Shahrisabz tumani hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi "fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek, asoslanmagan maʼmuriy bosim oʻtkazish qonunchilikka va etika meʼyorlariga mutlaqo zid"ligini taʼkidlagan.

Aksilkorrupsiya agentligi fuqaro xonadonida "tozalik reydi" oʻtkazgan hokimga nisbatan taqdimnoma kiritdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov mahalliy aholining xonadoniga kirib davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlar qilganligi keng jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻldi.
Holat yuzasidan agentlik quyidagilarni maʼlum qilgan:
Har qanday darajadagi rahbar fuqarolar bilan muloqotda davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishi shart. Fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek, asoslanmagan maʼmuriy bosim oʻtkazish qonunchilikka va etika meʼyorlariga mutlaqo zid.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish vakolati doirasida viloyat hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi oʻtkazish hamda huquqiy baho berish boʻyicha taqdimnoma kiritdi.
Eslatib oʻtamiz, hokim tumandagi xonadonlardan birida boʻlib, u yerdagi tozalik holatini keskin tanqid qilgan va holat videosi tarmoqlarda tarqalgandi.
