platina.uz
Maqola

Tugʻilish orqali fuqarolik: Tramp AQSh Konstitutsiyasini birgina farmon bilan oʻzgartira oladimi?

Birthright citizenship, yaʼni tugʻilish orqali fuqarolik, inson davlat hududida tugʻilgani va qonun bilan belgilangan shartlarga javob bergani asosida fuqarolikka ega boʻlishini anglatadi. Amerika tizimida bu anʼana jus soli — "yer huquqi" tamoyili deb ataladi.

Tugʻilish orqali fuqarolik: Tramp AQSh Konstitutsiyasini birgina farmon bilan oʻzgartira oladimi?

Vashington yana bir bor oddiy migratsiya masalasini emas, balki Amerika fuqaroligining eng qadimiy tamoyillaridan birini muhokama qilmoqda. Hozir gap Fuqarolik urushi davridan keyin shakllangan va bir asrdan ortiq vaqt davomida AQSh Oliy sudi tomonidan tasdiqlangan tamoyil haqida ketmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp «tugʻish turizmi»ga qarshi kurash eʼlon qildi. Biroq bu atama ortida ancha fundamental savol yashirin: AQSh yetakchisi Amerika fuqaroligiga kim ega boʻlishi haqidagi konstitutsiyaviy tushunchani oʻzgartirish huquqiga egami?

Paradoks vaziyat

Donald Tramp birinchi marta 2025 yilda tugʻilish orqali fuqarolikka cheklov qoʻyishga urinib koʻrgan va AQSh Oliy sudida magʻlub boʻlgan edi. 2026 yil 30 iyunda sud Trump vs Barbara ishi boʻyicha AQSh hududida ota-onasi mamlakatda noqonuniy yoki vaqtinchalik maqomda boʻlgan holda tugʻilgan bolalar ham AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatishga muvofiq fuqarolik olishini tasdiqladi. Biroq oradan bir oydan sal koʻproq vaqt oʻtib, Tramp yana oʻsha masalaga qaytdi — bu safar «tugʻish turizmi» deb ataladigan amaliyotga qarshi qaratilgan ikkita yangi farmonni taqdim etdi. Bu endi oddiy migratsiya siyosati haqidagi bahs emas. Bu prezident vakolatlarining Konstitutsiya, sud pretsedenti va Amerikaning fuqarolik konsepsiyasi bilan toʻqnashuvidir.

Bola Amerikada tugʻilsa nima boʻladi?

Avvalo, siyosiy bayonotlarda koʻpincha chalkashtirib yuboriladigan bir nechta tushunchani ajratib olish kerak.

Birthright citizenship, yaʼni tugʻilish orqali fuqarolik, inson davlat hududida tugʻilgani va qonun bilan belgilangan shartlarga javob bergani asosida fuqarolikka ega boʻlishini anglatadi. Amerika tizimida bu anʼana jus soli — «yer huquqi» tamoyili deb ataladi.

Bugungi kunda bu tamoyilning asosiy huquqiy asosi ikki qoidadan iborat. Birinchisi — 1868 yilda ratifikatsiya qilingan AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatishning birinchi boʻlimi.

Ikkinchisi — AQSh federal qonunining 8 U.S.C. §1401 moddasi boʻlib, u Konstitutsiyadagi formulani deyarli takrorlaydi: AQSh hududida tugʻilgan va «uning yurisdiksiyasiga boʻysunuvchi» shaxs tugʻilish paytidan AQSh fuqarosi hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, amaldagi Amerika huquq tizimida AQSh hududida xorijlik ota-onadan tugʻilgan bola odatda tugʻilgan paytdanoq AQSh fuqarosi hisoblanadi. Bunda ota-onaning fuqaroligi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas.

Ona mamlakatda vaqtincha boʻlishi mumkin. Ota-ona AQSh fuqarosi boʻlmasligi mumkin. Ulardan biri yoki ikkalasi ham mamlakatda migratsiya qoidalarini buzgan holda boʻlishi mumkin. Bu holatlarning oʻzi anʼanaviy yondashuvga koʻra bolaning fuqarolik huquqidan mahrum boʻlishiga asos boʻlmaydi. Aynan shu nuqta Tramp maʼmuriyati tomonidan bahsga qoʻyilmoqda.

Nega Amerika bunday tamoyilga oʻtgan?

Bugungi nizoning koʻlamini tushunish uchun bir yarim asr ortga qaytish lozim.

Konstitutsiyaga 14-tuzatish AQShdagi Fuqarolik urushi tugaganidan keyin — Rekonstruksiya davrida qabul qilingan. Oʻsha paytda Amerika millionlab sobiq qullarning huquqiy maqomini belgilashi kerak edi. Asosiy muammolardan biri ularning fuqarolik maqomi edi.

Bundan avval, 1857 yilda AQSh Oliy sudi mashhur Dred Scott v. Sandford ishida aksincha xulosaga kelgan: sud koʻpchiligining fikriga koʻra, afrikaliklar avlodiga mansub odamlar AQSh fuqarosi boʻla olmas edi. 1868 yildagi konstitutsiyaviy tuzatish ana shu tarixiy sahifani yopishi kerak edi. Uning formulirovkasi ataylab keng olingan: «AQShda tugʻilgan yoki fuqarolikka qabul qilingan va uning yurisdiksiyasiga boʻysunuvchi barcha shaxslar» fuqaro deb eʼlon qilindi.

Bu juda muhim jihat. 14-tuzatish shunchaki migratsiya haqidagi qonun emas. U AQSh Konstitutsiyasining bir qismiga aylandi. Amerika huquq tizimida esa Konstitutsiya oddiy federal qonunlar va prezident farmonlaridan yuqori turadi. Shuning uchun bu masalani Oq uyning oddiy farmoni bilan hal qilish mumkin emas.

Konstitutsiyada istisnolar yoʻqmi?

Xoʻsh, Konstitutsiyada istisnolar bormi? Bor! Tramp maʼmuriyatining bugungi huquqiy argumentatsiyasi ham aynan shu nuqtaga tayanadi.

«Subject to the jurisdiction thereof» — «Amerika Qoʻshma Shtatlari yurisdiksiyasiga boʻysunuvchi» degan ibora haqiqatan ham tugʻilish orqali fuqarolik mutlaqo istisnosiz ekanini anglatmaydi.

Amerika konstitutsiyaviy huquqi tarixan bir nechta tor doiradagi istisnolarni tan olgan. Jumladan, xorijiy diplomatik vakillarning farzandlari hamda xalqaro huquq asosida maxsus immunitetga ega boʻlgan ayrim shaxslarning farzandlari bundan mustasno boʻlishi mumkin. Kongressning Konstitutsiya Annotated nashrida ham ushbu istisnolar koʻrsatilgan.

Biroq bu «noqonuniy migrantning farzandi fuqaro emas» degan xulosa bilan mutlaqo bir xil emas. Mana shu yerda asosiy huquqiy farq paydo boʻladi. Diplomat maxsus immunitetga ega. Shu sababli uning AQSh davlatining yurisdiksiyasi bilan huquqiy aloqasi xalqaro huquq bilan cheklangan.

Oddiy xorijlik sayyoh esa bunday maqomga ega emas. Migratsiya qoidalarini buzgan xorijlik ham bunday maqomga ega emas. U AQSh yurisdiksiyasi ostida boʻladi, chunki AQSh qonunlari unga nisbatan ham amal qiladi. Davlat uni ushlashi, javobgarlikka tortishi, jarima solishi yoki deportatsiya qilishi mumkin. Demak, davlat unga nisbatan huquqiy hokimiyatga ega.

Shuning uchun maʼmuriyatning noqonuniy migratsiya maqomini AQSh yurisdiksiyasiga boʻysunmaslik bilan tenglashtirishga urinishi hozirgi konstitutsiyaviy bahsning asosiy nuqtasidir.

Tarix bu savolga 1898 yildayoq javob bergan

Bu masala tarixida bir muhim ism— Vong Kim Ark haqida eslash shart. U San-Fransiskoda xitoylik muhojirlar oilasida tugʻilgan. Uning ota-onasi AQSh fuqarosi emas edi. Xitoylik muhojirlar naturalizatsiya jarayonidan foydalana olmagan, ularga nisbatan jiddiy cheklovlar mavjud boʻlgan davrda Vong Kim Ark Xitoyga safaridan keyin AQShga qaytishga harakat qilgan va uning fuqaroligi shubha ostiga olingan.

Ish Oliy sudgacha bordi. 1898 yilda Oliy sud United States v. Wong Kim Ark, 169 U.S. 649 ishi boʻyicha AQShda xorijlik ota-onadan tugʻilgan shaxs, umumiy qoidaga koʻra, AQSh fuqarosi hisoblanishini belgiladi. Bu qaror 14-tuzatishni zamonaviy talqin qilishda fundamental pretsedentga aylandi.

Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Vong Kim Arkning ota-onasi Amerika fuqarosi emas edi. Demak, tugʻilish orqali fuqarolik faqat AQSh fuqarolari yoki doimiy rezidentlarning farzandlariga beriladi, degan fikr Trampdan ancha oldin shakllangan Amerika huquqiy anʼanasiga mos kelmaydi.

«Tugʻish turizmi» nima degani?

Endi masalaning ikkinchi qatlami paydo boʻladi. Birth tourism, yaʼni «tugʻish turizmi» — xorijlik ayolning, xususan, bolasi tugʻilishi natijasida AQSh fuqaroligini olishi maqsadida Amerikaga kelishidir. AQShda xorijlik ayolning farzand koʻrishi oʻz-oʻzidan jinoyat hisoblanmaydi. Biroq Amerika davlati AQShga aynan bola tugʻish va unga fuqarolik olish maqsadida turistik viza orqali kirishga qaratilgan sxemalarga ancha oldindan qarshi kurashib keladi.

Masalan, 2020 yil yanvar oyida AQSh Davlat departamenti B toifasidagi vizalarni berish qoidalarini oʻzgartirdi. Konsullik xodimlariga safarning asosiy maqsadi bolani AQShda tugʻdirish va unga Amerika fuqaroligini olib berish ekaniga asosli gumon boʻlsa, bunday vizani berishdan bosh tortish koʻrsatmasi berildi. Yaʼni, Tramp 2026 yilda birth tourism bilan kurashni oʻylab topgan emas. Bu amaliyotga qarshi kurash uning prezidentligigacha ham mavjud edi.

Bundan tashqari, 2026 yil aprel oyida Tramp maʼmuriyati ICE – immigratsiya xizmati doirasida xorijlik homilador ayollarga bolani AQShda tugʻish va unga fuqarolik olish maqsadida safarni tashkillashtirishga yordam beradigan tarmoqlarni aniqlashga qaratilgan maxsus tashabbusni boshladi. Shu bilan birga, Reuters taʼkidlaganidek, AQShda tugʻish turizmi koʻlamini aniq koʻrsatib beruvchi rasmiy statistika mavjud emas.

Ayrim nodavlat tashkilotlar hisob-kitoblariga koʻra, 2016–2017 yillarda AQShda har yili taxminan 20–25 mingta shunday tugʻilish qayd etilgan. Bu jiddiy raqam, ammo 2025 yilda AQShda taxminan 3,6 million chaqaloq tugʻilganini hisobga olsak, ulush unchalik katta emas. Shuning uchun Tramp tilga oladigan «yuz minglab» degan koʻrsatkichga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Bu raqamni tasdiqlaydigan ishonchli rasmiy statistika mavjud emas.

Yana bir muhim jihat: tugʻish turizmi va xorijliklarning AQShda oddiy farzand koʻrishi bir xil narsa emas. Homilador ayol AQShga qonuniy maqsadda — masalan, oʻqish, ishlash, oilasini koʻrish yoki sayyohlik uchun kelishi va kutilmaganda farzand koʻrishi mumkin. Bu huquqiy jihatdan tugʻishdan boshlab fuqarolik olish maqsadida oldindan tashkillashtirilgan safardan butunlay farq qiladi.

Trampning birinchi zarbasi

2025 yil 20 yanvarda, ikkinchi prezidentlik muddatining birinchi kunida Tramp **Executive Order 14160 — «Amerika fuqaroligining maʼnosi va qadrini himoya qilish» nomli farmonni imzoladi. Unda Tramp maʼmuriyati 14-tuzatish AQSh hududida tugʻilgan barcha shaxslarga fuqarolikni kafolatlamaydi, degan pozitsiyani bildirdi. Farmon federal organlarga ayrim toifadagi AQShda tugʻilgan bolalarning fuqaroligini tan olmaslik boʻyicha koʻrsatma berdi.

Cheklov, jumladan, ona AQShda noqonuniy boʻlgan, ota esa AQSh fuqarosi yoki qonuniy doimiy rezidenti boʻlmagan holatlarga taalluqli edi. Shuningdek, ona AQShda qonuniy, ammo vaqtinchalik — masalan, turistik, talabalik yoki ish vizasi asosida boʻlgan, ota esa fuqaro yoki doimiy rezident boʻlmagan holatlar ham qamrab olingan.

Bu endi vizalarni suiisteʼmol qilishga qarshi kurash haqidagi oddiy farmon emas edi. Prezident bola tugʻilishi natijasida yuzaga keladigan huquqiy natijaning oʻzini oʻzgartirishga urindi. Shu sababli farmonga qarshi deyarli darhol sud ishlari boshlandi.

Oliy sud: Tramp magʻlub boʻldi, ammo bahs tugamadi

2026 yil 30 iyunda AQSh Oliy sudi Trump v. Barbara, №25-365 ishi boʻyicha qaror qabul qildi. Qaror 6–3 ovoz bilan qabul qilindi. Koʻpchilik fikrini Oliy sud raisi Jon Roberts yozdi. Unga Sonya Sotomayor, Yelena Kagan, Emi Koni Barrett va Ketandji Braun Jekson qoʻshildi. Brett Kavano alohida qoʻshiluvchi fikr bildirdi; Klarens Tomas, Nil Gorsach va Semyuel Alito esa qarshi chiqdi.

Sudning asosiy xulosasi shundan iborat boʻldiki: AQShda ota-onasi mamlakatda noqonuniy yoki vaqtincha maqomda boʻlgan holda tugʻilgan bolalar ham AQSh yurisdiksiyasiga boʻysunuvchi shaxslar hisoblanadi va 14-tuzatishga muvofiq tugʻilish paytida fuqarolikka ega boʻladi. Bu Tramp maʼmuriyatining asosiy huquqiy konstruksiyasiga jiddiy zarba boʻldi. Trampning dastlabki farmoni u koʻzlagan shaklda kuchga kirmadi.

Nega Tramp toʻxtamadi?

Chunki bu masala uning migratsiya dasturi uchun siyosiy jihatdan juda muhim. Shuning uchun 2026 yil 6 avgustda prezident yana ikkita yangi farmonni imzoladi.

Birinchi farmon maʼmuriyat fikriga koʻra, farzandlari avtomatik ravishda fuqarolik olmasligi kerak boʻlgan shaxslar toifasini kengaytirishga qaratilgan. Unda, jumladan, AQShning xorijiy dushmanlari va xorijiy terrorchilik tashkilotlari aʼzolari, shuningdek, 14-tuzatishda tarixan tan olingan ayrim istisnolarga eʼtibor qaratilgan.

Ikkinchi farmon esa bevosita birth tourism’ga qarshi qaratilgan boʻlib, bolaga fuqarolik olib berish maqsadida AQShga safarlarni tashkil etish amaliyotiga qarshi choralarni nazarda tutadi. Tramp ataylab yangi konstruksiyani torroq qilib oldi.

Maʼmuriyat mantigʻi oddiy: agar Oliy sud bolalarning ulkan toifasi uchun tugʻilish orqali fuqarolikni bekor qilish urinishini rad etgan boʻlsa, 14-tuzatishning oʻzi tan oladigan tarixiy istisnolarni kengroq talqin qilishga urinib koʻrish mumkin. Ammo aynan shu yerda yangi huquqiy jang boshlanishi mumkin.

Konstitutsiya yoki prezident farmoni — qaysi biri ustun?

Amerika huquqining asosiy qoidasi aniq: Konstitutsiya prezident farmonidan ustun!

Prezident ijro hokimiyati sohasida keng vakolatlarga ega. U federal agentliklarga koʻrsatmalar berishi, qonunlarni qoʻllash tartibini belgilashi, huquqni muhofaza qilish ustuvorliklarini aniqlashi mumkin.

Ammo prezident Konstitutsiyani mustaqil ravishda qayta yoza olmaydi. Bu holatda maʼmuriyat uchun muammo yanada jiddiy: 14-tuzatish 1868 yildan beri amalda, Oliy sud esa Vong Kim Ark ishida XIX asrning oʻzida uning keng qoʻllanilishini belgilagan.

Agar prezident farmoni Konstitutsiyaga zid boʻlsa, sudlar uni haqiqiy emas deb topishi mumkin. Trampning birinchi urinishi bilan aynan shunday holat yuzaga keldi. Shuning uchun «Trampning farmoni Konstitutsiyaga zid emasmi?» degan savolga javob nisbatan aniq: 2025 yildagi dastlabki farmon AQSh Konstitutsiyasidagi tugʻilish orqali fuqarolik kafolatiga mos kelmasligi sudlar tomonidan tan olindi. 2026 yil avgust oyidagi yangi farmonlarning konstitutsiyaviyligi esa hali sudlarda toʻliq koʻrib chiqilishi kerak, ammo ular ham jiddiy konstitutsiyaviy shubhalar ostida.

Tramp hech narsa qila olmaydimi?

Yoʻq. Bu yerda eng muhim farq mavjud. Tramp tugʻish turizmini migratsiya amaliyoti sifatida cheklashga urinishi mumkin, bunda tugʻilish orqali fuqarolik tamoyilini butunlay bekor qilish shart emas. Maʼmuriyatning buning uchun vositalari allaqachon mavjud. Masalan, viza arizalarini yanada qatʼiy tekshirish mumkin. Safarning asosiy maqsadi bolaga fuqarolik olib berish ekani aniqlansa, viza berishni rad etish mumkin.

Yoki boʻlmasa, tashkillashtirilgan sxemalar boʻyicha tergov oʻtkazish mumkin. Hujjatlarni rasmiylashtirishdagi firibgarlikka qarshi kurashish mumkin. Turli vositachilar va xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalarning qonunni buzishiga qarshi chora koʻrish mumkin. Bularning barchasi amaldagi huquqiy mexanizmlar doirasida mumkin.

Biroq boshqa masala ancha murakkab: AQShda tugʻilgan bola faqat uning ota-onasi vaqtincha yoki noqonuniy maqomda boʻlgani uchun fuqaro emas, deb eʼlon qilish qiyin. Bu ikki mutlaqo boshqa vazifa.

Birinchi holat — ota-onaning xatti-harakatini tartibga solish.

Ikkinchisi — bolaning konstitutsiyaviy maqomini belgilash.

Tramp aynan ikkinchi masalani eng bahsli usul bilan hal qilishga urinmoqda.

Trampning imkoniyati bormi?

Tan olish kerak, Trampning qisman siyosiy natijaga erishish imkoniyati mavjud. U viza nazoratini kuchaytirishi mumkin. Tugʻish turizmida gumon qilinayotgan homilador ayollar uchun AQShga kirish jarayonini murakkablashtirishi mumkin. Tashkillashtirilgan sxemalarga qarshi kurashishi mumkin. Kongressdan yangi qonun talab qilishi mumkin.

Ammo sayyohlar, vaqtinchalik migrantlar yoki noqonuniy migrantlarning farzandlari uchun tugʻilish orqali fuqarolikni oddiy prezident farmoni bilan bekor qilish imkoniyati juda cheklangan. Buning uchun Tramp bir vaqtning oʻzida bir nechta huquqiy toʻsiqni yengishi kerak.

Agar siyosiy koʻpchilik tugʻilish orqali fuqarolik tamoyilini notoʻgʻri deb hisoblasa, Konstitutsiya unga qonuniy yoʻlni koʻrsatib qoʻygan: Konstitutsiyaning oʻzini oʻzgartirish lozim. Bu yoʻl ataylab qiyinlashtirilgan.

Amerika oʻzini oʻzi sinovdan oʻtkazmoqda

Hozirgi mojaroning haqiqiy mazmuni shunda. Trampning tugʻilish orqali fuqarolik olish masalasi bilan bogʻliq bahsi faqat migrantlar haqida emas. Bu prezident vakolatlarining chegarasini tekshiruvchi sinovdir.

Prezident mamlakatni oʻzgartirishga vaʼda berishi mumkin. Saylovchilar mandatini olishi mumkin. Sudyalarni tayinlashi mumkin. Ijro hokimiyatini boshqarishi mumkin. Kongressdan yangi qonunlar qabul qilishni talab qilishi mumkin. Ammo Amerika Konstitutsiyasi boshqa tamoyilga asoslangan: hatto prezident ham asosiy qonundan ustun turmaydi. Shuning uchun tugʻish orqali fuqarolik olish masalasi atrofidagi bugungi mojaro bunchalik prinsipial tus oldi.

Ayni paytda esa vaziyat shunday: Trampning tugʻilish orqali fuqarolikni cheklashga qaratilgan dastlabki urinishi Oliy sudda magʻlubiyatga uchradi; 6 avgustda imzolangan yangi farmonlar esa yangi yuridik bosqichni boshlab berdi va ularga qarshi yangi sud daʼvolari berilishi ehtimoli yuqori.

Shundan keyin Amerika yana bir eski savol bilan yuzma-yuz keladi. Konstitutsiyaviy respublikada kim oxir-oqibat kuchliroq — prezidentmi, parlamentmi, sudmi yoki Konstitutsiya matnimi?

Amerika tizimi aynan shu omil ustiga qurilgan: hokimiyatning hech biri «men - hammadan kuchli», deb ayta olmaydi. Oʻzaro tiyib turish va nazorat mexanizmi hozircha ishlab turibdi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid