AQShdagi oʻrmon yongʻinlarida oʻzbekistonliklar jabrlanmagani maʼlum qilindi
Vashington shtatidagi yongʻinlar natijasida allaqachon 600 ta bino, turar-joylar va korxonalar vayron boʻlgan. Oʻzbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi holat yuzasidan izoh berdi.

AQShning Vashington shtatidagi oʻrmon yongʻinlaridan jabr chekkanlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari yoʻqligi aytildi.
Oʻrmon yongʻinlari xavfi tufayli 60 mingga yaqin kishiga evakuatsiya qilish toʻgʻrisida koʻrsatma berilgan.
“Reuters” agentligining maʼlum qilishicha, mintaqadagi yongʻinlar natijasida allaqachon 600 ta bino, jumladan, turar-joylar va korxonalar vayron boʻlgan.
Shtat hukumati maʼlumotlariga koʻra, mintaqada jami 250 ming akrdan ortiq (101 ming 171 gektar) maydon yonmoqda.
“Spokan hududidagi uchta alohida oʻchoqdan iborat yongʻin evakuatsiya eʼlon qilingan tumanlarga xavf solmoqda”, – dedi Spokan yongʻin xavfsizligi xizmati boshligʻi Tom Uilyams “Reuters” agentligiga.
Yongʻinni oʻchirishga Milliy gvardiyadan tashqari oʻndan ortiq shtatdan kelgan oʻt oʻchiruvchilar ham yordam bermoqda.
Oʻzbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi Vashington shtati hukumati bilan yaqin aloqa oʻrnatgan holda oʻrmon yongʻinlari bilan bogʻliq vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Bosh konsulxonada maʼlum qilinishicha, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari yoʻq.
Bosh konsul Axror Burxanov yongʻindan jabr koʻrgan hududlardagi vatandoshlarni ehtiyot choralarini koʻrishga, mahalliy hokimiyat va favqulodda xizmatlar koʻrsatmalariga amal qilishga chaqirdi.
Avvalroq 18 oʻzbekistonlik AQShdan deportatsiya qilingani maʼlum boʻlgandi.
