platina.uz
Maqola

Eron tinchlikni xohlaydimi yoki urush soyasida yashaydimi?

Eron xalqi zoʻrgʻa kun kechiradi. Biroq neft va boshqa resurslardan keladigan milliardlab dollarlik daromad xalq hayotini farovon qilishga emas, urushga tayyorlanish, qurol-yarogʻ va mintaqadagi shia jangarilarini qoʻllab quvvatlashga sarflanadi. Shuning uchun bugungi asosiy savol shunday yangraydi: Eron oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun kurashayaptimi yoki doimiy konfrontatsiya uning siyosiy tizimini saqlab qolish vositasiga aylanganmi?

Eron tinchlikni xohlaydimi yoki urush soyasida yashaydimi?

Eron oʻzini tashqi tahdidlardan himoya qilayotgan davlat sifatida koʻrsatadi. Biroq uning oʻnlab yillar davomida shakllangan mintaqaviy taʼsir siyosati, proksi kuchlar tarmogʻi, raketa dasturi va Gʻarb bilan uzluksiz qarama-qarshiligi boshqa savolni tugʻdiradi: Tehron haqiqatan ham tinchlik va xavfsizlikni izlayaptimi yoki doimiy konfrontatsiya muhiti uning siyosiy tizimini saqlab qolish vositasiga aylanganmi?

Neft va gaz zaxiralariga boy, katta inson va ilmiy salohiyatga ega Eron nega iqtisodiy qiyinchiliklar, sanksiyalar va mintaqaviy ziddiyatlar girdobida qolmoqda? Uning «qarshilik» strategiyasi mamlakatni kuchaytiradimi yoki aksincha, uni uzoq davom etgan mojarolarga bogʻlab qoʻyaptimi?

Turkiyadan «kutilmagan» bayonot

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidanning keskin bayonoti ortidan rasmiy Tehron va Anqara oʻrtasida diplomatik taranglik yuzaga keldi.

Hoqon Fidan iyul oyi boshida, NATO sammiti yakunlanganidan soʻng bergan The National nashriga intervyusida Eron va Isroil harakatlari oʻrtasida oʻxshashlik borligini taʼkidladi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Eron yillar davomida mintaqada keng ittifoqchilari (shia jangarilari – Eron proksi kuchlari) tarmogʻiga ega ekanini va bu kuchlar uning xavfsizligini taʼminlash zarurati bilan izohlanishini qayd etdi. Turkiyalik diplomatning taʼkidlashicha, Eronning bunday yondashuvi Isroil strategiyasiga juda oʻxshaydi. Chunki Isroil ham oʻzining begona «hududlarni egallab turishi»ni xavfsizlik manfaatlari bilan asoslaydi.

Eronning javobi

Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy bunday fikrlardan hayratlanganini bildirib, shunday dedi:

«Turkiyalik doʻstlarimiz, albatta, bunday gʻalati va tushunish qiyin boʻlgan qiyosga qanday asosda kelganini izohlab berishlari kerak».

Baqoiy oʻz chiqishida Tehronning mintaqada uchinchi tomonlar orqali harakat qilayotgan kuchlardan foydalanayotgani haqidagi daʼvolarni qatʼiyan rad etdi. Uning taʼkidlashicha, Eronning mintaqada «hech qanday proksi kuchlari yoʻq».

Uning soʻzlariga koʻra, Eronga nisbatan bunday taʼrif berish «tubdan notoʻgʻri» hisoblanadi.

Baqoiy, Tehron nuqtai nazaridan «Mintaqadagi yagona proksi — bu sionistik rejimdir» dedi. Hamda «Sionistik rejimning harakatlari — uning bosib olingan Falastin hududlaridagi genotsidi, shuningdek, Livan, Suriya, Eron va boshqa davlatlarga qarshi hujumlari — barchaga ochiq-oydin koʻrinib turibdi», deya qoʻshimcha qildi.

Neft boyligi, raketa dasturlari va «qarshilik oʻqi»: Tehronning geosiyosiy strategiyasi ortida nima turibdi?

Yaqin Sharqdagi har bir yangi inqiroz ortida bitta katta savol yashiringan: mintaqadagi davlatlar haqiqatan ham xavfsizlik uchun kurashayaptimi yoki ularning ayrimlari doimiy qarama-qarshilikni oʻz siyosiy tizimining bir qismiga aylantirib olganmi?

Bugun bu savol, avvalo, Eron Islom Respublikasiga nisbatan koʻp beriladi. Chunki Tehron bir vaqtning oʻzida ikki qarama-qarshi manzarani namoyon qiladi. Bir tomondan, u qadimiy sivilizatsiyaga, ulkan neft va gaz zaxiralariga, katta ilmiy salohiyatga va 80 milliondan ortiq aholiga ega davlatdir. Ikkinchi tomondan esa, u oʻnlab yillardan beri sanksiyalar, mintaqaviy mojarolar, yadroviy dastur atrofidagi bahslar va AQSh hamda Isroil bilan keskin raqobat markazida turibdi.

Eron xalqi zoʻrgʻa kun kechiradi. Biroq neft va boshqa resurslardan keladigan milliardlab dollarlik daromad xalq hayotini farovon qilishga emas, urushga tayyorlanish, qurol-yarogʻ va mintaqadagi shia jangarilarini qoʻllab quvvatlashga sarflanadi.

Shuning uchun bugungi asosiy savol shunday yangraydi: Eron oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun kurashayaptimi yoki doimiy konfrontatsiya uning siyosiy tizimini saqlab qolish vositasiga aylanganmi?

Bu savolga javob berish uchun Eron tashqi siyosati shakllangan tarixiy jarayonga nazar tashlash kerak.

Inqilobdan keyin shakllangan «qarshilik» siyosati

1979 yilda Eronda Islom inqilobi gʻalaba qozondi va mamlakatning butun siyosiy yoʻnalishi oʻzgardi. Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy davrida Gʻarb bilan yaqin munosabatda boʻlgan Eron yangi rahbariyat davrida AQSh va Isroilni asosiy geosiyosiy raqib sifatida koʻra boshladi.

Yangi davlat mafkurasiga koʻra, Eron nafaqat oʻz hududini boshqarishi, balki mintaqadagi «mazlum xalqlar»ni qoʻllab-quvvatlashi kerak edi. Shu gʻoya keyinchalik «qarshilik oʻqi» deb atalgan siyosiy va harbiy tarmoqning shakllanishiga olib keldi.

Tehron nuqtai nazaridan bu siyosat tashqi dushmanlardan himoya qilish uchun zarur boʻlgan strategik chuqurlikni yaratdi. Eron rahbariyati 1980–1988 yillardagi Eron-Iroq urushi tajribasini hech qachon unutmagan. Oʻsha davrda Saddam Husayn armiyasi Eron hududiga bostirib kirgan va mamlakat katta talafot koʻrgan edi.

Shu sababli Tehronda shunday qarash shakllandi: agar mamlakat oʻz chegaralaridan tashqarida taʼsirga ega boʻlmasa, uning dushmanlari urushni Eron hududiga olib kelishi mumkin.

IIMK va yangi xavfsizlik modeli

Bu strategiyaning asosiy amalga oshiruvchisi Islom inqilobi muhofizlari korpusi — IIMK boʻldi. IIMK oddiy armiya emas. U Eron davlat tizimida alohida oʻringa ega boʻlgan siyosiy, harbiy va iqtisodiy kuch markazidir. Uning tarkibidagi «Quds» kuchlari mamlakat tashqarisidagi operatsiyalar bilan shugʻullanadi va Eronning mintaqaviy ittifoqchilari bilan aloqalarini taʼminlaydi.

IIMK tarafdorlari uni Eron mustaqilligi va xavfsizligining kafolati deb hisoblaydi. Ularning fikricha, agar Eron mintaqada taʼsirga ega boʻlmaganida, mamlakat koʻp marta tashqi hujumlarga duch kelgan boʻlar edi.

Biroq tanqidchilar boshqacha fikrda. Ular IIMKning kuchayishi nafaqat tashqi siyosatni harbiylashtirganini, balki ichki siyosiy tizimda ham kuch tuzilmalarining taʼsirini oshirganini taʼkidlashadi.

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Eronning tashqi strategiyasi faqat xavfsizlik masalasi emas. U mamlakat ichidagi hokimiyat muvozanati bilan ham bogʻliq.

«Qarshilik oʻqi»: taʼsirni chegaradan tashqariga chiqarish

Eronning mintaqadagi taʼsiri asosan ittifoqchi kuchlar orqali amalga oshiriladi. Livandagi «Hizbulloh» harakati Tehronning eng muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. U nafaqat katta harbiy imkoniyatlarga, balki Livan siyosiy hayotida ham sezilarli taʼsirga ega.

Yamandagi husiylar esa soʻnggi yillarda butun dunyo eʼtiborini oʻziga qaratdi. Qizil dengizdagi hujumlar xalqaro savdo yoʻllariga taʼsir koʻrsatdi va Bob al-Mandib boʻgʻozining strategik ahamiyatini yana bir bor namoyon qildi.

Iroqdagi ayrim shia jangarilari guruhlari (Badr) ham Tehron bilan yaqin aloqalarga ega. Gʻarb davlatlari bu tarmoqni Eronning proksi strategiyasi deb baholaydi. Yaʼni Tehron oʻz taʼsirini toʻgʻridan-toʻgʻri armiya orqali emas, balki ittifoqchi kuchlar orqali amalga oshiradi.

Eron esa bu taʼrifni qabul qilmaydi. Tehronning rasmiy pozitsiyasiga koʻra, bu guruhlar mustaqil harakat qiladi va ularni qoʻllab-quvvatlash - mintaqadagi qarshilik kuchlariga yordam berish bilan barobar.

Eron va Isroil: ikki davlat, ikki xavfsizlik modeli

Yaqin Sharqdagi eng murakkab qarama-qarshiliklardan biri Eron va Isroil oʻrtasidagi raqobatdir. Bu raqobat faqat ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy kelishmovchilik emas, balki mintaqadagi kuchlar muvozanati uchun kurashdir.

Ayrim tahlilchilarning fikricha, soʻnggi yillarda ikki davlatning xavfsizlik strategiyalarida maʼlum oʻxshashlik paydo boʻldi: har ikkisi ham oʻz xavfsizligini oʻz chegaralaridan tashqarida taʼminlashga harakat qilmoqda.

Isroil koʻp yillar davomida «preventiv zarba» yoki «oldindan bartaraf etish» konsepsiyasiga tayanib keldi. Uning asosiy argumenti shundan iboratki, dushman kelajakda xavfga aylanishi mumkin boʻlsa, uni kuchayishidan oldin toʻxtatish kerak. Shu sababli Isroil Suriya, Livan va boshqa hududlarda oʻz xavfsizligiga tahdid deb hisoblagan obʼektlarga qarshi operatsiyalar oʻtkazib keladi.

Eron esa boshqa yoʻlni tanladi. U toʻgʻridan-toʻgʻri keng koʻlamli harbiy operatsiyalardan koʻra mintaqaviy ittifoqchilar tarmogʻi orqali taʼsir oʻtkazishga harakat qiladi. Tehron nuqtai nazaridan, bu hujumkor siyosat emas, balki oʻzini himoya qilishning oldingi chizigʻidir. Biroq Eronning raqiblari bu yondashuvni boshqacha baholaydi. Ularga koʻra, Eron oʻz chegaralaridan uzoqda harbiy taʼsir zonalarini yaratib, mintaqaviy ustunlikka erishishga intiladi.

Shu yerda asosiy ziddiyat paydo boʻladi: Eron oʻz harakatlarini mudofaa deb tushuntiradi, uning raqiblari esa bu harakatlarni ekspansiya sifatida qabul qiladi.

Neft boyligi va qashshoqlik paradoksi

Eron siyosati haqidagi eng katta savollardan biri ichki iqtisodiyot bilan bogʻliq.

Mamlakat dunyodagi eng katta energetik zaxiralarga ega davlatlardan biri boʻla turib, nega iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda?

Eron neft va gaz resurslari boʻyicha jahonda yetakchi oʻrinlarda turadi. Agar mamlakat xalqaro iqtisodiy tizimga toʻliq integratsiya qilinganida, xorijiy investitsiyalar oqimi va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyati keng boʻlishi mumkin edi.

Ammo amalda vaziyat boshqacha boʻldi. Oʻnlab yillar davomidagi sanksiyalar, siyosiy qarama-qarshiliklar va tashqi bosim iqtisodiyotga katta zarar yetkazdi. (Aslida sanksiyalarga ham Eronning qaysarona va diplomatik jihatdan noʻnoq qadamlari – AQSh va Isroil, umuman Gʻarbga muttasil oʻlim tilash, ularni dushman deb hisoblash, yadroviy dasturni rivojlantirishga qaratilgan ochiq va tahdidli bayonotlari sabab boʻldi).

Biroq tanqidchilar faqat sanksiyalarni sabab sifatida koʻrsatish yetarli emasligini aytadi. Ular Eron rahbariyatining oʻzi ham strategik tanlov qilganini taʼkidlaydi: mamlakat resurslarining katta qismi xavfsizlik va mintaqaviy taʼsirni kuchaytirishga yoʻnaltirildi.

Qurol zarurmi yoki non?

Eron rahbariyati bu tanqidlarga javoban boshqa mantiqni ilgari suradi:

agar mamlakat kuchli mudofaa imkoniyatlariga ega boʻlmasa, uning iqtisodiy rivojlanishi ham xavf ostida qoladi. Yaʼni Tehron nazarida harbiy xarajatlar iqtisodiyotga qarshi emas, balki uni himoya qilish vositasi hisoblanadi. Bu sobiq SSSR va Rossiya strategiyasiga oʻxshaydi: tashqi dushman obrazi yaratiladi, muttasil uning hujum qilish ehtimoli boʻrttirib koʻrsatiladi, jamiyatdagi barcha muammolar va boshqaruv bilan bogʻliq noʻnoqliklar “dushman”ning makkorona josusligi oqibati, yoki unga qarshi kurashda paydo boʻlgan, xalq sabr qilish lozim boʻlgan “vaqtincha” cheklovlar sifatida taqdim etiladi. Biroq xalq bechora bir necha avlod oʻtib sabr qilsa ham nurli kunlar kelmaydi, buyuk kelajak hech ham yaqinlashmaydi. Chunki rejim muttasil urush va dushmanona siyosat soyasida yashashga oʻrganib qolgan. Tinch jamiyat qurishni bilmaydi, yoki istamaydi.

Buni yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bahsli bayonoti bilan ham isbotlash mumkin. “Maxsus harbiy operatsiya (yaʼni Ukrainaga bosqichnlik urushi – muallif) tugasa nima qilamiz” degan edi Putin kulimsirab. Yaʼni Putinda ham tinch hayot qurishdan koʻra urush holatida xalqni kuch bilan ushlab turib boshqarish osonroq va foydaliroq boʻlib qoladi.

Raketalar va yadroviy dastur: hujum quroli yoki kafolatmi?

Eronning yadroviy dasturidan tashqari raketa dasturi ham mintaqadagi eng katta bahs mavzularidan biri boʻlib qolmoqda. Tehron oʻzining ballistik raketalarini asosan mudofaa vositasi deb hisoblaydi. Eron rasmiylarining taʼkidlashicha, mamlakat havo kuchlari AQSh yoki Isroil kabi davlatlar bilan solishtirganda cheklangan imkoniyatlarga ega, shuning uchun raketa texnologiyalari strategik muvozanatni saqlash uchun zarur.

Gʻarb davlatlari va Isroil esa bu dasturni mintaqaviy tahdid sifatida koʻradi.

Yadroviy dastur masalasi esa yanada murakkab. Eron yadroviy faoliyati tinch maqsadlarga qaratilganini bildirib keladi. Tehronning taʼkidlashicha, mamlakat atom energiyasidan elektr energetikasi, tibbiyot va ilmiy tadqiqotlar uchun foydalanish huquqiga ega. Biroq AQSh, Isroil va Yevropa davlatlari Eronning uran boyitish imkoniyatlari kelajakda yadroviy qurol yaratish imkoniyatini berishi mumkinligidan xavotirda.

2015 yilda imzolangan yadroviy kelishuv maʼlum cheklovlar oʻrnatgan edi, ammo AQShning kelishuvdan chiqishi va keyingi voqealardan soʻng Eron oʻz yadroviy faoliyatini kengaytirdi.

Bu yerda ham ikki qarama-qarshi qarash mavjud. Tehron uchun yadroviy salohiyat — dushmanlarni tiyib turuvchi vosita. Uning raqiblari uchun esa — mintaqada kuchlar muvozanatini buzishi mumkin boʻlgan xavf.

Urush siyosat vositasiga aylanganda

Eronning tashqi siyosatida yana bir muhim omil bor: tashqi tahdid omili ichki siyosiy barqarorlikka xizmat qilishi mumkin.

1979 yilgi inqilobdan keyin AQSh va Isroilga qarshi kurash davlat mafkurasining markaziy qismiga aylandi. Tashqi bosim va dushman obrazi jamiyatni birlashtirish vositasi boʻlib xizmat qildi.

Tabiiyki, har qanday davlat uchun xavfli tashqi muhit ichki siyosiy nazoratni kuchaytirishi mumkin. Chunki bunday vaziyatda hukumat «milliy xavfsizlik» masalasini birinchi oʻringa qoʻyadi.

Eronda ham shunga oʻxshash jarayon kuzatiladi. Iqtisodiy qiyinchiliklar koʻpincha tashqi sanksiyalar bilan tushuntiriladi. Siyosiy noroziliklar esa baʼzan tashqi dushmanlarning taʼsiri sifatida baholanadi. Rejim tarafdorlari bunday yondashuvni davlatni himoya qilish deb koʻrsa, tanqidchilar bu holat siyosiy tizimning oʻzini saqlab qolish mexanizmiga aylanganini taʼkidlaydi.

Eron xalqi va bir ogʻir savol

Garchi oyatullo rejimi propagandasi xalqni hukumat bilan birdam qilib koʻrsatishga urinayotgan boʻlsada, atagi 1 yil oldin va shu yil boshida oyatullo rejimiga qarshi norozilik namoyishlari buning notoʻoʻgʻri ekanligin isbotladi. Deyarli 5000 kishi osib oʻldirilgach, bu namoyishlar toʻxtadi, biroq xalqning nafrati ham yoʻqoldi, deb boʻlmaydi. Hukumatga qarshi nafrat kuch va zoʻravonlik bilan bosib turilibdi xolos.

Xullas, Eron jamiyati bir xil fikrda emas. Mamlakatda oʻz davlatining mustaqil siyosati va Gʻarb bosimiga qarshi turishini qoʻllab-quvvatlaydigan qatlamlar bor. Iqtisodiy qiyinchiliklar, ishsizlik, inflyatsiya va kelajakka ishonchsizlikdan norozi boʻlgan millionlab odamlar ham mavjud.

Ayniqsa yosh avlod orasida shunday savol tobora koʻproq yangramoqda: Eronning buyukligi faqat tashqi kurash va harbiy qudrat orqali taʼminlanadimi yoki mamlakat oʻz salohiyatini iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligiga yoʻnaltirishi kerakmi? Bu savol Eronning kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Xulosa: tinchlikka intilish va konfrontatsiyadan voz kechmaslik oʻrtasida

Eronni faqat «urush istaydigan davlat» deb baholash haqiqatni soddalashtirish boʻladi. Tehron AQSh yoki Isroil bilan katta urushga kirish uning oʻzi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishini yaxshi tushunadi. Shu sababli Eron koʻp hollarda toʻgʻridan-toʻgʻri urushdan qochadi va bilvosita taʼsir usullaridan foydalanadi.

Biroq shu bilan birga, Eron oʻzining mintaqaviy taʼsir tarmogʻidan, raketa dasturidan va «qarshilik» gʻoyasidan voz kechishni istamaydi. Chunki bu siyosat uning uchun bir vaqtning oʻzida xavfsizlik vositasi, geosiyosiy taʼsir quroli va ichki siyosiy tizimning muhim qismiga aylangan.

Shuning uchun asosiy savol «Eron urushni xohlaydimi?» degan savoldan ham murakkabroqdir. Asosiy savol shunda: Eron tinchlik sharoitida ham oʻzining hozirgi siyosiy modelini saqlab qola oladimi?

Chunki baʼzan davlatlar nafaqat dushmanlaridan, balki uzoq davom etgan kurash muhitining oʻziga bogʻlanib qolishdan qoʻrqishadi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid