Toshkent viloyatida byudjetdan 76,5 mlrd soʻm ajratiladi
Oʻrta Chirchiq tumani hududidan oʻtgan kanal va kollektorlarning qariyb 15 kilometr qismini betonlashtirish uchun 20 mlrd soʻm beriladi.

Toshkent viloyatida mahalliy byudjetdan 76,5 mlrd soʻm ajratiladi. Bu haqda 2026 yil 30 iyul kuni chiqqan Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi qarorida aytiladi.
Toshkent viloyatida mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan jami 76 milliard 574,7 million soʻm mablagʻ turli yoʻnalishlarga yoʻnaltiriladi.
Shundan 24 milliard 108,1 million soʻm yil boshida aniqlangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan, 52 milliard 466,6 million soʻm esa mahalliy byudjetning maqbullashtirilgan mablagʻlari hisobidan ajratiladi.
Ajratilayotgan mablagʻlar viloyat hokimligi maʼmuriy binosidagi konditsionerlarni taʼmirlash, hokimlik obʼektlarini qoʻriqlash, “Toshkent viloyat invest kompaniyasi” ustav kapitalini shakllantirish (4 mlrd soʻm)ga sarflanadi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi maʼmuriy binosining qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplash, shuningdek Nurafshon shahrini obodonlashtirish (10 mlrd soʻmdan oshiq), Oʻrta Chirchiq tumanida qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakunlash hamda Beshboy mahallasidagi Navroʻz koʻchasini taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, byudjet ssudasi boʻyicha asosiy qarz, foiz va penya toʻlovlarini qaytarish, Nurafshon shahrida obodonlashtirish va koʻchat ekish ishlarini davom ettirishga pul beriladi.
Oʻrta Chirchiq tumani hududidan oʻtgan kanal va kollektorlarning qariyb 15 kilometr qismini betonlashtirish uchun 20 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.
Ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, budjet xarajatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha masʼul tashkilotlarga tegishli vazifalar yuklatilgan. Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirishi belgilangan.
