Oʻtgan yili korrupsiya boʻyicha 7,5 mingdan oshiq kishi javobgarlikka tortildi
Eng koʻp korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga toʻgʻri kelgan.

2025 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar boʻyicha 7 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, davlat manfaatlariga 2,9 trln soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan.
Bu haqda Senatning 18-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasida aytiladi.
Eng koʻp korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har toʻrtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan, davlat xaridlari sohasida 12,6 trln soʻmlik qonunbuzilishlar qayd etilgan, ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi boʻyicha qoniqarsiz natija koʻrsatgan.
Muhokama jarayonida Senat aʼzolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
