Fantom ogʻriq: nima uchun miya mavjud boʻlmagan aʼzoni hamon his qiladi?
Asrlar davomida shifokorlar bunday sezgilarning kelib chiqish sababini tushunishga harakat qilib kelganlar. Ilgari ular amputatsiya qilingan aʼzo oʻrnidagi nervlar shikastlanishi natijasi deb hisoblangan boʻlsa, bugungi kunda fantom ogʻriqning kelib chiqishida periferik nerv tizimi, orqa miya, bosh miya hamda psixologik omillar bir vaqtning oʻzida ishtirok etishi maʼlum.

Inson miyasi oʻz tanasining shunchalik aniq va ishonchli ichki tasvirini yaratadiki, hatto qoʻl yoki oyoq amputatsiya qilinganidan keyin ham odam uning mavjudligini his qilishda davom etadi. Bundan ham hayratlanarlisi shundaki, mavjud boʻlmagan qoʻl yoki oyoq qichishi, sovuq qotishi, harakatlanayotgandek tuyulishi, hatto kuchli ogʻriq keltirib chiqarishi mumkin. Bu hodisa fantom ogʻriq deb ataladi va u hozirgi nevrologiyaning eng murakkab hamda toʻliq oʻrganilmagan muammolaridan biri hisoblanadi.
Fantom (fr. fantôme < lot. phantasma < qadimgi yunon. φάντασμα — «paydo boʻlish», «arvoh») — arvoh, xayoliy mavjudot yoki mavjud boʻlmagan narsaning his etiladigan timsoli maʼnosini anglatadi. Ilmiy va tibbiy adabiyotlarda «fantom» atamasi koʻproq yoʻq boʻlgan tana qismi mavjuddek his qilinishini ifodalash uchun qoʻllaniladi. Masalan, «fantom ogʻriq» — amputatsiya qilingan aʼzoda ogʻriq sezilishi holatidir.
Asrlar davomida shifokorlar bunday sezgilarning kelib chiqish sababini tushunishga harakat qilib kelganlar. Ilgari ular amputatsiya qilingan aʼzo oʻrnidagi nervlar shikastlanishi natijasi deb hisoblangan boʻlsa, bugungi kunda fantom ogʻriqning kelib chiqishida periferik nerv tizimi, orqa miya, bosh miya hamda psixologik omillar bir vaqtning oʻzida ishtirok etishi maʼlum.
Shu bois fantom ogʻriq nafaqat tibbiy, balki falsafiy ahamiyatga ham ega. U inson tanasi haqidagi tasavvurimiz qanday shakllanishi va ongda tananing qanday aks etishi toʻgʻrisidagi qarashlarni qayta koʻrib chiqishga undaydi.
Tarixiy nazar
Fantom ogʻriq haqidagi ilk yozma maʼlumotlar XVI asrga borib taqaladi. Fransuz jarrohi Ambruaz Pare amputatsiyadan uzoq vaqt oʻtganiga qaramay, bemorlar yoʻqolgan qoʻl yoki oyogʻida ogʻriq sezayotganini kuzatgan. Oʻsha davr tibbiyoti uchun bunday shikoyatlar deyarli sirli hodisa hisoblangan.
Faqat XIX asrda amerikalik nevrolog Saylas Veyr Mitchell AQSh Fuqarolar urushida jarohatlangan koʻplab askarlarni kuzatib, «fantom aʼzo» atamasini ilmiy muomalaga kiritdi. Ana shu davrdan boshlab ushbu fenomenni tizimli oʻrganish boshlandi.
Fantom ogʻriq nima?
Fantom ogʻriq — bu neyropatik ogʻriq turlaridan biri boʻlib, unda inson amalda mavjud boʻlmagan tana qismida ogʻriqni his qiladi. Koʻpincha bu holat qoʻl yoki oyoq amputatsiyasidan keyin kuzatiladi. Biroq shunga oʻxshash hissiyotlar sut bezi, koʻz, til, tish, hatto ayrim ichki aʼzolar olib tashlanganidan keyin ham paydo boʻlishi mumkin.
Mutaxassislar bir-biriga oʻxshash uchta holatni ajratib koʻrsatadilar:
-fantom sezgilari — odam yoʻqolgan aʼzoning mavjudligini his qiladi, ammo ogʻriq boʻlmaydi;
-fantom ogʻriq — ushbu sezgilar kuchli ogʻriq bilan kechadi;
- amputatsiya qilingan qismi (kulta) ogʻrigʻi — ogʻriq manbai uzilgandan saqlanib qolgan toʻqimalarning oʻzida boʻladi.
Amaliyotda bu holatlar bir vaqtning oʻzida uchrashi mumkin, bu esa tashxis qoʻyishni ancha murakkablashtiradi.
Muammo qanchalik keng tarqalgan?
Zamonaviy maʼlumotlarga koʻra, amputatsiyadan keyin bemorlarning taxminan 80 foizi fantom sezgilarini his qiladi. Ularning yarmidan koʻprogʻida esa turli darajadagi fantom ogʻriq rivojlanadi. Koʻpchilikda dastlabki alomatlar operatsiyadan keyingi birinchi haftadayoq paydo boʻladi. Biroq ayrim hollarda ogʻriq bir necha oy, hatto yillar oʻtgach ham yuzaga kelishi mumkin.
Ogʻriqning kuchi har bir bemorda turlicha boʻladi. Ayrimlar faqat vaqt-vaqti bilan yengil sanchishni his qilsa, boshqalar doimiy va qattiq ogʻriqdan aziyat chekib, kundalik hayot faoliyatida jiddiy cheklovlarga duch kelishadi.
Fantom aʼzo qanday his qilinadi?
Fantom ogʻriqni boshdan kechirayotgan bemorlarning taʼriflari bir-biriga juda oʻxshash boʻladi. Ular yoʻqolgan qoʻl yoki oyoqda quyidagi hissiyotlarni tasvirlaydilar:
• kuydiruvchi ogʻriq;
• elektr toki urgandek keskin sanchish;
• kuchli tirishish;
• barmoqlar qattiq musht boʻlib tugilgandek his qilish;
• boʻgʻimlar buralib ketayotgandek sezish;
• mavjud boʻlmagan aʼzo noqulay holatda turganidek tuyilish.
Qiziqarli jihati shundaki, ogʻriq koʻpincha qoʻl yoki oyoq barmoqlarida his qilinadi. Buning sababi shundaki, bosh miyaning somatosensor poʻstlogʻida aynan barmoqlar uchun juda katta neyron maydon ajratilgan.
Nima uchun fantom ogʻriq paydo boʻladi?
Zamonaviy ilm-fan fantom ogʻriqni bitta sabab bilan emas, balki bir vaqtning oʻzida bir nechta biologik mexanizmlarning oʻzaro taʼsiri natijasi sifatida izohlaydi.
Periferik nervlardagi oʻzgarishlar
Amputatsiyadan keyin kesilgan nerv tolalari qayta tiklanishga harakat qiladi. Baʼzan ular tartibsiz oʻsib, nevroma deb ataluvchi nerv tugunlarini hosil qiladi.
Bunday nevromalar oʻz-oʻzidan asab impulslarini hosil qilishi mumkin. Miya esa bu signallarni ogʻriq sifatida qabul qiladi.
Biroq ushbu nazariya barcha holatlarni tushuntirib bermaydi. Chunki baʼzi odamlarda tugʻma ravishda maʼlum aʼzo boʻlmagan boʻlsa ham, ularda fantom hissiyotlari kuzatilishi mumkin.
Orqa miyadagi oʻzgarishlar
Amputatsiyadan keyin nerv impulslarining odatiy oqimi buziladi. Bu holat orqa miya neyronlarining haddan tashqari sezgir boʻlib qolishiga olib keladi.
Natijada ogʻriq signallari osonroq paydo boʻladi, ular kuchliroq qabul qilinadi hamda ogʻriqni pasaytiruvchi tabiiy mexanizmlar samaradorligi kamayadi. Bu jarayon tibbiyotda markaziy sensitizatsiya deb ataladi.
Bosh miyaning moslashui
Soʻnggi oʻn yilliklardagi eng muhim kashfiyotlardan biri bosh miyaning neyroplastikligi, yaʼni oʻzgarishlarga moslasha olish qobiliyati bilan bogʻliq.
Inson tanasining har bir qismi bosh miya poʻstlogʻida oʻzining maʼlum hududiga ega. Agar qoʻl yoki oyoq yoʻqotilsa, uning uchun masʼul boʻlgan neyronlar faoliyati butunlay yoʻqolib ketmaydi. Vaqt oʻtishi bilan ushbu hududni qoʻshni sohalar egallay boshlaydi.
Boshqacha qilib aytganda, mida butun tana aʼzolarining “xarita”si mavjud. Biror aʼzo yoʻqotilgan taqdirda ham, miya bu aʼzo haqidagi maʼlumotlarni darrov oʻchirib yubormaydi.
Masalan, qoʻli amputatsiya qilingan odamning yuziga tegilganda, u mavjud boʻlmagan qoʻl barmoqlariga tegilgandek his qilishi mumkin.
Bu hodisa yuz va qoʻlni boshqaruvchi neyron maydonlari bosh miyada bir-biriga yaqin joylashganligi bilan izohlanadi.
Miyaning bunday qayta tashkil topishi insonning yangi holatga moslashishiga yordam beradi. Biroq ayrim hollarda aynan shu oʻzgarishlar surunkali fantom ogʻriqning rivojlanishiga ham sabab boʻlishi mumkin.
Ogʻriq xotirasi
Fantom ogʻriq haqidagi eng qiziq nazariyalardan biri — ogʻriq xotirasi nazariyasidir.
Agar amputatsiyadan oldin odam uzoq vaqt davomida kuchli ogʻriqni boshdan kechirgan boʻlsa, nerv tizimida muayyan patologik neyron aloqalari shakllanadi. Aʼzo olib tashlanganidan keyin ham miya ana shu avvalgi neyron faolligini saqlab qolishi mumkin. Natijada ogʻriq manbai yoʻq boʻlsa-da, inson ogʻriqni his qilishda davom etadi.
Shuning uchun operatsiyadan oldingi kuchli ogʻriq keyinchalik surunkali fantom ogʻriq rivojlanishining muhim xavf omillaridan biri hisoblanadi. Aytaylik, bemor qattiq ogʻriqdan qutulish uchun biror aʼzosidan “qutulsa” ham, fantom ogʻriqdan qutula olmasligi mumkin.
Psixologik omillarning ahamiyati
Fantom ogʻriqning asosida nevrologik mexanizmlar yotgan boʻlsa-da, insonning ruhiy holati ham uning kuchiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.
Quyidagi doimiy stress, xavotirlanish, depressiya, uyquning buzilish hamda ruhiy zoʻriqish kabi omillar ogʻriqni kuchaytirishi mumkin.
Bu fantom ogʻriq faqat psixologik muammo degani emas. Aksincha, emotsional holat bosh miyada ogʻriqni qabul qiluvchi tarmoqlar faoliyatini oʻzgartirib, ularning sezgirligini oshiradi. Shu sababdan zamonaviy davolash usullari nafaqat dori vositalarini, balki psixologik qoʻllab-quvvatlash va psixoterapiyani ham oʻz ichiga oladi.
Zamonaviy davolash usullari
Bugungi kunga qadar fantom ogʻriqni barcha bemorlarda toʻliq bartaraf etadigan yagona davolash usuli mavjud emas. Shuning uchun mutaxassislar kompleks yondashuvni eng samarali usul deb hisoblaydilar. Bunday yondashuv dori-darmonlar, reabilitatsiya, fizioterapiya va psixologik yordamni birlashtiradi.
Dori vositalari bilan davolash
Fantom ogʻriqni davolashda asosan nerv tizimi faoliyatiga taʼsir qiluvchi dori vositalari qoʻllaniladi. Ularga tutqanoqqa qarshi preparatlar, ayrim antidepressantlar, ogʻriq qoldiruvchi vositalar, mahalliy ogʻriqsizlantiruvchi preparatlar hamda baʼzi hollarda nerv impulslarining oʻtishini boshqaruvchi maxsus dori vositalari misol boʻla oladi.
Har bir bemor uchun davolash rejasi alohida tuziladi, chunki bir odamda yaxshi samara bergan usul boshqasida kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Oyna terapiyasi
AQShda tibbiyotchilar gʻalati bir voqea qayd etilgan. Sobiq harbiy askar Jorj Matison Iroq urushdan qaytgach, oʻng qoʻlining toʻxtovsiz ogʻrigʻidan azob chekadi. Gʻalati jihati shundaki, uning qoʻli mina portlashidan soʻng uzilib ketgan boʻlsada, xuddi bordek ogʻrirdi. Buni ogʻriq deyish notoʻgʻri, u yoʻq qoʻlining kafti musht boʻlib qattiq qisilganidan azob chekardi. Uning yoʻq mushti qattiq qisilar, hatto tirnoqlari kaftiga botib ogʻrirdi, goʻyo. Ogʻriq qoldiruvchi dorilar va qtncha foyda berar, sobiq askar ruhan qattiq charchagani edi.
Shunda mashhur neyrobiolog Vileyanur Ramachandran 90-yillarning oʻrtalarida bu fantom ogʻriqni kamaytirishning eng mashhur usullaridan biri - oynalar yordamida davolashga ahd qildi.
Muolaja vaqtida bemor oldiga maxsus oynali quti oʻrnatildi. Unda sogʻlom qoʻl yoki oyoqning aksini koʻrgan bemorda goʻyo amputatsiya qilingan aʼzo ham joyida turgani haqida vizual tasavvur hosil boʻladi.


Sogʻlom aʼzo harakatlantirilganda, miya bu harakatni yoʻqolgan aʼzo ham bajarayotgandek qabul qiladi.
Shifokor sobiq askarga ikki qoʻlining mushtini ham ochib yozishni buyurdi. Buyurdi. Nihoyat sobiq askar fantom mushtining qisilishi yoʻqolganini, erkin “ochilganini” his qildi. Shu kuni tunda birinchi marta orom olib uxladi. Shu-shu fantom ogʻriqdan qutuldi.
Koʻplab bemorlarda bunday mashqlar ogʻriqning sezilarli darajada kamayishiga yordam beradi. Olimlar bu holatni miyaning sensomotor sohalari faoliyati qayta tashkil topishi bilan izohlaydilar. Biroq ushbu usul qanday mexanizm orqali taʼsir koʻrsatishi hali ham toʻliq aniqlanmagan. Biroq u bemorni ruhan ishontirish, gipnoz usullariga oʻxshab ketishini qayd etish lozim.

Zamonaviy reabilitatsiya texnologiyalari
Soʻnggi yillarda fantom ogʻriqni davolashda yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi usullar keng qoʻllanilmoqda. Virtual reallik texnologiyalari, robotlashtirilgan bionik protezlar, sensor qayta aloqa (feedback) tizimlari fizioterapiya, kognitiv-xulqiy terapiya, neyromodulyatsiya va elektr stimulyatsiyasi usullari shular jumlasiga kiradi.
Ayniqsa, sezuvchanlikni qayta tiklay oladigan bionik protezlar olimlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Bunday qurilmalar nerv tizimiga tashqi muhit haqida maʼlumot yuborishi mumkin. Tadqiqotchilarning fikricha, tabiiy sensor axborotning qaytishi bosh miyaga tananing yangi holatiga moslashishda yordam beradi va surunkali fantom ogʻriq xavfini kamaytirishi mumkin.

Nega fantom ogʻriqni oʻrganish muhim?
Fantom ogʻriq muammmosini oʻrganish nafaqat amputatsiya qilingan bemorlarga yordam berish, balki inson miyasining ishlash tamoyillarini chuqurroq anglash imkonini ham beradi.
Bu tadqiqotlar ogʻriq faqat toʻqimalarning shikastlanishi natijasi emasligini koʻrsatdi. Ogʻriq — bu miyada shakllanadigan murakkab hissiy tajriba boʻlib, unda xotira, his-tuygʻular, kutilmalar va avvalgi hayotiy tajriba muhim oʻrin tutadi.
Fantom ogʻriqni oʻrganish natijalari surunkali ogʻriq sindromlari, migren, neyropatiyalar va orqa miya jarohatlarini davolash boʻyicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga ham xizmat qilmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
