Prezident Administratsiyasi boʻyicha qonun loyihasi qabul qilindi
Loyiha Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi oʻrni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi oʻrni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.
Loyihada Administratsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek, Administratsiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya Rahbari boshchilik qilishi belgilanmoqda.
Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari ochib berilgan.
Mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakuniga koʻra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
