Fargʻonada "Inson" markazi xodimi baxtsiz hodisa sabab vafot etdi
Joriy yilning 28 iyul kuni kechki payt Uchkoʻprik tumani hokimligi tomonidan “mahalla yettiligi” aʼzolari hasharga jalb etilgan.

Fargʻona viloyatida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazining xodimi baxtsiz hodisa sabab vafot etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Uchkoʻprik tumanida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi T.Joʻrayevning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi hodisani tasdiqladi.
Joriy yilning 28 iyul kuni kechki payt Uchkoʻprik tumani hokimligi tomonidan “mahalla yettiligi” aʼzolari hasharga jalb etilgan. Hashar paytida yollanma ishchilar tomonidan foydalanilayotgan oʻt oʻradigan asbob pichogʻi sinib ketib, jarayonni kuzatib turgan Uchkoʻprik tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi T.Joʻrayevning qorniga sanchilib, olgan jarohati sababli xodim vafot etgan.
Agentlik nomidan marhumning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirilgan, uning oilasiga zarur ijtimoiy koʻmak koʻrsatish davom ettirilishi aytilgan.
Shuningdek, bunday fojiali holatlar takrorlanmasligi uchun xodimlarning mehnat xavfsizligi, ularni xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etish holatlari hamda masʼul shaxslarning javobgarligi yuzasidan atroflicha oʻrganish oʻtkazilib, tegishli choralar koʻriladi, deyiladi xabarda.
