platina.uz
Sport

Samarqandda Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbarligiga saylov boʻlib oʻtadi

FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich joriy yilning iyul oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan soʻng oʻz vakolatlarini bajarishni vaqtincha toʻxtatgandi. 

Samarqandda Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbarligiga saylov boʻlib oʻtadi

26–27 sentabr kunlari Samarqand shahrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi.

Ovoz berish jarayoni dunyoning 200 ga yaqin milliy shaxmat federatsiyalari vakillarini jamlaydigan tashkilot Bosh assambleyasi doirasida oʻtkaziladi.

Ushbu saylov navbatdagi FIDE Kongressining asosiy voqealaridan biri boʻlib, 15–27 sentabr kunlari Samarqandda oʻtkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda boʻlib oʻtadi. Qadimiy shahar ikki hafta davomida minglab sportchilar, rasmiy shaxslar va milliy federatsiyalar vakillarini birlashtirib, jahon shaxmat poytaxtiga aylanishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 2018 yildan beri federatsiyaga rahbarlik qilib kelayotgan va 2022 yilda qayta saylangan FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich joriy yilning iyul oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan soʻng oʻz vakolatlarini bajarishni vaqtincha toʻxtatgan edi. Prezident vazifasini bajarish FIDE rahbari oʻrinbosari, besh karra jahon chempioni, taniqli hindistonlik shaxmatchi Vishvanatan Anand zimmasiga yuklatildi.

Ayni vaqtda saylovda ishtirok etish uchun uch nafar nomzod roʻyxatga olingan. Prezidentlik lavozimi uchun Qozogʻiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov (vitse-prezidentlikka nomzod – Vishvanatan Anand), germaniyalik tadbirkor Yan Xenrik Byuttner (britaniyalik shaxmat arbobi Malkolm Peyn) va Germaniyaning “WR Chess” shaxmat jamoasi asoschisi Vadim Rozenshteyn (singapurlik tadbirkor Gordon Tan) kurash olib boradi.

FIDE nizomiga koʻra, prezidentni milliy shaxmat federatsiyalaridan tashkil topgan Bosh assambleya saylaydi. Har bir federatsiya mamlakat aholisi soni yoki shaxmatning rivojlanish darajasidan qatʼiy nazar, bitta ovozga ega boʻladi. Ovoz berish yashirin tarzda oʻtkaziladi va eng koʻp ovoz toʻplagan nomzod gʻolib deb topiladi.

FIDE prezidenti saylovining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda Samarqandda oʻtkazilishi 2026 yilgi jahon shaxmat hamjamiyati taqvimidagi eng muhim voqealardan biriga aylanadi.

Ikki kun davomida 200 nafarga yaqin milliy federatsiya vakillari xalqaro shaxmat harakatining kelgusi taraqqiyoti oʻziga bogʻliq boʻlgan tashkilot rahbariyatini aniqlab oladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid