platina.uz
Iqtisod

Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlashning yagona tizimi joriy etiladi

Yangi tizim bilan 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab olish koʻzda tutilgan. Davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa bajaradigan vazifalariga qarab maʼmuriy boshqaruv, asosiy va qoʻllab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi. 

Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlashning yagona tizimi joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq toʻlash shartlarini muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda davlat xizmatida kadrlarni tanlash, ishga joylash va ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari, majburiyatlari va faoliyatining asosiy tamoyillarini belgilab bergan alohida qonun qabul qilindi. Davlat organlarida boshqaruv xodimlarining shtat birliklari 2016 yildagi 73 mingdan 54 mingtaga maqbullashtirildi.

Taqdimotda amaldagi mehnatga haq toʻlash tizimida saqlanib qolayotgan nomutanosibliklar tahlil qilindi.

Bugungi kunda davlat xizmatchilari ish haqi tarkibida lavozim maoshining ulushi 15 foizdan oshmaydi. Ish haqi fondining 70 foizgacha qismini xodimning aniq natijasiga bogʻlanmagan turli ustama, mukofot va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar tashkil qiladi.

Natijada bir xil lavozimda va oʻxshash vazifalarni bajarayotgan xodimlarning ish haqi oʻrtasida katta farq yuzaga kelgan. Ayrim vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalari xodimlari viloyat, tuman va shahar hokimliklaridagi xuddi shunday lavozim egalari bilan solishtirganda tenglik prinsiplariga amal qilinmayotgani qayd etildi.

Mehnatga haq toʻlash tizimini tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas. Aksariyat davlat organlarida qoʻllanilayotgan mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha 50 dan ortiq alohida normativ hujjat amal qilmoqda.

Shu bois, davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlashning yagona, ochiq va natijaga asoslangan tizimini joriy etish taklif qilindi.

Yangi tizim bilan 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab olish koʻzda tutilgan. Davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa bajaradigan vazifalariga qarab maʼmuriy boshqaruv, asosiy va qoʻllab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi.

Xalqaro tajriba asosida 11 ta razryad va 6 ta pogʻonadan iborat yangi ish haqi setkasini joriy etish taklif qilindi. Oʻndan ortiq ustama va mukofotlar oʻrniga uchta asosiy ragʻbatlantirish toʻlovi joriy etiladi.

Jumladan, malaka darajasi, xodimning funksional vazifalarni bajarishi, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi asosida baholanadigan samaradorlik koʻrsatkichlari – KPI uchun ustama toʻlanadi.

Shuningdek, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan hamda yuqori natija koʻrsatgan xodimlarga hisobot davri yakunlari boʻyicha bonus toʻlovlari berish nazarda tutilmoqda.

Hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi oʻxshash lavozimlar maoshidan yuqori boʻlmaydi. Tuman va shaharlarda ish haqi hamda shtat birliklarini belgilashda aholi soni va hududning oʻziga xos xususiyatlari inobatga olinadi.

Eng muhimi, har bir davlat xizmatchisi ish haqi qanday shakllanishi, qaysi natija uchun ustama yoki bonus olishini oldindan biladi. Bu xodimlarning samaradorligi, tashabbuskorligi va masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari mehnatga haq toʻlash tizimida adolat va shaffoflikni taʼminlash, ish haqini xodimning malakasi, masʼuliyati hamda erishgan natijalari bilan bogʻlash muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, bonus toʻlovlari xodimning ilgʻor axborot texnologiyalarni, jumladan, sunʼiy intellekt, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirgani, tajriba va malakasini oshirgani kabi aniq mezonlar asosida toʻlanishi belgilandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid