Samarkand-2028 sunʼiy yoʻldoshi 5 avgustda orbitaga uchiriladi
Loyiha doirasida “Oʻzbekkosmos” agentligi mutaxassislari tomonidan sunʼiy yoʻldosh borti uchun maxsus sunʼiy intellekt moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul giperspektral maʼlumotlarni bevosita orbitaning oʻzida qayta ishlash imkonini beradi.

Samarkand-2028 giperspektral sunʼiy yoʻldoshi 5 avgust kuni orbitaga uchiriladi.
5 avgust kuni STAR.VISION kompaniyasi tomonidan Xitoyning Shandun provinsiyasi qirgʻoqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan Samarkand-2028 va Lampung-1 giperspektral sunʼiy yoʻldoshlari uchiriladi.
Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, sunʼiy yoʻldosh dasturlarini kengaytirish hamda xalqaro kosmik hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Samarkand-2028 missiyasi ana shu siyosatning amaliy natijalaridan biri boʻlib, Oʻzbekistonning kosmik texnologiyalar va sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etuvchi muhim bosqich hisoblanadi.
Samarkand-2028 sunʼiy yoʻldoshi “Oʻzbekkosmos” agentligi va STAR.VISION kompaniyasi oʻrtasida imzolangan strategik memorandum doirasidagi hamkorlikning amaliy natijasidir. Memorandumga muvofiq, Xitoy tomonidan fazoga uchiriladigan mazkur giperspektral sunʼiy yoʻldoshga Samarkand-2028 nomi berildi. Bu nom Avstraliyaning Sidney shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) 2028 yilgi kongressni Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror sharafiga tanlangan.
Loyiha doirasida “Oʻzbekkosmos” agentligi mutaxassislari tomonidan sunʼiy yoʻldosh borti uchun maxsus sunʼiy intellekt moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul giperspektral maʼlumotlarni bevosita orbitaning oʻzida qayta ishlash imkonini berib, Yer yuzasini masofadan zondlash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Olingan maʼlumotlardan qishloq xoʻjaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish va boshqa yoʻnalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.
Ayni paytda raketa start kemasi bortiga joylashtirilgan boʻlib, uchirish hududi tomon yoʻl olgan. Barcha tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida davom etmoqda.





