Shavkat Mirziyoyev: mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga oʻtish vaqti keldi
Prezident atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgani va shunday boʻlib qolishi taʼkidladi. Yagona tabiiy makonda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, ularga javob choralari ham umumiy boʻlishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida nutq soʻzladi.
Prezidentga koʻra, murakkab va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan bugungi xalqaro voqelik yanada qatʼiyat bilan harakat qilishni va yanada yaqin muvofiqlashtiruvni talab etmoqda.
Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qoʻshilishi oʻzaro hamkorligimizni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.
"Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qoʻshnimiz – Afgʻonistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Ushbu vaziyatdan toʻliq foydalanib, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik va yaxshi qoʻshnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur.
Mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga oʻtish vaqti keldi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalari hamda va rivojlanishning asosiy yoʻnalishlaridagi uzoq muddatli qoʻshma dasturlarga tayanishi zarur.
Mintaqamizning xalqaro subʼekt sifatidagi maqomini mustahkamlagan holda davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida oʻzaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozim" deya taʼkidlaydi prezident.
Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish boʻyicha kelgusi qadamlarni puxta ishlab chiqish lozim.
Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashishicha, Markaziy Osiyo taʼlim, ilm-fan va katta maʼlumotlar sohasida innovatsiyalar boʻyicha raqobatbardosh xabga aylanishi kerak. Bunga kadrlar salohiyati, sunʼiy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali erishish mumkin.
Atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy boʻlishi kerak.
Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim oʻzgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor koʻrsatdi.
Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish boʻyicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvidagi nutqidan asosiy fikrlari
- Ilgari tarqoq boʻlgan Markaziy Osiyo bugungi kunda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yoʻlida birlashmoqda;
- Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qoʻshilishi oʻzaro hamkorligimizni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda;
- Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afgʻonistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish uchun tarixiy imkoniyat ochilmoqda;
- Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik va yaxshi qoʻshnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur;
- Mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga oʻtish vaqti keldi;
- Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik mustahkamlanadi, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlar kengaytiriladi, umumiy raqamli xizmatlar va investitsiya platformalari rivojlantiriladi;
- Markaziy Osiyo taʼlim, ilm-fan va katta maʼlumotlar sohasida innovatsiyalar boʻyicha raqobatbardosh xabga aylanishi kerak;
- Ekologik tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy boʻlishi kerak;
- Gumanitar aloqalar Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining oʻzgarmas ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi;
- Zamonaviy hamkorlik chuqurlashgani sari umummintaqaviy oʻziga xoslik va xalqlar oʻrtasidagi hamjihatlik yanada mustahkamlanmoqda;
- Bizning umumiy kuchimiz – birlik, oʻzaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qatʼiy sadoqatimizdadir.
