Avtomototransport vositasini olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qoʻyish jazosi joriy etilishi mumkin
Mazkur jazo yoʻl bezoriligi, noqonuniy poyga tashkil etish, transport vositalarini mastlik holatida boshqarish, mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlash kabi qilmishlar transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilganda qoʻllaniladi.

Qonunchilik palatasi majlisida “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, yoʻl harakati ishtirokchilarining hayoti va sogʻligʻini ishonchli himoya qilish, shuningdek, qoʻpol qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning taʼsirchanligi va muqarrarligini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyiha bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslar hamda “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish natijasida fuqaroning badaniga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilgan, odam oʻlimi yoxud boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqqan hollarda transport vositasini topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yoʻl harakati ishtirokchilariga xavf tugʻdiradigan holatda yoʻl chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish, belgilangan tezlikni 80 kilometr/soatdan ortiq miqdorda oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, maʼmuriy jazoning yangi turi — avtomototransport vositasini olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qoʻyish chorasini joriy etish taklif qilinmoqda. Mazkur jazo yoʻl bezoriligi, noqonuniy poyga tashkil etish, transport vositalarini mastlik holatida boshqarish, mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlash kabi qilmishlar transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilganda qoʻllanilishi belgilanmoqda. Ushbu jazo chorasi qonunda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlari boʻyicha tuman yoki shahar sudi tomonidan qoʻllaniladi.
Qonun loyihasida transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlash uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish, shuningdek, ayrim qoʻpol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda jarimani chegirma bilan toʻlash tartibini muayyan muddat davomida qoʻllamaslik ham nazarda tutilmoqda.
