Geofizika sohasini modernizatsiya qilishga qariyb 39 mln dollar yoʻnaltiriladi
Mablagʻ kon-geofizika uskunalarini yangilash va zamonaviy dala 3D seysmik majmuasini xarid qilish sarflanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalari yuzasidan hisobot berildi.
Joriy yilning birinchi yarmida jamiyat tomonidan 11,5 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarildi. Ayni paytda neft, dizel yonilgʻisi, aviakerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi prognoz koʻrsatkichlaridan yuqori boʻldi.
Yil yakuniga qadar 1 million 100 ming tonna avtobenzin, 983 ming tonna dizel yonilgʻisi, 310 ming tonna aviakerosin, 606 ming tonna suyultirilgan gaz va qariyb 1 million 180 ming tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Dunyodagi geosiyosiy vaziyat keskinlashishi natijasida Markaziy Osiyo yoʻnalishida aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Jumladan, Oʻzbekistonga amalga oshirilayotgan reyslar soni 2025 yilga nisbatan koʻpaygan. Joriy yil iyul-dekabr oylarida aviakerosinga boʻlgan talab 375 ming tonnani tashkil etishi, yaʼni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 27 foizga oʻsishi kutilmoqda. Uning asosiy qismi mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga, ayrim hamkor mamlakatlarda neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy etilgani sababli muqobil manbalardan, jumladan, Gruziya, Iroq va boshqa davlatlardan aviakerosin import qilish yoʻlga qoʻyildi.
Geologiya-qidiruv ishlarining sifati va hajmini oshirish maqsadida “Oʻzbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish rejalari haqida ham axborot berildi. Kon-geofizika uskunalarini yangilash va zamonaviy dala 3D seysmik majmuasini xarid qilish uchun 38,8 million dollar yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalar, xususan, AQShning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik maʼlumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilayotgani maʼlum qilindi. Markazda zamonaviy superkompyuter majmuasi oʻrnatiladi, yangi dasturiy taʼminotlar xarid qilinib, seysmik tadqiqotlarda sunʼiy intellektdan keng foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Mazkur tadbirlar hisobiga yillik 3D seysmik tadqiqotlar maydoni 1 ming 800 kvadrat kilometrdan 5 ming kvadrat kilometrga, oʻrganish chuqurligi esa 4,5 ming metrdan 8 ming metrga yetkaziladi. Tayyorlanadigan istiqbolli geologik tuzilmalar soni 19 tadan 30 taga oshadi.
Quduqlar qurilishida yuqori harorat va bosimga chidamli materiallar, ultratovushli karotaj, real vaqt rejimida geofizik nazorat hamda gorizontal burgʻilash texnologiyalarini joriy etish choralari belgilangan. Bu murakkab geologik sharoitlarda quduqlar ishonchliligini oshirish, mahsuldor qatlamlardan samarali foydalanish va yuqori debitga erishish imkonini beradi.
Davlat rahbari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini neft mahsulotlari bilan barqaror va uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, tarmoq korxonalarini texnologik yangilash, energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish vazifasi qoʻyildi.
