platina.uz
Iqtisod

Solfy mojarosi: Milliy bank va investorlar ziddiyati

Solfy — 2020 yilda ishga tushirilgan fintex-platforma boʻlib, u tovarlarni boʻlib-boʻlib toʻlash (Buy Now, Pay Later — BNPL) tizimini rivojlantirish uchun yaratilgan. Milliy bank loyihaga 1 million dollar miqdorida kredit ajratgani qayd etilgan. 

Solfy mojarosi: Milliy bank va investorlar ziddiyati

Soʻnggi kunlarda Solfy fintex-kompaniyasi atrofidagi koʻp yillik nizo yana axborot maydoni markaziga chiqdi. Xorijiy media-resurslarda ham bu mojaroga baho berish, sabab-oqibat bogʻliqligini tahlil qilishga urinishlarni kuzatish mumkin.

Jumladan, 4 avgust kuni asiais.ru nashrida mazkur vaziyatga bagʻishlangan maqola chop etildi. “Tovariщ detstva glavы Natsbanka Alishera Mirsoatova i arest Xasanova razrushayut investklimat Uzbekistana” sarlavhali maqolada asosan, Solfy kompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy banki oʻrtasidagi ziddiyat jiddiy tus olayotgani, bu kabi mojarolar respublikadagi investitsion muhit haqidagi tasavvurlarni yomonlashtirishi mumkinligi aytilgan.

Ushba maqolada bir vaqtning oʻzida bir nechta voqea - kompaniyaning sobiq bosh direktori Oʻktam Hasanovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi, investorlar bilan Oʻzbekiston Milliy banki (OʻzMB) oʻrtasidagi tijorat nizosi hamda bank rahbariyati atrofidagi shaxslarga bagʻishlangan jurnalistik surishtiruv oʻzaro uygʻunlashtirilgan.

Darhol taʼkidlash lozimki, quyida keltirilgan voqealar, tomonlarning oʻzaro ayblovlari, ehtimoliy bosim haqidagi fikrlar mazkur nashrda bayon qilingan maʼlumotlar va nizo ishtirokchilarining ommaviy bayonotlariga asoslangan. Ular sud tomonidan tasdiqlangan faktlar yoki ushbu maqola muallifining shaxsiy nuqtai nazari emas. Zero, koʻplab holatlar hozir ham sud va tergov jarayonlarida koʻrib chiqilmoqda, ayrim ayblovlar esa hali mustaqil sud bahosini olmagan.

Bu mavzu nega yana kun tartibiga chiqdi?

Oxirgi kunlarda bir vaqtning oʻzida ikki yoʻnalishdagi axborotlar eʼlon qilindi.

Birinchisi — Uzinvest loyihasiga oid yangi jinoyat epizodi haqida. Unda bir guruh tadbirkorlar Oʻktam Hasanovga nisbatan daʼvolarini bildirib, oʻzlariga taxminan 1,8 million dollar miqdorida zarar yetkazilganini maʼlum qildi.

Ikkinchi yoʻnalish esa tadbirkor Shuhrat Izroilbekovning Moskvadagi qimmatbaho koʻchmas mulki haqidagi jurnalistik surishtiruv bilan bogʻliq. Maqolada u Oʻzbekiston Milliy banki raisiga yaqin insonlardan biri hamda Solfy loyihasi ishtirokchisi sifatida tilga olingan.

Maqola mualliflari ushbu ikki axborot deyarli bir vaqtning oʻzida paydo boʻlganini qayd etib, ular oʻzaro bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qiladi. Biroq bu kabi muvofiqlashtirilgan harakat boʻlganini tasdiqlovchi rasmiy dalillar keltirilmagan, davlat organlari ham bunday bayonot bermagan.

Shuning uchun bu yerda tasdiqlangan faktlar bilan taxminlar va talqinlarni bir-biridan ajratib qarash muhim.

Solfy nima?

Mojaroni tushunish uchun avvalo Solfy qanday loyiha boʻlganini anglash lozim.

Solfy — 2020 yilda ishga tushirilgan fintex-platforma boʻlib, u tovarlarni boʻlib-boʻlib toʻlash (Buy Now, Pay Later — BNPL) tizimini rivojlantirish uchun yaratilgan.

Bunday xizmatlar bugungi kunda dunyoning koʻplab mamlakatlarida qoʻllaniladi. Ularning asosiy vazifasi — xaridorga mahsulotni darhol olish, uning qiymatini esa maʼlum muddat davomida qismlarga boʻlib toʻlash imkonini berishdan iborat. Yaʼni Solfy bank emas, balki bank hamkori bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan texnologik platforma hisoblangan.

Nizo qanday boshlangan?

Ommaviy manbalardagi maʼlumotlarga asoslanib, voqealar rivojini quyidagicha tiklash mumkin:

2020 yilda Solfy qoʻshma loyihasi tashkil etiladi. Maqolada keltirilishicha, mulkdorlik tuzilmasi quyidagicha boʻlgan:

• 75 foiz ulush — investor Maksim Poletayevga;

• 20 foiz — Shuxrat Izroilbekov bilan bogʻliq Full Stack Solution kompaniyasiga;

• 5 foiz — Oʻzbekiston Milliy bankiga.

Shuningdek, Milliy bank loyihaga 1 million dollar miqdorida kredit ajratgani ham qayd etiladi.

2023 yil oxirini esa ushbu mojaroning boshlanish nuqtasi sifatida qayd etish mumkin. Maqolaga koʻra, Milliy bank kreditni muammoli (defolt) deb eʼlon qilib, qarz boʻyicha talablarni ilgari suradi. Solfy vakillari esa aksincha, bank kartalar chiqarilishini toʻxtatib, oʻz majburiyatlarini bajarmagani tufayli loyiha ishdan chiqqanini taʼkidlaydi. Yaʼni har ikki tomon bir-birini shartnoma shartlarini buzganlikda ayblaydi.

Sud jarayonlari

Oʻzaro hamkorlik va ishonchga putur yetganidan keyin nizo sud bosqichiga oʻtadi.

Maqolada keltirilishicha, sud tomonlar oʻrtasidagi shartnomani bekor qiladi, Solfydan 17 milliard soʻmdan ortiq qarz undiriladi. Keyinchalik yana qoʻshimcha qarz va penya ham undirilgan. Qiziq jihati, Solfy tomoni esa ushbu qarzlar bankning oʻz harakatlari natijasida yuzaga kelganini taʼkidlab keladi.

Shunday qilib, dastlab tijorat nizosi sifatida boshlangan jarayon keyinchalik jinoyat-huquqiy tus olgan.

Oʻktam Hasanovning hibsga olinishi

Eng katta rezonansga sabab boʻlgan voqealardan biri — 2026 yil 27 mart kuni kompaniya bosh direktori Oʻktam Hasanovning hibsga olinishi boʻldi. Tergov uni Milliy bank mablagʻlarini oʻzlashtirish va shartnoma boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan haqni toʻlamaganlikda ayblamoqda. Himoya tomoni esa mutlaqo boshqacha nuqtai nazarni ilgari surmoqda.

Hasanov vakillarining taʼkidlashicha, oʻtkazilgan audit mablagʻlarni noqonuniy chiqarish holatlarini aniqlamagan, barcha moliyaviy operatsiyalar hujjatlar bilan tasdiqlangan. Shu sababli sudning yakuniy qarori chiqmaguncha, biror shaxsning aybdorligi haqida xulosa chiqarish huquqiy jihatdan toʻgʻri emas.

Nega investorlar buni investitsiyaviy nizo deb hisoblayapti?

Bu ishning muhim jihatlaridan biri — unda xorijiy investor ishtirok etayotganidir.

Rossiyaning yirik bank tizimida rahbarlik lavozimlarida ishlagan Maksim Poletayev bir necha marta ushbu nizo jinoyat ishidan koʻra koʻproq korporativ va investitsiyaviy nizo ekanini taʼkidlagan.

Uning fikricha, jinoiy taʼqib tijorat mojarosining davomi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Milliy banki esa bu kabi baholarni rasman tasdiqlamagan.

Shu bois bugungi kunda voqealarga nisbatan ikki xil yondashuv mavjud:

• huquqni muhofaza qiluvchi organlar buni ehtimoliy jinoyat sifatida koʻrmoqda;

• investorlar esa korporativ nizo jinoyat ishiga aylantirilganini aytmoqda.

Shuhrat Izroilbekov nima uchun tilga olindi?

Zikr etilgan maqolada tadbirkor Shuhrat Izroilbekovga alohida eʼtibor qaratilgan. Nashr maʼlumotiga koʻra, u Full Stack Solution orqali Solfy loyihasining 20 foiz ulushiga ega boʻlgan.

Shuningdek, maqolada uning Moskvada qimmatbaho kvartira sotib olgani haqidagi jurnalistik surishtiruv ham tilga olinadi. Biroq jurnalistik surishtiruvning oʻzi qonun buzilganini anglatmaydi, mazkur holat yuzasidan sud qarorlari haqida maqolada maʼlumot keltirilmagan.

Nega bu ish xalqaro maydonga chiqdi?

Vaqt oʻtishi bilan mojaro Oʻzbekiston chegarasidan tashqarida ham muhokama qilina boshladi.

Buning bir nechta sabablari bor.

Birinchidan, loyihada xorijiy kapital ishtirok etgan. Ikkinchidan, Solfy manfaatlarini xalqaro miqyosda taniqli advokat Robert Amsterdam himoya qilmoqda. Uchinchidan, ushbu ish xalqaro investorlar hamjamiyati eʼtiboriga ham tushgan.

Jumladan, 2026 yil may oyida Londonda Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasining IPO tadbiri oʻtkazilgan kuni birja binosi oldida Oʻktam Hasanovni qoʻllab-quvvatlash aksiyasi boʻlib oʻtgan.

Xorijiy investorlar uchun bu kabi voqealar, eng avvalo, mamlakatda investitsiyalar himoyasi va huquqiy kafolatlar qay darajada taʼminlanishi haqidagi savollarni kun tartibiga chiqaradi.

Bu voqea nega muhim?

Maqolada aytilishicha, qaysi tomonning pozitsiyasi sudda oʻz tasdigʻini topishidan qatʼi nazar, Solfy tarixi bitta kompaniya taqdiri bilan cheklanmaydi. U bir vaqtning oʻzida bir nechta muhim masalalarga daxl qiladi.

Jumladan, davlat va xususiy investorlar oʻrtasidagi munosabatlar, davlat-xususiy sheriklik loyihalarida shartnomaviy majburiyatlarning bajarilish holati, tijorat nizolari bilan jinoyat taʼqibi oʻrtasidagi chegara, mamlakat investitsiya muhitining xalqaro hamjamiyat tomonidan qanday qabul qilinishi borasidagi fikr va xulosalarga taʼsir qilishi mumkin. Shuning uchun ham bu ish jamoatchilik va biznes doiralari eʼtiborida qolmoqda.

Hozircha noaniq masalalar

Yuqorida keltirilgan mojaro yuzasidan koʻplab materiallar chop etilganiga qaramay, ushbu ishda hali ham javobsiz savollar talaygina.

Oʻktam Hasanovga nisbatan qoʻyilgan ayblovlar yuzasidan yakuniy sud qarori hali chiqmagan. Shuningdek, yangi chiqqan maqolalar tijorat mojarosi bilan bogʻliq holda muvofiqlashtirilgan tarzda eʼlon qilingani haqidagi daʼvolar ham mustaqil sud bahosini olmagan. Loyihada ishtirok etgan ayrim shaxslarning roli va masʼuliyati haqidagi fikrlar ham hozircha tomonlarning bayonotlari darajasida qolmoqda.

Shu bois mazkur voqealarga baho berishda sud qarorlari bilan tasdiqlangan faktlar, davlat organlarining rasmiy pozitsiyasi, investorlarning bayonotlari va jurnalistik surishtiruvlarda bildirilgan xulosalarni bir-biridan ajratib qarash muhimdir. Faqat barcha sud jarayonlari yakunlanganidan keyingina bu shov-shuvli ishning huquqiy jihatlariga toʻliq va yakuniy baho berish mumkin boʻladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid