi.

Bir necha soniya ichida shahar markazining katta qismi vayron boʻldi. Bir necha ming daraja harorat, kuchli zarba toʻlqini va yongʻinlar oʻn minglab insonlarni bir zumda hayotdan mahrum qildi. Turli tarixiy manbalarga koʻra, 1945 yil oxiriga kelib portlash, ogʻir kuyishlar va radiatsiya taʼsiri oqibatida Xirosimada taxminan 140 ming kishi halok boʻlgan.

Oradan uch kun oʻtib, 9 avgust 1945 yilda, AQShning B-29 Bockscar samolyoti ikkinchi atom bombasi — Fat Man («Baqaloq»)ni Nagasaki shahriga tashladi. Dastlab nishon sifatida Kokura shahri belgilangan edi, ammo ob-havoning noqulayligi sababli samolyot yoʻnalishi oʻzgartirildi. Nagasakining togʻli hududda joylashgani portlash kuchining bir qismini yumshatgan boʻlsa-da, fojia koʻlami mislsiz edi. 1945 yil oxirigacha bu yerda taxminan 70 ming inson halok boʻldi. 1945 yil 15 avgust kuni Yaponiya imperatori Xiroxito mamlakat taslim boʻlishini eʼlon qildi. 2 sentabr kuni esa Yaponiyaning rasmiy taslim boʻlish hujjati imzolanib, Ikkinchi jahon urushiga rasman yakun yasaldi.

Bugunga qadar tarixchilar atom bombalarining qoʻllanilishi harbiy jihatdan zarur boʻlganmi yoki boshqa yoʻllar mavjud edimi, degan masalada turlicha fikr bildirib kelmoqda. Biroq bir haqiqatni hech kim inkor eta olmaydi: Xirosima va Nagasaki insoniyatga yadro qurolining haqiqiy halokatli kuchini koʻrsatdi va urush haqidagi tasavvurlarni butunlay oʻzgartirib yubordi.

Insoniyat uchun ogʻriqli saboq

Xirosima va Nagasaki shunchaki vayron qilingan ikki shahar emas. Ular yangi davr — yadroviy qarama-qarshilik davrining ramziga aylandi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan soʻng dunyo tez orada ikki yirik siyosiy-harbiy lagerga boʻlindi. Sovuq urush boshlandi va u misli koʻrilmagan qurollanish poygasiga sabab boʻldi.

AQSh, Sovet Ittifoqi va keyinchalik boshqa davlatlar ham oʻz yadroviy arsenallarini yarata boshladi. Shu davrda «oʻzaro kafolatlangan yoʻq qilish» tamoyili shakllandi. Unga koʻra, yadroviy quroldan foydalanish har qanday tomon uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin edi.

Aynan Xirosima va Nagasaki xotirasi xalqaro hamjamiyatni qurollarni nazorat qilish, yadroviy qurollarni tarqatmaslik va strategik xavfsizlik sohasida diplomatik mexanizmlarni yaratishga undadi.

Dunyo yana xavfli chegara oldida

Nazariy jihatdan, Xirosima va Nagasaki fojiasi insoniyatni yadroviy ommaviy qirol qurollaridan butunlay voz kechishga ishontirishi kerak edi. Ammo bugungi xalqaro vaziyat shuni koʻrsatmoqdaki, oʻtmish saboqlari hali ham toʻliq anglab yetilmagan. Dunyo yana harbiy keskinlikning kuchayishi, yangi qurollanish poygasi, yadroviy arsenallarni modernizatsiya qilish va xavfli siyosiy bayonotlar davriga kirib bormoqda.

2026 yilda xalqaro munosabatlarda qurollanish poygasi yanada kuchaydi. Yirik davlatlar harbiy xarajatlarini oshirmoqda, strategik qurollarni modernizatsiya qilmoqda, yangi avlod raketalarini ishlab chiqmoqda va yadroviy salohiyatini takomillashtirmoqda.

Sovuq urush tugaganidan keyin dunyoda yadroviy qurollarni qisqartirish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish va xalqaro nazorat mexanizmlarini rivojlantirish haqida koʻp gapirildi. Ammo bugungi geosiyosiy vaziyat aksincha, ishonchsizlik va qarama-qarshilikning ortib borayotganini koʻrsatmoqda.

Eng katta xavflardan biri — yadro quroli mavzusining siyosiy bosim vositasi sifatida qoʻllanilayotganidir. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urushi boshlanganidan soʻng Rossiya rahbariyati tomonidan bir necha bor yadroviy salohiyat bilan bogʻliq bayonotlar berildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa rasmiy shaxslarning mamlakat yadroviy imkoniyatlari haqidagi chiqishlari xalqaro hamjamiyatda jiddiy xavotir uygʻotdi.

Koʻplab davlatlar va xalqaro ekspertlar taʼkidlaganidek, yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqidagi har qanday bayonot xalqaro taranglikni kuchaytirishi, xavfli hisob-kitob xatolariga olib kelishi va yadroviy quroldan foydalanish masalasini «oddiy siyosiy vosita» sifatida qabul qilish xavfini oshirishi mumkin. Yadroviy qurol — oddiy harbiy vosita emas. Uning qoʻllanilishi butun insoniyat uchun qaytarib boʻlmaydigan oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Koreya yarim orolidagi xavfli vaziyat

Yana bir jiddiy xavotir manbai — Koreya yarim orolidagi vaziyatdir.

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) oʻzining yadroviy dasturini rivojlantirishda davom etmoqda, ballistik raketalar sinovlarini oʻtkazmoqda va harbiy salohiyatini oshirishga intilayotganini namoyish qilmoqda.

KXDR atrofidagi vaziyat bugun faqat mintaqaviy muammo emas. Yadroviy qurolga ega har qanday davlat tomonidan qabul qilinishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri qaror, raqibning harakatlarini notoʻgʻri baholash yoki siyosiy keskinlikning nazoratdan chiqishi butun dunyo uchun ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Tarix shuni koʻrsatadiki, yirik urushlar doimo oldindan rejalashtirilgan qarorlar natijasida boshlanmaydi. Baʼzan ularga notoʻgʻri hisob-kitob, shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qaror yoki vaziyatni notoʻgʻri tushunish sabab boʻlishi mumkin.

Bugungi kunda dunyoda mavjud boʻlgan minglab yadroviy jangovar kallaklar sharoitida bunday xatoning bahosi butun insoniyat taqdiri bilan oʻlchanadi.

Zamonaviy yadro quroli — mislsiz xavf

Yana bir muhim jihatni unutmaslik kerak: bugungi yadroviy qurollar 1945 yilda Xirosima va Nagasakida qoʻllangan bombalardan ancha kuchli. Oʻsha paytda ikki shahar vayron boʻlgan boʻlsa, hozirgi zamonaviy yadroviy qurollarning hatto cheklangan miqdorda qoʻllanilishi ham millionlab insonlarning halok boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Bunday fojia katta hududlarni radioaktiv zararlantirishi, shaharlar va muhim infratuzilmalarni vayron qilishi, ulkan gumanitar inqiroz keltirib chiqarishi, jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi, ekologik muvozanatga uzoq muddatli taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Ayrim mutaxassislar keng koʻlamli yadroviy mojaro atmosferaga katta miqdorda tutun va zararli moddalar chiqarib, global iqlimga taʼsir qilishi mumkinligini ham taʼkidlaydilar. Shu sababdan yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqidagi har qanday bayonot, qaysi davlat tomonidan bildirilishidan qatʼi nazar, eng yuqori masʼuliyat bilan baholanishi kerak. Yadroviy davlatlar rahbarlarining asosiy vazifasi nafaqat oʻz milliy manfaatlarini himoya qilish, balki butun insoniyat oldidagi tarixiy masʼuliyatini anglashdan iborat.

Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo — yadrosiz hudud sifatidagi tarixiy tanlov

Bugungi beqaror dunyo sharoitida Markaziy Osiyo davlatlarining tajribasi alohida ahamiyat kasb etadi. Xirosima va Nagasaki fojiasi yadro qurolining qanday halokatlarga olib kelishi mumkinligini koʻrsatgan boʻlsa, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining tajribasi tinchlik va xavfsizlik yoʻli ham mavjudligini namoyon etdi.

1990-yillar boshida mintaqa davlatlari mustaqillikka erishganidan soʻng muhim tarixiy tanlov oldida turdi. Sobiq Sovet Ittifoqidan qolgan harbiy obʼektlar, yadroviy infratuzilma va sinov maydonlari mavjud edi. Biroq Markaziy Osiyo davlatlari qurollanish yoʻlini emas, balki tinchlik va barqarorlik yoʻlini tanladi.

Oʻzbekiston mustaqillikning ilk yillaridanoq yadroviy qurollarni tarqatmaslik siyosatini qoʻllab-quvvatladi va mintaqani yadro qurolidan xoli hududga aylantirish tashabbuslarida faol ishtirok etdi. 1991 yilda Oʻzbekiston hududidagi yadroviy sinovlarga aloqador obʼektlar faoliyati toʻxtatildi. Bu qaror nafaqat tashqi siyosat yoʻnalishi, balki milliy xavfsizlik va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyatning ifodasi boʻldi.

Ushbu saʼy-harakatlarning mantiqiy natijasi sifatida 2006 yilda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud toʻgʻrisidagi shartnoma — Semipalatinsk shartnomasi imzolandi. Mazkur xalqaro kelishuv mintaqa davlatlarini yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik, uni joylashtirmaslik, sinovdan oʻtkazmaslik, yadroviy qurol tarqalishining oldini olish majburiyatlari bilan bogʻladi.

Tiyib turish vositasidan — global tahdidgacha

Xirosima va Nagasaki sabogʻi Markaziy Osiyo davlatlari tanlagan yoʻlning naqadar muhim va toʻgʻri ekanini yana bir bor koʻrsatadi: insoniyatning kelajagi halokatli qurollarni koʻpaytirishda emas, balki ularni cheklash, nazorat qilish va oxir-oqibat yadroviy quroldan xoli dunyo barpo etishga intilishdadir.

Yadroviy qurol tarafdorlari koʻpincha uni «tiyib turish vositasi» sifatida baholaydilar. Ularning fikricha, yirik davlatlarning yadroviy salohiyatga ega boʻlishi oʻzaro qoʻrquv orqali katta urushlarning oldini oladi. Biroq bu yondashuvning oʻzi katta xavflarni ham oʻz ichiga oladi. Chunki xavfsizlikni doimiy ravishda qoʻrquv va oʻzaro tahdid asosida qurish barqaror tinchlikni taʼminlay olmaydi.

Tarix shuni koʻrsatadiki, hatto eng kuchli davlatlar ham baʼzan notoʻgʻri qaror qabul qilishi, vaziyatni xato baholashi yoki siyosiy hisob-kitoblarda adashishi mumkin.

Sovuq urush davrida dunyo bir necha marta yadroviy toʻqnashuv xavfiga juda yaqin kelgan. Ayrim holatlarda faqat insonlarning ehtiyotkorligi, mulohazali qarorlari va oxirgi daqiqadagi diplomatik harakatlar katta fojianing oldini olgan.

Bugun esa vaziyat yana murakkablashmoqda. Yangi texnologiyalar, tezkor raketa tizimlari, kiberxavflar va avtomatlashtirilgan qaror qabul qilish mexanizmlari yadroviy xavflarni yanada oshirishi mumkin. Shuning uchun yadroviy qurol masalasida eng muhim tamoyil — masʼuliyat va ehtiyotkorlikdir.

Xulosa

Bugun insoniyat yana tanlov oldida turibdi:

Birinchi yoʻl — qarama-qarshilik, qurollanish poygasi, oʻzaro tahdidlar va ishonchsizlik yoʻli.

Ikkinchi yoʻl — muloqot, diplomatiya, xalqaro huquq va oʻzaro hurmat asosidagi tinchlik yoʻli.

Xirosima va Nagasaki qurbonlarining xotirasi barcha davlatlarga qarata aytilgan jiddiy ogohlantirishdir. Yadroviy urushning bahosi har qanday siyosiy manfaat, hududiy daʼvo yoki geosiyosiy raqobatdan beqiyos darajada yuqoridir. Insoniyat 1945 yilda yadroviy qurol qanday dahshat keltirishi mumkinligini koʻrdi. Agar oʻsha saboq unutilsa, kelajakdagi oqibatlar yanada ogʻir boʻlishi mumkin.

Xirosima va Nagasaki xotirasi insoniyatga doimo bir haqiqatni eslatib turishi lozim: yadroviy urushda gʻolib boʻlmaydi. Bunday urushda har qanday natija — umumiy fojia boʻladi. Uning oldini olish — barcha davlatlar va barcha xalqlarning umumiy vazifasidir.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid