Andijonda bank xizmatlari markazi boshligʻi va mashinist ushlandi
Ular oʻzaro til biriktirib, hokimlik zaxirasidagi yerni fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 39 ming AQSh dollari talab qilishda gumonlangan.

Davlat zaxirasidagi yerni olib berish bilan bogʻliq noqonuniy holat fosh etildi.
Andijon viloyati Marhamat tumanida faoliyat yurituvchi bank xizmatlari markazlaridan birining boshligʻi va “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti oʻzaro til biriktirgan.
Ular 1989 y.t. fuqaroning ishonchiga kirishgan. Ular Marhamat tumani hokimligi zaxirasida boʻlgan 24 sotix yer maydonining goʻyoki turar-joy toifasiga oid hujjatlari borligini aytib, mansabdor tanishlari orqali uni kelgusida mazkur fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 39 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mashinist oldindan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
