Oʻzbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova vafot etdi
Ijodkorning “Xizr bulogʻi, “Yetti oqqush”, “Giyohlar bilan tillashgan inson”, “Ayolga ehtirom”, “Tongga qasam”, “Diydor saodati”, “Vafoning iffat yoʻli”, “Bedor tun tomchilari” kabi sheʼriy va publitsistik asarlari eʼlon qilingan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova 5 avgust kuni 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
U ayol qalbining goʻzalligi yorqin badiiy obrazlar, poetik tasvirlar orqali teran aks ettirilgan, oʻtkir ijtimoiy muammolar tahlil qilingan “Hayot zavqi”, “Mening bahorim” kabi dastlabki sheʼriy toʻplamlari adabiy jamoatchilik va kitobxonlar tomonidan ijobiy baholandi.
Ijodkorning “Xizr bulogʻi, “Yetti oqqush”, “Giyohlar bilan tillashgan inson”, “Ayolga ehtirom”, “Tongga qasam”, “Diydor saodati”, “Olimlik va odamiylik”, “Vatan suvrati”, “Vafoning iffat yoʻli”, “Bedor tun tomchilari” kabi sheʼriy va publitsistik asarlari eʼlon qilingan.
Shuningdek, “Qaddingni tik tut, ayol!”, “Vatan”, “Ona nidosi”, “Davlatli sultonim mening”, “Dunyo”, “Onajon tilim”, “Sendan bir dam ayro tushmaymiz, Vatan!” singari musiqiy taronalar sanʼat xazinasi va muxlislar qalbidan chuqur joy oldi.
Oʻtgan asrning 20 yillarida, tahlikali bir sharoitda olis Germaniyaga borib oʻqigan va mustabid tuzum davrida qatagʻon qilingan oʻzbek ayollari taqdiriga bagʻishlab, 2024 yilda “Qabohat saltanati yoxud qor qoʻynida lolalar” deb nomlangan epik koʻlamli sheʼriy roman yaratdi.
U 1999–2009 yillarda Oliy Majlis deputati, Oila va ayollar muammolari komissiyasi raisi kabi masʼuliyatli lavozimlarda samarali faoliyat koʻrsatdi.
Sharifa Salimova “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan edi.
