Nega Moskva Qozogʻiston va Oʻzbekiston bilan harbiy-texnikaviy kelishuvlarni qayta koʻrib chiqmoqchi?
Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Rossiya qariyb oʻttiz yil davomida Markaziy Osiyo qurol-yarogʻ bozorida ustun mavqeni saqlab keldi. Biroq keyingi yillarda mazkur tizim asta-sekin oʻzgara boshladi. Buning asosiy sababi mintaqa davlatlarining Rossiya bilan hamkorlikka qiziqishi susayganida emas, balki yangi muqobil imkoniyatlar paydo boʻlganidadir.

Xalqaro siyosatda tasodifiy uygʻunliklar juda kam uchraydi. Kreml deyarli bir vaqtning oʻzida Qozogʻiston va Oʻzbekiston bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlarni qayta koʻrib chiqish niyatini maʼlum qilayotgan bir paytda, axborot maydonida Toshkentning Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10CE qiruvchi samolyotlarini ehtimoliy xarid qilishi haqida xabarlar paydo boʻldi. Bu voqealar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri sabab-oqibat bogʻliqligi boʻlmasa-da, ularning har ikkisi ham soʻnggi bir necha yil davomida Markaziy Osiyoda kuchlar nisbatini oʻzgartirayotgan jarayonlarni aks ettiradi.
27 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolagan farmoyishlarda aniq tafsilotlar keltirilmagan: Qozogʻiston va Oʻzbekiston bilan tuzilgan kelishuvlarning aynan qaysi bandlariga oʻzgartish kiritish rejalashtirilayotgani maʼlum qilinmagan. Biroq tashabbusning oʻziyoq muayyan maʼnoga ega. Qozogʻiston bilan tuzilgan shartnoma 2013 yildan, Oʻzbekiston bilan imzolangan kelishuv esa 2016 yildan buyon amal qilib kelmoqda va shu davr mobaynida ular Moskva bilan mintaqadagi ikki yirik davlat oʻrtasidagi harbiy-texnikaviy hamkorlikning asosini tashkil etdi. Agar Kreml bugun mazkur hujjatlarni qayta koʻrib chiqishni zarur deb hisoblayotgan boʻlsa, demak, nafaqat tashqi sharoit, balki munosabatlarning ichki mantigʻi ham oʻzgargan.
Muqobilsiz hamkorlik davri yakunlanmoqda
Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Rossiya qariyb oʻttiz yil davomida Markaziy Osiyo qurol-yarogʻ bozorida ustun mavqeni saqlab keldi. Bu faqat yangi mustaqil davlatlarning Moskvaga siyosiy jihatdan yaqinligi bilan emas, balki obʼektiv omillar bilan ham izohlanardi. Qozogʻiston, Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari armiyalari sovet harbiy texnikasi asosida shakllangan, yagona qurollanish standartlari, shaxsiy tarkibni tayyorlash tizimi va texnik xizmat koʻrsatish qoidalaridan foydalanar edi. Rossiya korxonalari esa amalda ushbu harbiy texnikalarni taʼmirlash, modernizatsiya qilish va ehtiyot qismlar bilan taʼminlash imkoniyatiga ega yagona tuzilmalar boʻlib qolgandi.
Shu bois harbiy-texnikaviy hamkorlik uzoq vaqt davomida umumiy sovet merosining tabiiy davomi sifatida qabul qilindi. Qozogʻiston Rossiyadan Su-30SM qiruvchi samolyotlari, Mi-171Sh va Mi-35M vertolyotlari, «Buk-M2E» va S-300PS zenit-raketa majmualari hamda BTR-82A bronetransportyorlarini qabul qildi. Oʻzbekiston esa Mi-35M zarba beruvchi vertolyotlarini sotib oldi, MiG-29 qiruvchilarini modernizatsiya qildi va yangi Rossiya samolyotlarini xarid qilish boʻyicha muzokaralar olib bordi.
Biroq keyingi yillarda mazkur tizim asta-sekin oʻzgara boshladi. Buning asosiy sababi mintaqa davlatlarining Rossiya bilan hamkorlikka qiziqishi susayganida emas, balki yaqin vaqtgacha umuman mavjud boʻlmagan muqobil imkoniyatlar paydo boʻlganidadir.
Xitoy oʻzib ketyapti
Oʻn–oʻn besh yil muqaddam Xitoy mudofaa sanoati asosan sovet va gʻarb harbiy texnikasining nisbatan arzon nusxalarini ishlab chiqaruvchi sifatida baholanardi. Bugun esa bunday tasavvur haqiqatga toʻliq mos kelmaydi. Pekin raqobatbardosh harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishga qodir zamonaviy harbiy-sanoat bazasini shakllantirdi. U nafaqat ilgʻor qurol-yarogʻ namunalarini, balki jozibador moliyaviy shartlar, hisob-kitobning moslashuvchan mexanizmlari va shartnomalarni bajarishning ancha qisqa muddatlarini ham taklif etmoqda.
Bu yutuqlar ayniqsa harbiy aviatsiya sohasida yaqqol koʻzga tashlanadi. «4++» avlodining eng takomillashgan eksport versiyalaridan biri sifatida baholanadigan J-10CE qiruvchi samolyoti allaqachon Pokiston Qurolli kuchlari safidan joy olgan va Osiyo hamda Yaqin Sharqning qator davlatlarida qiziqish uygʻotmoqda. Agar Oʻzbekiston 24 ta shunday samolyotni xarid qilishi haqidagi maʼlumotlar tasdiqlansa, bu oddiy qurol-yarogʻ bitimi boʻlib qolmaydi. Amalda bu Xitoy harbiy aviatsiyasining oʻnlab yillar davomida Rossiyaning anʼanaviy ustunlik hududi hisoblangan Markaziy Osiyoga birinchi yirik kirib kelishi boʻladi.
Moskva uchun bunday ssenariy nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Chunki harbiy-texnikaviy hamkorlik hech qachon faqat qurol-yarogʻ yetkazib berish bilan cheklanmaydi. Samolyotlar yoki havo mudofaasi tizimlari bilan birga yetkazib beruvchi davlat oʻnlab yillar davomida harbiy mutaxassislarni tayyorlash, texnik xizmat koʻrsatish, modernizatsiya ishlarini amalga oshirish va qoʻshma mashgʻulotlarda ishtirok etish imkoniyatini ham qoʻlga kiritadi. Boshqacha aytganda, qurol-yarogʻ eksporti uzoq muddatli siyosiy ishtirok vositasiga aylanadi.
Nega Kreml aynan hozir harakatga tushdi?
Kelishuvlarni qayta koʻrib chiqish tashabbusining rasmiy izohi hozircha berilmagan. Biroq mavjud vaziyat uning ehtimoliy sabablari haqida bir nechta xulosalar chiqarish imkonini beradi.
Birinchidan, Rossiya oʻz harbiy-sanoat majmuasining Markaziy Osiyodagi soʻnggi yirik bozorlardan biridagi mavqeini saqlab qolishga intilmoqda. Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Rossiya qurol-yarogʻ eksporti jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi. Xalqaro sanksiyalar zamonaviy elektronika va boshqa muhim komponentlarga yetish imkoniyatini chekladi, Rossiya armiyasining ehtiyojlari esa mudofaa sanoati korxonalariga tushayotgan yuklamani keskin oshirdi. Natijada eksport shartnomalarini oʻz vaqtida bajarish avvalgidek kafolatlangan jarayon boʻlmay qoldi.
Bunday vaziyatda oʻz qurolli kuchlarini modernizatsiya qilayotgan davlatlar yangi yetkazib beruvchilarni izlashga majbur boʻladi. Markaziy Osiyo ham bundan mustasno emas. Aksincha, bu yerda bir nechta omillar bir vaqtning oʻzida uygʻunlashdi: mudofaa xarajatlarining oʻsishi, armiyalarni texnologik yangilashga boʻlgan ehtiyoj va raqobatbardosh mahsulot taklif etayotgan yangi hamkorlarning paydo boʻlishi.
Ikkinchidan, tashabbusning mutlaqo amaliy sabablari ham boʻlishi mumkin. Oʻn yildan ortiq vaqt avval imzolangan kelishuvlar mutlaqo boshqa xalqaro sharoitda ishlab chiqilgan edi. Oʻshanda Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga qarshi bunday keng qamrovli sanksiyalar joriy etilishi hech kimning xayoliga ham kelmagan. Bu davr ichida moliyaviy mexanizmlar, logistika yoʻnalishlari, xalqaro hisob-kitob qoidalari va butlovchi qismlarni yetkazib berish tartibi sezilarli darajada oʻzgardi. Shuning uchun Moskva mavjud shartnomaviy bazani yangi iqtisodiy voqelikka moslashtirishga intilayotgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Markaziy Osiyo koʻp vektorli siyosatni tanlamoqda
Shu bilan birga, Oʻzbekiston yoki Qozogʻistonning harakatlarini Rossiya bilan hamkorlikdan voz kechish sifatida baholash notoʻgʻri boʻlar edi. Aksincha, har ikki davlat siyosati imkon qadar keng sheriklar doirasini saqlab qolishga intilayotganini koʻrsatadi.
Soʻnggi yillarda Toshkent Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh bilan munosabatlarni bir vaqtning oʻzida rivojlantirib, izchil ravishda koʻp vektorli tashqi siyosat yuritmoqda. Bunday yondashuv zamonaviy texnologiyalarni turli manbalardan olish va biror davlatga haddan tashqari qaram boʻlib qolmaslik imkonini beradi.
Hatto Oʻzbekiston haqiqatan ham Xitoy qiruvchi samolyotlarini xarid qilgan taqdirda ham, bu Moskva bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik toʻxtaydi degani emas. Rossiyada ishlab chiqarilgan harbiy texnika hali uzoq yillar davomida Oʻzbekiston Qurolli kuchlarining muhim qismini tashkil etadi va uni taʼmirlash, modernizatsiya qilish hamda mutaxassislar tayyorlash Rossiya korxonalari bilan hamkorlikni talab qiladi. Shuning uchun bu jarayonni tashqi siyosiy yoʻnalishning oʻzgarishi emas, balki yetkazib beruvchilarni diversifikatsiya qilish sifatida baholash toʻgʻriroq boʻladi.
Qozogʻiston ham xuddi shunday strategiyaga amal qilmoqda. U Rossiya, Turkiya, Isroil, Janubiy Koreya va bir qator gʻarb davlatlari bilan bir vaqtning oʻzida hamkorlik qilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bunday yondashuv eng maqbul modelga aylanib bormoqda, chunki u turli hamkorlarning afzalliklaridan foydalanish va tashqi siyosiy manyovr erkinligini saqlab qolish imkonini beradi.
Taʼsir uchun kurash yangi bosqichga kirdi
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqsak, Moskva tashabbusini oddiy huquqiy hujjatlarni yangilashdan ancha kengroq maʼnoda baholash mumkin. Bu yerda gap faqat qurol-yarogʻ eksporti haqida emas, balki Rossiyaga oʻnlab yillar davomida Markaziy Osiyoda alohida oʻrin berib kelgan munosabatlar tizimini saqlab qolish haqida ham bormoqda.
Bugun mintaqa asta-sekin bir nechta jahon qudrat markazlari raqobat maydoniga aylanib bormoqda. Rossiya hali ham katta harbiy-siyosiy taʼsirga ega va mintaqa davlatlari bilan chuqur tarixiy aloqalarini saqlab qolgan. Xitoy moliyaviy resurslar, zamonaviy texnologiyalar va yirik investitsiyalarni taklif qilmoqda. Turkiya uchuvchisiz aviatsiya, harbiy kadrlar tayyorlash va mudofaa sanoati sohalarida oʻz ishtirokini faol kengaytirmoqda. Gʻarb davlatlari esa ishtiroki nisbatan cheklangan boʻlsa-da, xavfsizlikning ayrim yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.
Bunday sharoitda Kreml, ehtimol, yoʻqotilgan monopoliyani qaytarishga emas — buni amalga oshirish deyarli mumkin emas, — balki yangi mintaqaviy muvozanat tizimida oʻz oʻrnini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Qozogʻiston va Oʻzbekiston bilan kelishuvlarni qayta koʻrib chiqish hamkorlarga oʻzgargan siyosiy va iqtisodiy voqelikka moslashtirilgan yanada moslashuvchan hamkorlik mexanizmlarini taklif qilishga qaratilgan urinish boʻlishi mumkin.
Bu strategiya qanchalik muvaffaqiyatli boʻlishini hozircha aytishga erta. Kelishuvlarga kiritiladigan oʻzgartishlar loyihalari eʼlon qilinmaguncha Rossiya tomonining haqiqiy maqsadlari haqida qatʼiy xulosa chiqarish mumkin emas. Biroq bir narsa allaqachon ayon: Markaziy Osiyoda taʼsir faqat tarixiy meros orqali belgilanadigan davr orqada qolmoqda. Endi uni siyosiy bayonotlar bilan emas, balki texnologiyalar, hamkorlik shartlari, iqtisodiy imkoniyatlar va sheriklar manfaatlarini hisobga olish qobiliyati orqali qoʻlga kiritishga toʻgʻri keladi. Yaqin yillarda Markaziy Osiyoning harbiy-siyosiy qiyofasini aynan shu raqobat belgilab beradi.
Abulfayz Sayidasqarov
