Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan muloqot oʻtkazdi
Oʻzaro hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarning jadal surʼatiga yuqori baho berildi. Suhbat yakunida Oʻzbekiston yetakchisi AQSh rahbari mamlakatga taklif etdi.

7 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida Oʻzbekiston rahbari Donald Trampni AQSh mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.
Prezident Tramp, oʻz navbatida, Oʻzbekiston-Amerika munosabatlari misli koʻrilmagan darajaga yetganini hamda ikki mamlakat yetakchilari oʻrtasida ishonchga asoslangan yaqin muloqot oʻrnatilganini taʼkidladi.
Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Oʻzaro hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarning jadal surʼatiga yuqori baho berildi.
Uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston hududlari va Amerika shtatlari oʻrtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. AQSh fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani ishbilarmonlik aloqalarining faollashuviga xizmat qilmoqda.
Fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, togʻ-kon sanoati, infratuzilma, energetika, metallurgiya, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilinar ekan, global xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.
Yetakchilar boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdilar.
Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Trampga oʻzi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishni taklif qildi.
