Shaharlar nega birodarlashadi?
Birodarlashgan shaharlar anʼanasining kelib chiqishi juda qiziq. U suvenirlar almashish yoki doʻstlik festivallari oʻtkazish istagidan tugʻilmagan. Uning beshigi — vayron boʻlgan Yevropa edi.

Iyul oyining soʻnggi kunlarida Samarqand shahri yana bir muhim xalqaro tadbir uchun mezbonlik qilmoqda. Bu yerda dunyoning qariyb 30 ta mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq vakil ishtirok etayotgan Xalqaro birodarlashgan shaharlar forumi oʻtkazilyapti.
Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi — birodarlashgan shaharlar oʻrtasidagi hamkorlikni asosan protokol va madaniy aloqalar doirasi bilan cheklanib qolmasdan, uni xalqaro hamkorlikning samarali va amaliy mexanizmiga aylantirishdir. Ikki kun davomida ishtirokchilarni nafaqat yalpi majlislar va ikki tomonlama uchrashuvlar, balki birodarlashuv munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan kelishuvlarni imzolash marosimlari ham kutmoqda.
Shu oʻrinda qanday qilib shaharlar birodarlashadi, bu maqom shaharlar va ularning aholisiga qanday manfaat keltiradi, degan savol tugʻilishi tabiiy.
Birodarlashgan shaharlar instituti
Maʼlumot uchun, birodarlashgan shaharlar — turli davlatlarning doimiy doʻstona aloqalar oʻrnatgan shaharlaridir. Ular Birodarlashgan shaharlar jahon federatsiyasiga birlashgan. 1963 yildan boshlab har yili aprel oyining oxirgi yakshanba kuni Jahon Birodarlashgan shaharlar kuni sifatida nishonlanadi. Birodarlashgan shaharlar mahalliy hokimiyat vakillarining delegatsiyalari, mutaxassislar, badiiy havaskorlik va sport jamoalari koʻrgazmalar, sayyohlar almashish va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etadilar. Birodarlashgan shaharlar bilan aloqalarning samarali usullaridan biri sifatida doʻstlik kunlari va haftaliklari oʻtkazib turiladi. Bu tadbirlar doʻstlik hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
Arzimas koʻrinadigan muhim jihat
Dunyo xaritasida bir-biri bilan diplomatik munosabatlarga ega boʻlmagan davlatlar bor. Ularning rahbarlari qoʻl berib koʻrishmaydi, tashqi ishlar vazirlari muzokaralar stoli atrofida yigʻilmaydi, rasmiy bayonotlar esa muloqotdan koʻra koʻproq oʻzaro tanqid va ayblovlarga oʻxshaydi.
Ammo bu mamlakatlarning oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda uchrashadi. Rassomlar qoʻshma koʻrgazmalar tashkil etadi. Universitetlar hamkorlikda ilmiy anjumanlar oʻtkazadi. Tadbirkorlar shartnomalar imzolaydi. Shifokorlar bir-birining tajribasini oʻrganadi, sportchilar esa bir xil arenalarda musobaqalashadi. Bir qarashda — bu paradoksdek tuyuladi. Ammo faqat bir qarashdagina. Zero koʻpincha davlatlar oʻrtasidagi koʻpriklarni tashqi ishlar vazirliklari emas, shaharlar barpo etadi.
Shu boisdan ham qariyb bir asr muqaddam vujudga kelgan birodarlashgan shaharlar harakati jahon urushlari, sovuq urush, SSSR parchalanishi, globallashuv va raqamli inqilob davrini boshdan kechirib, bugungacha yashab kelmoqda. Bundan tashqari, bu gʻoya bugun yana yangi nafas olmoqda. Zero, agar davlatlar geosiyosat mantiqidan kelib chiqsa, shaharlar oʻz aholisining kundalik manfaatlariga tayanadi.

Tinchlikni hukumatlar emas, odamlar qurishga kirishgan payt
Birodarlashgan shaharlar anʼanasining kelib chiqishi juda qiziq. U suvenirlar almashish yoki doʻstlik festivallari oʻtkazish istagidan tugʻilmagan. Uning beshigi — vayron boʻlgan Yevropa boʻlgan.
1945 yil bahorida Yevropa qitʼasi haqiqiy xarobaga aylangan edi. Nafaqat shaharlar, balki xalqlar oʻrtasidagi ishonch ham vayron boʻlgandi. Millionlab qurbonlar, yer bilan yakson qilingan turar joylar, qarshi tomonda faqat dushman yashaydi, degan tushuncha bilan ulgʻaygan butun boshli avlod muammosi...

Gʻolib davlatlar oldida bugun ham hayratlanarli darajada dolzarb yangraydigan savol paydo boʻldi: bunday fojia yana hech qachon takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak? Javob noodatiy boʻldi - faqat hukumatlarni yarashtirish yetarli emas, avvalo turli xalq va odamlarni yarashtirish lozim!
Shu tariqa kechagina bir-biriga qarshi jang qilgan shaharlar oʻrtasida ilk birodarlashuv kelishuvlari tuzila boshladi. Fransiya va Germaniya shaharlari oʻquvchilar, sport jamoalari, orkestrlar va rassomlar bilan almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻydi. Kechagina bir-biriga miltiq nishonchasi orqali qaragan odamlar endi birga qahva ichar, kitoblar haqida bahslashar va bir-birining shaharlarida sayr qilar edilar. Bir soʻz bilan aytganda, xalq diplomatiyasi shakllana boshlagandi.
Keyinchalik bu tashabbusni AQSh ham qoʻllab-quvvatladi. 1956 yilda Ikkinchi jahon urpushi qahramoni, prezident Duayt Eyzenxauer People-to-People («Insondan insonga») dasturini boshlab berdi. Uning ishonchi komil ediki, mustahkam tinchlikni faqat diplomatik notalar va xalqaro shartnomalar bilan qurib boʻlmaydi. Uni odamlarning oʻzi qoʻllab-quvvatlashi kerak.

Shu tariqa xalq diplomatiyasining eng noyob shakllaridan biri — birodarlashgan shaharlar xalqaro harakati dunyoga keldi. Bu gʻoya shunchalik hayotbaxsh boʻlib chiqdiki, tez orada Yevropa chegarasidan chiqib, deyarli barcha qitʼalarga tarqaldi. Bugungi kunda dunyoda oʻn minglab birodarlashgan shaharlar toʻgʻrisidagi kelishuvlar mavjud.

Shu oʻrinda bir tabiiy savol tugʻiladi: internet, arzon aviaqatnovlar va bir lahzadagi aloqa davrida bunday “eski” anʼanani saqlab qolish qanchalik maqbul ish?
Doʻstlik allaqachon iqtisodiyotga aylangan
«Birodarlashgan shahar» atamasi koʻpchilikni chalgʻitadi. U bayramona marosimlar, esdalik sovgʻalari va konsertlar bilan bogʻliq tasavvurlarni uygʻotadi. Aslida esa bugungi birodarlashuv munosabatlari ancha oldin ramziy maʼnodan chiqib ketgan.
Bugun bu tushuncha — taraqqiyot vositasi. Zamonaviy shahar endi oddiy maʼmuriy hudud emas. U investitsiyalar, turistlar, ilmiy ishlanmalar, iqtidorli talabalar, malakali mutaxassislar va yuqori texnologiyali biznes uchun raqobat qiladigan mustaqil iqtisodiy organizmga aylangan. Shuning uchun shaharlar ham yirik kompaniyalar kabi hamkor qidiradi. Bejizga texnologik markazlar texnologik markazlar bilan, universitet shaharlari universitet shaharlari bilan, port shaharlari portlar bilan, sayyohlik markazlari esa boshqa turistik shaharlar bilan hamkorlik qilmaydi. Birodarlashuv munosabatlari investorlarni jalb qilish, biznes-forumlar tashkil etish, texnologiyalar almashish va shahar muammolariga birgalikda yechim topish uchun oʻziga xos xalqaro muloqot kanaliga aylanadi.
Shu bois bugun dunyoning yirik megapolislarining hokimlari tobora koʻproq mustaqil xalqaro oʻyinchiga aylanmoqda. Ularga balandparvoz bayonotlar va shiorlar kerak boʻlmayapti. Ular aniq iqtisodiy natijalarni koʻzlayapti.
Shaharlar bir-birini qanday tanlaydi?
Tashqaridan qaraganda, shaharlar tasodifan yoki faqat siyosiy sabablarga koʻra birodarlashadigandek koʻrinadi. Aslida esa bu tanlov deyarli hech qachon tasodifiy emas.
Baʼzan asosiy omil — umumiy tarix boʻladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropada koʻplab shaharlar sobiq raqiblarini ongli ravishda hamkor sifatida tanladi. Ular urush xotirasini yarashuv ramziga aylantirishni istadi.
Baʼzida hal qiluvchi omil madaniy yaqinlik boʻladi. Masalan, Ispaniyadagi Toledo va AQShdagi Toledo umumiy tarixiy nom tufayli rasman birodarlashgan shaharlardan biriga aylangan.
Koʻp hollarda esa iqtisodiyot hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Sanoat markazlari sanoat shaharlari bilan hamkorlik qiladi. Portlar — portlar bilan, ilmiy markazlar — ilmiy markazlar bilan, universitet shaharchalari — universitet shaharchalari bilan “doʻstlashadi”. Goʻyo shaharlar oʻz nusxasini emas, balki xarakteri, imkoniyatlari va maqsadlari oʻxshash boʻlgan «hamfikr shahar»ni qidiradi.
Quyidan boshlanadigan diplomatiya
Eng qizigʻi shundaki, birodarlashuv tashabbusi har doim ham amaldorlardan chiqmaydi. Koʻpincha bu gʻoyaning muallifi shaharning oʻzi boʻladi. Uni universitetlar taklif qiladi, tadbirkorlar ilgari suradi, madaniy markazlar qoʻllab-quvvatlaydi, jamoat tashkilotlari yoki diaspora vakillari tashabbus koʻrsatadi. M1unitsipal hokimiyat esa bu munosabatlarga rasmiy maqom beradi. Shu tariqa siyosatshunoslar «shahar diplomatiyasi» deb ataydigan yangi yoʻnalish shakllanadi.
Agar anʼanaviy diplomatiya xavfsizlik, chegaralar va xalqaro shartnomalar haqida gapirsa, shahar diplomatiyasi har bir fuqaro har kuni his qiladigan masalalar bilan shugʻullanadi. Masalan, jamoat transportini qanday qulay qilish mumkin, tirbandliklarni qanday kamaytirish mumkin, chiqindilarni qanday samarali qayta ishlash mumkin, munitsipal xizmatlarni qanday raqamlashtirish mumkin, sayyogʻlikni qanday rivojlantirish mumkin, kichik biznesni qanday qoʻllab-quvvatlash mumkin va hokazo.
Shuning uchun ham davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar murakkablashgan paytlarda ham shaharlar oʻrtasidagi hamkorlik koʻpincha davom etaveradi. Siyosatchilar bahslashishda davom etadi, shaharlar esa ishlashda davom etadi.
“Doʻstlik”dan foyda olish mumkinmi?
Birodarlashuv haqiqatan ham iqtisodiy foyda keltiradimi?
Javob – “Ha, lekin bir zumda emas”.
Kelishuvning oʻzi zavod qurmaydi, mehmonxona ochmaydi yoki sayyohlar oqimini koʻpaytirmaydi. Ammo u imkoniyatlar eshigini ochadi. Mahalliy hokimiyatlar oʻzaro hamkorlik qilib kelayotgan boʻlsa, tadbirkor uchun yangi bozorga chiqish ancha osonlashadi. Universitetlar qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyadi. Muzeylar koʻrgazmalar almashadi. Ilmiy markazlar qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazadi. Biznes ishonchli hamkorlar topadi. Shu tariqa madaniy hamkorlik asta-sekin iqtisodiy hamkorlikka aylanadi. Shu sababli Yevropaning koʻplab shaharlari birodarlashuv munosabatlarini oʻz investitsiya strategiyasining ajralmas qismi sifatida koʻradi. Zero bugun raqobat nafaqat davlatlar oʻrtasida, balki shaharlar oʻrtasida ham kechmoqda. Ular investitsiya uchun, texnologiyalar uchun, inson salohiyati uchun raqobatlashmoqda.
Shahar aholisiga nima foyda?
Darhol taʼkidlash lozim, birodarlashuvning asl maʼnosi tantanali marosimlar yoki protokol uchun tushirilgan suratlarda emas. Uning haqiqiy qadrini odamlar his qilishi kerak. Aynan shunday kelishuvlar tufayli minglab oʻquvchilar ilk bor xorijga chiqadi. Talabalar amaliyot oʻtaydi. Oʻqituvchilar chet el universitetlarida maʼruzalar oʻqiydi. Musiqachilar xalqaro festivallarda ishtirok etadi. Shifokorlar ilgʻor tibbiy tajribani oʻrganadi. Sportchilar qoʻshma musobaqalarda qatnashadi. Tadbirkorlar yangi mijozlar topadi. Turistik kompaniyalar yangi yoʻnalishlarni ochadi.
Hatto kichik shaharlar ham shahar boshqaruvining eng ilgʻor jahon tajribasini oʻrganish imkoniga ega boʻladi. Bularning barchasi, ehtimol, gazetalarning birinchi sahifalariga chiqmas. Ammo zamonaviy dunyo aynan ana shunday, koʻzga tashlanmaydigan insoniy aloqalardan barpo boʻladi.
Viza imtiyozlari haqidagi afsona
Birodarlashgan shaharlar masalasi atrofida turli mish-mishlar ham koʻp. Eng keng tarqalganlaridan biri — bunday shaharlar aholisi uchun viza tartibi yengillashtiriladi, degan fikrdir. Afsuski, bu haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Chunki viza siyosatini shaharlar emas, davlatlar belgilaydi. Hech bir shahar hokimi viza talablarini bekor qila olmaydi. Biroq birodarlashuv munosabatlari haqiqatan ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Grant dasturlari ochiladi. Taʼlim almashinuvlari yoʻlga qoʻyiladi. Qoʻshma ilmiy tadqiqotlar tashkil etiladi. Madaniy loyihalar amalga oshiriladi. Biznes-missiyalar uyushtiriladi. Demak, imtiyozlar avtomatik ravishda emas, balki birgalikdagi mehnat natijasida paydo boʻladi. Demak, birodarlashuv bevosita boʻlmasada, bilvosita viza siyosati va bordi keldilar uchun yengillik yaratib beradi.
Nega bu gʻoya raqamli asrda ham dolzarb?
Yuqorida berilgan savolga qaytsak, internetning rivojlanishi birodarlashgan shaharlar institutini tarix axlatiga uloqtirishi kerak edi. Axir oʻzingiz oʻylab koʻring, videokonferensiya oʻtkazish mumkin boʻlsa, nega alohida kelishuvlar imzolash kerak?
Lekin real hayot butunlay boshqacha manzarani koʻrsatmoqda. Dunyo qanchalik murakkablashsa, toʻgʻridan-toʻgʻri insonlar oʻrtasidagi aloqalar shunchalik qadrli boʻlib bormoqda. Bugun shaharlar faqat madaniyat uchun emas, balki sunʼiy intellektni shahar boshqaruviga joriy etish, «aqlli shahar» tizimlarini yaratish, iqlim oʻzgarishiga qarshi yechimlar izlash, transport va kommunal sohani raqamlashtirish, chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari boʻyicha tajriba almashish uchun ham birlashmoqda. Birodarlashuv endi oʻtgan asrning goʻzal anʼanasi emas. U XXI asrning amaliy vositalaridan biriga aylangan.
Oʻzbekistonning birodarlashgan shaharlari
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hududlarining xalqaro hamkorlikka boʻlgan yondashuvini sezilarli darajada oʻzgartirdi. Ilgari shaharlar oʻrtasidagi birodarlashuv munosabatlari asosan rasmiy tashriflar va madaniy almashinuvlar bilan cheklangan boʻlsa, bugun ular mamlakat iqtisodiy diplomatiyasining muhim qismiga aylanib bormoqda. Oʻzbekiston shaharlari xorijiy munitsipalitetlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatib, investitsiyalar jalb etish, turizm, taʼlim va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston shaharlarining ilk birodarlashuv munosabatlari hali sovet davridayoq shakllangan. Oʻsha paytlarda hamkorlik asosan gumanitar yoʻnalishga ega boʻlib, ijodiy jamoalar almashinuvi, koʻrgazmalar, sport musobaqalari, maktab va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni qamrab olar edi. Masalan, ilk bor 1973 yilda sovet Oʻzbekistonining poytaxti boʻlmish Toshkent shahri AQShning Sietl shahri bilan birodarlashgan. Afsuski bu holat sovet ittifoqi tarkibidagi Oʻzbekiston uchun yagona va takrorlanmas holat boʻlgan.

Toshkent — xalq diplomatiyasining eng yirik markazi
Biroq mustaqillikka erishilgandan keyin xalqaro aloqalar geografiyasi ancha kengaydi. Mamlakat tashqi siyosatidagi oʻzgarishlar bilan birga birodarlashuv munosabatlarining mazmuni ham oʻzgardi. 1994 yilda Toshkent Xitoyning ikki yirik shahri – Pekin va Shanxay bilan birodarlashdi.

Oʻtgan oʻn yillar davomida shahar Moskva, Seul, Shanxay, Pekin, Anqara, Minsk, Ostona, Bishkek, Sietl va boshqa qator yirik megapolislar bilan birodarlashuv munosabatlarini oʻrnatgan.
Bu hamkorliklarning har biri oʻz yoʻnalishiga ega. Xitoy shaharlari bilan munosabatlar investitsiyalar, transport infratuzilmasi va raqamli texnologiyalarga qaratilgan.
Seul bilan hamkorlik «Aqlli shahar» texnologiyalari, axborot tizimlari va shahar boshqaruvini takomillashtirish sohasida rivojlanmoqda. Moskva, Minsk, Ostona va Bishkek bilan aloqalar esa transport, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va shahar infratuzilmasini rivojlantirish kabi sohalarni qamrab oladi. Soʻnggi yillarda Toshkent Turkiya, Fors koʻrfazi davlatlari va Sharqiy Osiyo mamlakatlari shaharlari bilan ham hamkorlikni faol kengaytirmoqda.
Bugungi kunda bunday kelishuvlar sanoat, raqamli iqtisodiyot, transport, turizm, sogʻliqni saqlash, taʼlim va investitsiyalar jalb qilish sohalaridagi amaliy hamkorlikni nazarda tutadi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda hududlarni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangach, bu jarayon yanada jadallashdi. Viloyatlar va shaharlar rahbarlari xalqaro aloqalarni mustaqil rivojlantirish, investitsiya forumlarida ishtirok etish va xorijiy hamkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kelishuvlar tuzish imkoniyatiga ega boʻldi.
Samarqand — Buyuk Ipak yoʻlining diplomatik poytaxti
Samarqand Kioto, Florensiya, Sian, Plovdiv, Boku va boshqa koʻplab tarixiy shaharlar bilan hamkorlik qiladi. Biroq bugungi Samarqand faqat madaniy diplomatiya bilan cheklanib qolmaydi. Xalqaro sammitlar, konferensiyalar, turizm forumlari va iqtisodiy tadbirlarning muntazam oʻtkazilishi uni Markaziy Osiyoning eng muhim xalqaro muloqot maydonlaridan biriga aylantirdi. Aynan shu yerda turli mamlakatlar shaharlari oʻrtasida yangi hamkorlik kelishuvlari muntazam imzolanadi.
Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy shaharlar
Buxoro va Xiva ham xalqaro aloqalarni izchil rivojlantirib bormoqda.
Bu shaharlar uchun arxitektura merosini asrash, tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, madaniy turizmni rivojlantirish va merosni muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha loyihalar alohida ahamiyatga ega.
Xorijiy shaharlar bilan hamkorlik YuNESKO, xalqaro jamgʻarmalar va ixtisoslashgan universitetlarning tajribasini jalb qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon, Koreya Respublikasi va Yaqin Sharq davlatlari shaharlari bilan ham aloqalar kengaymoqda.
Bunday hamkorliklar tobora koʻproq mehmonxona biznesi, xizmat koʻrsatish sohasi va turistik infratuzilmaga investitsiyalar kiritish boʻyicha qoʻshma loyihalar bilan boyitilmoqda.
Oʻzbekiston tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, zamonaviy birodarlashuv munosabatlari allaqachon ramziy doʻstlik doirasidan chiqib ketgan. Bugun ular investitsiyalar jalb qilish, hududlarni rivojlantirish, mamlakatning turistik salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro gumanitar aloqalarni kengaytirishning samarali vositasiga aylanmoqda.
Davlatlardan ham yaqin boʻlib ketadigan shaharlar
Diplomatlar orasida shunday hikmat bor: tinchlik shartnoma imzolanishi bilan emas, ishonch paydo boʻlishi bilan boshlanadi. Ana shu ishonch birodarlashgan shaharlarning eng qimmatli kapitaliga aylandi.
Siyosiy tuzumlar oʻzgarishi, hukumatlar almashishi, xalqaro munosabatlar ogʻir inqirozlarni boshdan kechirishi mumkin. Biroq odamlar bir-birining shahriga mehmon boʻlib borishda, taʼlim olishda, biznes yuritishda, qoʻshma ilmiy loyihalar yaratishda va koʻrgazmalar tashkil etishda davom etadi.
Chunki xalq diplomatiyasi misli koʻrilmagan moʻʼjizalar namoyish etishga qodir. Masalan yaqinda yakuniga yetgan Futbol boʻyicha jahon chempionatini olaylik. Ayni kunda AQSh va Eron oʻrtasida salkam urush ketayotgan bir paytda Vashington eronlik futbolchilarga viza berishga va ularning sport musobaqalarida ishtirok etishiga rozi boʻlishdan boshqa iloji qolmadi. Zero sport ham xalq diplomatiyasi vositalaridan biri.
Xalq diplomatiyasining yana bir koʻrinishi - birodarlashgan shaharlar institutining uzoq umr koʻrishining siri ham shundadir, ehtimol. U siyosiy vaziyatga emas, balki oddiy insoniy haqiqatga tayanadi: bir-birini yaxshi taniydigan odamlar juda kam hollarda dushmanga aylanadi.
Alal-oqibat, birodarlashgan shaharlar mavzusi — bu shunchaki gerbli muhrlar, rasmiy bayonotlar yoki tantanali marosimlar bilan bogʻliq masala emas. Bu - ishonchning hamkorlikka, hamkorlikning taraqqiyotga, taraqqiyotning esa tinchlikka aylanishi haqidagi hikoyadir. Va ehtimol, ana shunday sokin, koʻzga koʻrinmas insoniy rishtalar baʼzan eng balandparvoz xalqaro deklaratsiyalardan ham mustahkamroq ekanligini bot-bot isbotlab turaveradi.
Abulfayz Sayidasqarov
