Samarqandda elektr taʼminoti korxonasi rahbari pora olayotganda ushlandi
Poytaxtda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan shaxs aniqlandi.

Korrupsiya va firibgarlik bilan bogʻliq holatlar aniqlandi.
Samarqand viloyati tumanlaridan biridagi Elektr taʼminoti korxonasi rahbari mahalliy tadbirkorga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida oʻzboshimchalik bilan elektr tarmogʻiga ulanish natijasida davlatga yetkazilgan 393 mln soʻmlik zarar holati yuzasidan jinoiy javobgarlikka torttirmaslik, aksincha, zarar miqdorini kamaytirib koʻrsatgan holda maʼmuriy tartibda sudga chiqarib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Joriy yilning iyul oyi oxirlarida ushbu pul mablagʻi hisobidan 4 ming dollarni olgan mansabdor shaxs tadbirkordan qolgan 1 ming dollarni ham tezroq berishini soʻragan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1 ming AQSh dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Taʼkidlash lozim, mazkur rahbar muqaddam sudlangan boʻlsada oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kiritib qoʻyish bilan bogʻliq noqonuniy holat fosh etildi.
Xususan, poytaxtda istiqomat qiluvchi, 1988 y.t., muqaddam sudlangan shaxs oʻzining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2001 y.t. fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda u oldindan 13 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
