Namangan shahri sobiq hokimi 11 yilga qamaldi
Anvar Otaxoʻjayev 2025 yil sentabrda tezkor tadbirda qoʻlga olingandi.

Namangan shahri sobiq hokimi 11 yilga qamaldi. Bu haqda Fargʻona viloyati sudlari xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Oʻzbekiston tuman sudining 2026 yil 7 avgustdagi hukmi bilan Anvar Otaxoʻjayev (1972 yilda tugʻilgan, Namangan shahar hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi 3-qismi “v” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi va 210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida uzil-kesil 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishi boʻyicha 3 nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 nafariga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari hamda 1 nafar sudlanuvchiga 3 yilga ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Fargʻona viloyat sudiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Anvar Otaxoʻjayev 2025 yil sentabrda tezkor tadbirda qoʻlga olingandi. U 60 ming dollar pora olishda gumonlangandi.
Anvar Otaxoʻjayev Namangan shahar hokimi lavozimiga 2023 yil dekabrida tayinlangandi.
