Toshkentda aviahalokat ssenariysi asosida keng koʻlamli oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi
Aviahalokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 250 ga yaqin mutaxassis va 25 ta maxsus texnika jalb qilindi.

7 avgust kuni Toshkent xalqaro aeroporti tashabbusi bilan Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida parvozlarning qidiruv-qutqaruv faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha idoralararo keng koʻlamli oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi.
Mashgʻulot ssenariysiga koʻra, Istanbul–Toshkent yoʻnalishida parvoz qilayotgan yoʻlovchi samolyoti qoʻnishga yaqinlashganda havo dispetcherlari va ekipaj oʻrtasidagi aloqa uziladi. Samolyot Toshkent shahriga yetmay, aviafalokatga uchraydi.
Shundan soʻng qidiruv-qutqaruv ishlari boshlanib, favqulodda vaziyat haqidagi maʼlumotlar tegishli xizmatlarga zudlik bilan yetkazildi.
Aviahalokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 250 ga yaqin mutaxassis va 25 ta maxsus texnika jalb qilindi.
Mashgʻulot davomida qutqaruvchilarning odamlarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarni jarohatlarining ogʻirlik darajasiga qarab taqsimlash, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, ularni tibbiyot muassasalariga yetkazish, shuningdek, samolyot bortidagi xavfli yukni evakuatsiya qilish boʻyicha harakatlari sinovdan oʻtkazildi.

Unda Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Sogʻliqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Toshkent xalqaro aeroporti va boshqa tegishli xizmatlar ishtirok etdi.
Mashgʻulotning asosiy maqsadi — aviahalokat yuz bergan taqdirda barcha tegishli idoralar oʻrtasida hamkorlikni tezkor yoʻlga qoʻyish, oqibatlarni bartaraf etish va xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishdan iborat.

Oʻquv mashgʻuloti yakunida boʻlinmalar va idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
