Toshkentda qurilish firmasi mansabdorlariga nisbatan tergov boshlandi
“New Port” turar-joy majmuasi masʼullari aholiga kompensatsiya toʻlamayotgani maʼlum boʻlgan. Bundan tashqari qurilishga tegishli ruxsatnoma olmasdan turib 20, 19 va 12 qavatli turar-joy binolarini oʻzboshimchalik qurishgan.

Toshkentda qurilish firmasi mansabdorlariga nisbatan tergov boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar prokuraturasi xabar berdi.
Joriy yilning 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarida “New Port” turar-joy majmuasida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxslar tomonidan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Damariq MFY, A.Qahhor koʻchasi, 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari toʻliq toʻlab berilmayotganligi va ushbu uy noqonuniy buzilayotganligi haqida videomaterial tarqalgan.
Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Mega Logistics Servise” MChJ mansabdor shaxslari yuqorida koʻrsatilgan manzilda yashovchi fuqarolarni majburiy koʻchirish boʻyicha ijro harakatlari yakunlanmagan boʻlsa-da, mazkur uyni oʻzboshimchalik bilan buzib tashlanganligi aniqlangan.
Shuningdek, qurilishga tegishli ruxsatnoma olmasdan turib, ushbu hududda 1 ta 20 qavatli, 2 ta 19 qavatli, 1 ta 12 qavatli va 1 ta 2 qavatli turar-joy binolarini oʻzboshimchalik bilan qurilganligi maʼlum boʻlgan.
Tekshiruv natijasiga koʻra, “Mega Logistics Servise” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan boʻlib, natijasi boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi, deyiladi xabarda.
