platina.uz
Jamiyat

Rossiyada noqonuniy guruh tuzgan toʻrt oʻzbekistonlik 8,5 yilga qamaldi

Ular terroristik tashkilotlar gʻoyalarini targʻib qilish bilan shugʻullanishgan hamda kelgusida qoʻporuvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirishgan, hatto Mahachqala shahrida huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshi jinoiy harakatlar amalga oshirmoqchi ham boʻlishadi. 

Rossiyada noqonuniy guruh tuzgan toʻrt oʻzbekistonlik 8,5 yilga qamaldi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, 2003 y.t. shaxs 2023 yilda mavsumiy ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston Respublikasi Mahachqalʼa shahriga boradi.

Bu yerda “Muhammad” ismli mahalladosh tengdoshi bilan yaqin aloqaga kirishib, ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan video materiallarni koʻrishi natijasida ongi zaharlanadi.

Keyinchalik ikkovlon oʻz saflariga 2005 y.t. yana bir mahalladoshini jalb qilib, Suriyaga borishni rejalashtirishadi.

Safar xarajatlari uchun ulardan biri hatto Rossiyada mehnat migranti sifatida ishlayotgan oila aʼzolari jamgʻargan mablagʻning bir qismini ruxsatsiz olib chiqadi. Soʻngra “Mahachqala – Moskva” yoʻnalishidagi avtobusda yoʻlga ravona boʻlishadi.

Ular “Moskva – Istanbul” aviayoʻnalishida Turkiyaga, soʻngra Suriyaga bormoqchi boʻlishadi. Lekin, Moskvada yuzaga kelgan oʻzaro kelishmovchilik sababli, ularning ikki nafari ortga qaytadi.

“Muhammad” esa Qozon shahrida qotillik sodir etib, RF qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Bu orada guruhning 2005 y.t. aʼzosi Oʻzbekistonga deportatsiya qilinadi va JKning 244-1 va 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sud hukmi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.

Shundan soʻng ham guruh faoliyati toʻxtamaydi. Aksincha, Mahachqala shahrida ishlayotgan, 1999 va 2001 yillarda tugʻilgan ikki nafar sariosiyolik ushbu yashirin guruhga qoʻshilib, terroristik tashkilotlar gʻoyalarini targʻib qilish bilan shugʻullanishadi hamda kelgusida jangarilar safida qoʻporuvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirishadi.

2025 yilninng sentabr oyida guruh faolligi kuchayib, ular Mahachqala shahrida huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshi jinoiy harakatlar amalga oshirmoqchi ham boʻlishadi.

Bundan tashqari, Sariosiyo tumanida istiqomat qilayotgan, 2004 y.t. fuqaroni ham ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz saflariga jalb qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Rossiya Federatsiyasi huquq-tartibot idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor qidiruv-tadbirlari natijasida noqonuniy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Tergov jarayonida esa jinoyatlari oʻz isbotini topdi.

JIB Sariosiyo tuman sudi hukmiga koʻra, 4 nafar shaxsning barchasi JKning 155-2, 2441 va 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid