platina.uz
Maqola

Armaniston Moskva va Bryussel oʻrtasida: Kavkazning kelajagi uchun kurash. Nega Rossiya va Armaniston oʻrtasidagi eski ittifoq evrilishga uchrayapti?

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Rossiya Armanistonning asosiy tashqi hamkori boʻlib qoldi. Buning sabablari aniq edi. Turkiya bilan chegaraning yopiqligi, Ozarbayjon bilan davom etayotgan mojaro, dengizga chiqish imkoniyatining yoʻqligi, oʻz mudofaa resurslarining cheklanganligi muqobil variant yoʻq, deyish uchun asos edi. Biroq 2020 yilgi Qorabogʻ urushi bu tasavvurni oʻzgartirdi. 

Armaniston Moskva va Bryussel oʻrtasida: Kavkazning kelajagi uchun kurash. Nega Rossiya va Armaniston oʻrtasidagi eski ittifoq evrilishga uchrayapti?

Bir vaqtlar Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisi boʻlgan Armaniston endi ikki yoʻl orasida qoldi: Moskva bilan tarixiy bogʻliqlikmi yoki Bryussel bilan yangi imkoniyatlarmi? Yerevanning qarori nafaqat mamlakat taqdirini, balki butun Janubiy Kavkazdagi kuchlar muvozanatini belgilashi mumkin.

Evrilishlar davri

Bir necha yil oldin Armanistonning tashqi siyosiy tanlovi haqida savol berishning oʻzi gʻalati edi. Moskva Yerevanni sobiq sovet hududidagi eng ishonchli ittifoqchilaridan biri deb bilardi. Armaniston esa Rossiyani Janubiy Kavkazdagi asosiy xavfsizlik kafolatchisi sifatida qabul qilardi. Bugun esa bu tizim jiddiy oʻzgarishlarga yuz tutmoqda.

Rossiya rasmiylarining NATO Armanistonni KXShT (ODKB) ittifoqchilaridan «uzoqlashtirishga harakat qilmoqda» degan bayonotlari, Yevropa Ittifoqining Moskva bilan aloqalarni buzishga urinishda ayblashlar, Rossiya fuqarolariga nisbatan ehtimoliy viza munosabatlari, Rossiya tomonidan YeI bilan yaqinlashuv oqibatlari haqidagi ogohlantirishlar va, shu bilan birga, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning muqobil yoʻllar izlash zarurligi haqidagi fikrlari shuni koʻrsatmoqdaki, masala oddiy diplomatik kelishmovchilikdan ancha kengroq koʻlamga ega. Bu aslida — mamlakatning strategik kelajagi uchun kurashdir.

Hozir Armaniston ikki xil model - Rossiyaning xavfsizlik va iqtisodiy integratsiya modeli hamda Yevropa Ittifoqining siyosiy modernizatsiya va tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish modeli oʻrtasida qolmoqda.

Xoʻsh, Armaniston Rossiya taʼsir doirasidan butunlay chiqishga harakat qilyaptimi yoki Yevropa yoʻnalishidan Moskva bilan munosabatlarda yangi shartlarga erishish uchun vosita sifatida foydalanyaptimi?

Burilish nuqtasi: nega Yerevan muqobil yoʻllarni izlay boshladi?

Armaniston va Rossiya oʻrtasidagi bugungi inqirozni soʻnggi yillardagi voqealarsiz tushunish qiyin.

Maʼlumki, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Rossiya Armanistonning asosiy tashqi hamkori boʻlib qoldi. Buning sabablari aniq edi. Turkiya bilan chegaraning yopiqligi, Ozarbayjon bilan davom etayotgan mojaro, dengizga chiqish imkoniyatining yoʻqligi, oʻz mudofaa resurslarining cheklanganligi muqobil variant yoʻq, deyish uchun asos edi. KXShTdagi aʼzolik va Moskva bilan strategik hamkorlik Armaniston uchun milliy xavfsizlik asosi sifatida qaralardi.

Biroq 2020 yilgi Togʻli Qorabogʻ urushi bu tasavvurni oʻzgartirdi. Ozarbayjon Turkiya yordami bilan birinchi Qorabogʻ urushida yoʻqotilgan hududlarning katta qismini qaytarib oldi. Rossiya vositachi sifatida qatnashdi va tinchlikparvar kuchlarini joylashtirdi, ammo Armaniston jamiyatida Moskva oʻz ittifoqchisini himoya qila olmadi yoki buni istamadi degan fikr kuchaydi.

2023 yil sentabrda Ozarbayjon Qorabogʻ ustidan nazoratni toʻliq oʻrnatganidan keyin vaziyat yanada keskinlashdi. Shundan soʻng minglab armanlar hududni tark etdi. Moskva nuqtai nazaridan bu — xalqaro huquq masalasi edi: Qorabogʻ rasman Armaniston tarkibiga kirmagan. Koʻplab armanlar uchun esa bu — milliy xavfsizlik va xalq taqdiri masalasi edi. Aynan shu yerda Rossiyaning huquqiy yondashuvi bilan Armanistonning siyosiy kutilmalari oʻrtasida katta farq paydo boʻldi.

KXShT: Yerevan nazarida “oʻz vazifasini bajara olmagan ittifoq”

Armaniston va Rossiya munosabatlaridagi inqirozning asosiy ramzlaridan biri — Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti boʻldi. Armaniston mamlakat hududiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda ittifoqchilar birdamlik koʻrsatishini kutgan edi. Biroq Ozarbayjon bilan chegaradagi toʻqnashuvlardan keyin Yerevan tashkilot oʻz vazifasini bajarmaganini bildirdi. Bosh vazir Nikol Pashinyan amalda shunday savolni qoʻydi: agar ittifoq xavfsizlikni taʼminlamasa, uning nima keragi bor?

Moskva esa vaziyatga boshqacha qaraydi. Rossiyaning KXShTdagi doimiy vakili Vasiliy Vasilev NATO davlatlari va ayrim Gʻarb mamlakatlari Armanistonni ittifoqchilaridan «uzoqlashtirishga» harakat qilayotganini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, bu jarayon, jumladan, qoʻshma harbiy mashgʻulotlar orqali amalga oshirilmoqda. Rossiya nuqtai nazaridan bu faqat Armaniston tashqi siyosatining oʻzgarishi emas, balki Gʻarbning strategik muhim hududdan Rossiyani siqib chiqarishga urinishidir.

Armaniston nuqtai nazaridan esa gap Gʻarbni Rossiya oʻrniga tanlash haqida emas, balki avvalgi xavfsizlik tizimiga ishonch susayganidan keyin yangi kafolatlar izlash haqida ketmoqda.

Yevropa Ittifoqi: modernizatsiya imkoniyati yoki geosiyosiy loyiha?

Armaniston tashqi siyosatidagi eng katta yangi omil — Yevropa yoʻnalishining kuchayishidir. Yerevan Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni chuqurlashtirish, YeIga yaqinlashish va hatto kelajakda aʼzolik imkoniyatini koʻrib chiqish jarayonini boshladi.

Nikol Pashinyan hukumati uchun Yevropa yoʻli bir nechta maqsadni anglatadi. Tashqi siyosatda mustaqillikni kuchaytirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish, davlat institutlarini isloh qilish, Rossiyaga boʻlgan bir tomonlama bogʻliqlikni kamaytirish - shunday maqsadlar sirasiga kiradi. Armaniston rahbariyatining asosiy dalili quyidagicha: Armaniston oʻz hamkorlarini tanlash huquqiga ega boʻlishi kerak! Biroq bu jarayon ortida murakkab geosiyosiy haqiqat bor.

Tan olish kerak, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning barcha funksiyalarini tezda almashtira olmaydi. Yevropa hozirgi vaziyatda investitsiyalar, texnologiyalar, iqtisodiy islohotlar, siyosiy qoʻllab-quvvatlashni taklif qilishi mumkin xolos. Bu bilan u qisqa muddatda Rossiya bozori va energetikasi, koʻp yillik iqtisodiy aloqalar, shakllangan xavfsizlik tizimi oʻrnini bosa olmaydi:

Moskva Bryusselning maqsadlariga qanday qaraydi?

Rossiya Yevropa Ittifoqining Armanistonga nisbatan siyosatini faqat iqtisodiy hamkorlik sifatida koʻrmaydi. Moskvaning fikricha, YeIning asosiy maqsadi — Armanistonni Rossiya taʼsir doirasidan chiqarishdan iborat. Rossiya tomoni Armanistonning Yevropa bilan yaqinlashuvi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taʼkidlayapti.

Rossiya tashqi razvedka xizmati ham Bryussel Yerevandan Rossiya biznesining strategik tarmoqlardagi ishtirokini kamaytirish va gumanitar aloqalarni qisqartirishni talab qilayotganini bildirgan. Moskvaning fikricha, Yevropa Armanistonga katta siyosiy vaʼda bermoqda, ammo bu yoʻldagi iqtisodiy yoʻqotishlarni toʻliq qoplay olmaydi.

Iqtisodiy kurash: urushsiz bosim maydoni

Rossiya va Armaniston munosabatlaridagi eng sezgir sohalardan biri — iqtisodiyotdir. Armaniston hali ham Rossiya bilan chuqur iqtisodiy bogʻlangan.

Rossiya kapitali energetika, sanoat, bank tizimi, transport, savdo kabi sohalarda muhim oʻrin egallaydi. Shuningdek, Rossiya bozori Armaniston mahsulotlari uchun eng muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Shu sababli Moskva asosiy dalil sifatida iqtisodiy omildan foydalanmoqda. Rossiya bosh vazir oʻrinbosari Aleksey Overchukning maʼlum qilishicha, Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishi haqidagi siyosiy bayonotlarning oʻziyoq Rossiya-Armaniston savdo munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatgan.

Uning maʼlumotlariga koʻra:

2024 yilda Rossiya va Armaniston oʻrtasidagi tovar aylanmasi 11,5 milliard dollar atrofida boʻlgan. 2025 yilda esa bu koʻrsatkich taxminan 6,4 milliard dollarga tushgan. Rossiya tomoni bu farqni taxminan 5,1 milliard dollarlik yoʻqotish sifatida baholamoqda.

Bu raqam Moskva uchun muhim siyosiy signal. Geosiyosiy tanlov iqtisodiyotga ham taʼsir qilishi shubhasiz. Biroq Armanistonning javobi ham bor - bitta bozorga kuchli bogʻliqlikning oʻzi ham xavf hisoblanadi. Shuning uchun Yerevan «muqobil imkoniyatlar» haqida gapirmoqda.

YeOIHT: yangi qarama-qarshilikning asosiy maydoni

Rossiya va Armaniston oʻrtasidagi ziddiyat eng yaqqol Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOIHT) doirasida namoyon boʻldi. Armaniston hozircha YeOIHTdan chiqish haqida rasmiy qaror qabul qilmagan. Aksincha, Yerevan tashkilot ishlashini istashini taʼkidlayapti. Biroq Armaniston rahbariyatining talabi qatʼiy - YeOIHT oʻz qoidalariga amal qilishi kerak.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya tomonidan armyan mahsulotlariga qoʻyilgan cheklovlarni tanqid qildi. Uning taʼkidlashicha, agar YeOIHT ichida tovarlar erkin harakati, xizmatlar erkin harakati, moliyaviy harakatlar erkinligi taʼminlanmasa, tashkilotning yashab qolishi savol ostida qoladi. Armaniston iqtisodiyot vaziri Gevorg Papoyan esa yanada keskinroq fikr bildirdi.

Armaniston YeOIHT ishlashini xohlaydi, «KXShT kabi boʻlishini emas» dedi vazir. Bu ibora juda muhim siyosiy signal boʻldi. U shuni anglatadiki, Yerevan harbiy ittifoqdan koʻngli qolgan boʻlsa ham, iqtisodiy hamkorlikni saqlab qolishga harakat qilmoqda.

Moskva tanlashni talab qilyapti

Rossiya soʻnggi davrda ishontirishdan koʻra aniqlik talab qilishga oʻtmoqda.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armanistonning YeI va YeOIHT oʻrtasida tanlov masalasi tobora dolzarb boʻlib borayotganini bildirdi.

Moskva nuqtai nazaricha, bir vaqtning oʻzida ikki turli integratsiya tizimida ishtirok etish qiyin. Chunki ularning savdo qoidalari, bojxona tizimi, iqtisodiy standartlari;

tashqi siyosiy majburiyatlari bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun masala nafaqat siyosiy, balki institutsional muammoga ham aylanmoqda.

Pashinyan siyosati: haqiqiy burilishmi yoki bosim vositasimi?

Eng katta savol — Nikol Pashinyanning asl maqsadi nimada? Zero, u Rossiya bilan keskin uzilish yoʻlidan bormadi. Armaniston hamon YeOIHT aʼzosi boʻlib qolmoqda, Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni uzmadi, Moskva bilan muloqotni davom ettiryapti.

Bir vaqtning oʻzida esa, Yerevan Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni kengaytirmoqda,

Gʻarb davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytiryapti, tashqi siyosiy muqobillar haqida gapirmoqda. Bu — muvozanat siyosatidir.

Pashinyan bir narsani yaxshi tushunadi: Rossiya bilan tez uzilish Armaniston iqtisodiyoti uchun ogʻir zarba boʻlishi mumkin. Ammo avvalgi munosabatlar modeliga qaytish ham qiyin, chunki ishonch inqirozi yuz berdi.

Xulosa: Armaniston yangi noaniqlik davriga kirdi

Bugun Armaniston oldida turgan masala faqat Rossiya yoki Yevropa Ittifoqini tanlashdan iborat emas. Bu — kichik davlatning yirik kuch markazlari oʻrtasida oʻz oʻrnini topishga urinishidir. Rossiya Armaniston bilan tarixiy aloqalar, xavfsizlik va iqtisodiy bogʻliqlikka asoslangan tizimni saqlab qolmoqchi. Yevropa Ittifoqi esa yangi taraqqiyot modeli — islohotlar, investitsiyalar va siyosiy yangilanishni taklif qilmoqda.

Armaniston esa ikki dunyo oʻrtasida oʻz manfaatlarini himoya qilishga harakat qilmoqda.

Ammo geosiyosat koʻpincha barcha variantlarni bir vaqtning oʻzida tanlash imkonini bermaydi. Bu — oʻzgarib borayotgan dunyoda oʻz oʻrnini belgilash vazifasidir.

Shuning uchun ham bugun Janubiy Kavkazda kechayotgan voqealar faqat Rossiya va Gʻarb oʻrtasidagi taʼsir uchun kurash emas. Bu — eski ittifoqlar endi abadiy boʻlib koʻrinmaydigan, yangi hamkorlik shakllari esa hali-hanuz shakllanayotgan bir davrda oʻz kelajagini belgilashga harakat qilayotgan mamlakat tarixidir.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid