platina.uz
Siyosat

Senat Prezident Administratsiyasi toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi

Qonunni tayyorlash jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, xususan, AQSh, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozogʻiston va boshqa davlatlar tajribalari oʻrganilgan hamda tahlil qilingan. 

Senat Prezident Administratsiyasi toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi

Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mamlakatimizda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlatchiligimiz rivojining tarixiy tajribasiga tayangan holda davlat hokimiyati va boshqaruvining samarali tizimi yaratilgan. Davlat hokimiyatining tashkil etilishi, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati asoslari alohida boblarda batafsil bayon etilgan.

Konstitutsiyaning XIX bobi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oid boʻlib, unda Prezident davlat boshligʻi maqomida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini taʼminlashi, shuningdek, uning mamlakat boshqaruvi va taraqqiyotini taʼminlashdagi muhim vakolatlari mustahkamlangan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini shakllantirishi, Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan boʻlib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi oʻrni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Qonunda Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligi hamda aloqalari huquqiy tartibga solinmoqda. Qonunni tayyorlash jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, xususan, AQSh, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozogʻiston va boshqa davlatlar tajribalari oʻrganilgan hamda tahlil qilingan. Qonunni maʼqullash jarayonlari Senatning rasmiy internet platformalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirda namoyish etildi va senatorlar tomonidan keng muhokama qilindi.

Senatorlarning fikricha, Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga, davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid