Tataristonga dron hujumi sabab 7 oʻzbekistonlik halok boʻldi
Vafot etgan fuqarolarning jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan soʻng Vatanga qaytarish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshiriladi.

Ukraina dronlarining Tataristonga hujumi sabab 7 oʻzbekistonlik halok boʻldi.
Bu haqda Oʻzbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Joriy yilning 10 avgust kuni Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahrida joylashgan qator obʼektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali hujum sodir etilgan.
Tatariston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari maʼlumotiga koʻra, hodisa oqibatida 13 kishi halok boʻlgan, 39 kishi turli darajada jarohat olgan.
Mazkur mudhish voqea oqibatida, afsuski, Oʻzbekistonning 7 nafar fuqarosi (A.D.K., U.S.A., B.O.M., A.R.E., X.D.R., X.F.F. va I.D.F.) halok boʻlgan.
Hozirda mazkur holat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan.
Hodisaga aniqlik kiritish maqsadida mahalliy masʼul vakolatli idoralar va tergov organlari bilan zarur aloqalar oʻrnatilgan.
Vafot etgan fuqarolarning jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan soʻng Vatanga qaytarish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshiriladi.
