platina.uz
Jamiyat

Kadastr agentligi hududiy boʻlinmalari vakolatlari kengaytiriladi

Respublika darajasida ishlayotgan xodimlarning kamida 30 foizini tumanlarga oʻtkazish, respublika, viloyat va tuman darajasidagi Kadastr palatasi va xizmat koʻrsatish tuzilmalarini birlashtirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali hududiy boʻlinmalarning mustaqilligi va masʼuliyati oshiriladi, xizmatlar fuqarolarga yaqinlashtiriladi.

Kadastr agentligi hududiy boʻlinmalari vakolatlari kengaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Soʻnggi ikki yilda 1 million 200 mingdan ortiq koʻchmas mulk obʼekti xatlovdan oʻtkazildi. Natijada qoʻshimcha 16,5 ming gektar yer va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlandi.

Aniqlangan obʼektlarning 270 mingtasi kadastr bazasiga kiritilib, byudjet uchun yiliga 315 milliard soʻmlik qoʻshimcha soliq bazasi yaratildi. Kadastr xizmatlarining 90 foizi onlayn shaklda koʻrsatilmoqda.

Shu bilan birga, sohada aholi va tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlaridan foydalanish boʻyicha 1 milliondan ortiq ariza kelib tushgan boʻlsa, ularning 330 mingtasi yoki 30 foizi rad etilgan. Yaʼni amalda har uchta arizadan bittasi qanoatlantirilmagan.

Bunday holatlar fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflashiga, masalasini hal qilish uchun yana boshqa idora yoki shaxslarga murojaat etishiga sabab boʻlib, korrupsiyaviy xavflarni ham kuchaytirmoqda.

Xizmatlarni raqamlashtirish jarayonida barcha qarorlarni markazlashgan tartibda qabul qilish amaliyoti shakllangani ham aholi uchun ortiqcha toʻsiqlarni yuzaga keltirgan.

Xususan, noturar obʼekt toifasini oʻzgartirish uchun viloyat yoki respublika darajasidagi tashkilot roziligi talab qilinmoqda. Bitta masalani hal qilish uchun fuqarolardan bir necha marta ariza topshirish va har bir ariza uchun alohida toʻlov qilish soʻralmoqda.

Masalan, bitta hovlini aka-uka oʻrtasida boʻlish uchun toʻrtta, bitta merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza talab qilinadi. Bitta ariza tuman, viloyat va respublika darajasida 30-50 ta bosqichda koʻrib chiqilib, jarayon oʻrtacha 15-20 kunga choʻzilmoqda.

Yer nazorati sohasida jinoiy va maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilgani ijobiy natija berayotgani qayd etildi. Biroq jarimalarni oshirish bilan cheklanmasdan, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va fuqarolarni qonuniy faoliyatga qaytarishga qaratilgan mexanizmlarni joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.

Taqdimotda agentlikning boshqaruv tuzilmasi ham tanqidiy tahlil qilindi.

Hozirda tuman va viloyat darajasida Kadastr agentligi hamda Kadastr palatasining alohida hududiy boʻlinmalari mavjud boʻlib, tizim amalda ikkita rahbar tomonidan boshqarilmoqda.

Tizimdagi xodimlarning 56 foizini rahbar va nazoratchilar, 44 foizini esa bevosita ijrochilar tashkil etadi. Ishga qabul qilish jarayonlarining murakkabligi sababli 700 dan ortiq ish oʻrni vakant qolmoqda. Xodimlarning 40 foizi oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlamayapti.

Qolaversa, viloyat darajasidagi rahbarlarga tuman boʻlinmalari rahbarlariga nisbatan intizomiy chora koʻrish vakolati berilmagan. Natijada ijrochi xodimlarning ish yuklamasi ortib, mehnatiga haq toʻlash darajasi pastligicha qolmoqda.

Shu bois, kadastr xizmatlarini bosqichma-bosqich quyi boʻgʻinga tushirish va hududiy boʻlinmalarning vakolatlarini kengaytirish taklif qilindi.

Respublika darajasida ishlayotgan xodimlarning kamida 30 foizini tumanlarga oʻtkazish, respublika, viloyat va tuman darajasidagi Kadastr palatasi va xizmat koʻrsatish tuzilmalarini birlashtirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali hududiy boʻlinmalarning mustaqilligi va masʼuliyati oshiriladi, xizmatlar fuqarolarga yaqinlashtiriladi.

Tuzilmaviy oʻzgarishlar jarayonida aholi sarson boʻlmasligi uchun bir hafta muddatda “Kadastr maslahat burchagi” va “Tezkor kadastr” xizmatlarini yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi.

Agentlik faoliyatini “bitta ariza – bitta toʻlov” tamoyili asosida tashkil etish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi.

Yangi tartibga koʻra, koʻchmas mulkka huquq paydo boʻlganida ariza avtomatik ravishda shakllantirilib, proaktiv xizmat koʻrsatiladi. Bu orqali bir yilda 1 million 200 ming nafar arizachining vaqti va mablagʻi tejaladi. Kadastrga oid barcha xizmatlarni bitta ariza asosida koʻrsatish yoʻlga qoʻyilib, yiliga 200 mingta ortiqcha ariza qisqartiriladi.

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni toʻliq onlayn shaklga oʻtkaziladi. Natijada yiliga 500 mingta arizani amaldagi 10-15 kun oʻrniga bir necha soniyada roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati yaratiladi.

Maʼmuriy javobgarlikni maqbullashtirish boʻyicha takliflar ham maʼqullandi.

Jumladan, 2018 yilga qadar noqonuniy qurilgan uy-joylar uchun jarima qoʻllamaslik, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish taklif qilindi. Shuningdek, koʻchmas mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan muddatda ariza berilmagan holatda birinchi marta jarima oʻrniga ogohlantirish berish nazarda tutilmoqda.

Mutasaddilarga xizmatlarni soddalashtirish, ortiqcha bosqich va toʻlovlarni qisqartirish, qaror qabul qilish vakolatlarini quyi boʻgʻinga tushirish hamda soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid