“Bosh prokuratura Toshkentdagi qurilishlarni toʻliq tekshiradi” — Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, oʻyin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yoʻq qilib yuborilayotganini qayd etdi. Bosh prokuratura poytaxt boʻyicha bunday obʼektlarni toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazadi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentning Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga vaziyatni koʻzdan kechirdi.
PA rahbariga koʻra, aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurishga moʻljallanmagan, ular oʻz vazifasiga koʻra xizmat qilishi zarur.

"Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga kelganimizda, mahalla ahli ekkan daraxtlar shafqatsizlarcha kesib, qoʻporib tashlanganiga guvoh boʻldik. Bolalar maydonchasi oʻrniga esa biznes markazi qurish rejalashtirilibdi.
Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, oʻyin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yoʻq qilib yuborilyapti", deya qayd etdi Saida Mirziyoyeva.

Bosh prokuratura butun Toshkent shahri boʻyicha bunday obʼektlarni toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazadi. Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik meʼyorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shartligi maʼlum qilindi.

Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, masʼul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari koʻriladi, aybdorlar, kerak boʻlsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi.
