Yevroosiyo geoiqtisodiy manzarasini oʻzgartirishi mumkin boʻlgan loyiha
Oʻzbekiston, Xitoy, va Qirgʻiziston rahbarlarining siyosiy irodasi koʻp yillik muzokaralarni amaliy bosqichga olib chiqish imkonini berdi. Loyiha Xitoyning temir yoʻl tarmogʻini Markaziy Osiyo bilan bogʻlab, Yaqin Sharq, Kavkaz, Rossiya va Yevropa mamlakatlari tomon yangi chiqish imkoniyatlarini yaratadi.

Soʻnggi oʻn yilliklar davomida jahon iqtisodiyoti logistika zanjirlarining keng koʻlamli qayta shakllanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Pandemiya, geosiyosiy inqirozlar, sanksiyalar urushi hamda jahon savdosi tuzilmasidagi oʻzgarishlar davlatlarni tovarlarni yetkazib berishning yangi, qisqaroq va xavfsizroq yoʻnalishlarini izlashga undamoqda. Shu bois transport infratuzilmasi bugungi kunda nafaqat iqtisodiyotning bir qismi, balki geosiyosiy taʼsirning eng muhim vositalaridan biri sifatida qaralmoqda.
Shu nuqtai nazardan Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasi oddiy infratuzilma tashabbusidan koʻra ancha kengroq maʼnoga ega. Loyiha Markaziy Osiyoda yangi transport yoʻnalishini shakllantirish hamda Yevroosiyo quruqlik transport tarmogʻini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Oʻnlab yillar kutilgan loyiha
Mazkur temir yoʻl tarmogʻini qurish zarurati haqida yigirma yildan ortiq gapirib kelindi. Biroq faqat Xitoy, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston rahbarlarining siyosiy irodasigina koʻp yillik muzokaralarni amaliy bosqichga olib chiqish imkonini berdi.
Loyiha boʻyicha 523 kilometrlik boʻlajak magistral Qashgʻar — Torugart — Arpa — Makmal — Jalolobod — Andijon yoʻnalishi boʻylab oʻtadi. Bu hududlarda va yana 20 ta bekat barpo etiladi. Aynan shu yoʻl Xitoyning temir yoʻl tarmogʻini Markaziy Osiyo bilan bogʻlab, Yaqin Sharq, Kavkaz, Rossiya va Yevropa mamlakatlari tomon yangi chiqish imkoniyatlarini yaratadi. Texnik jihatdan eng murakkab hudud Qirgʻiziston hududida joylashgan. Bu yerda baland togʻli sharoitda taxminan 305 kilometr temir yoʻl qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard AQSh dollariga baholanmoqda.
Kelajakdagi temir yoʻl bir izli qilib loyihalashtirilmoqda va keyinchalik uni elektrlashtirish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Yoʻlovchi poyezdlari soatiga 120 kilometrgacha, yuk poyezdlari esa soatiga 90 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Bu xalqaro yuk tashishning zamonaviy talablariga toʻliq javob beradi. Biroq ushbu raqamlar ortida ancha keng koʻlamli vazifa — oʻta murakkab tabiiy sharoitlarda yangi transport tizimini barpo etish maqsadi mujassam.
Eng yirik muhandislik loyihalariga teng qurilish
Qirgʻizistonning baland togʻli relʼefi ushbu temir yoʻl qurilishini mintaqadagi eng murakkab muhandislik ishlaridan biriga aylantirmoqda. Qurilish ishlarini tashkil etish uchun allaqachon vaqtinchalik avtomobil yoʻllari, elektr taʼminoti tarmoqlari, beton zavodlari, sifat nazorati laboratoriyalari, omborxonalar hamda toʻliq qurilish shaharchalari barpo etildi.
Loyihada eng katta eʼtibor tonnellar va koʻpriklarga qaratilgan. Aynan ular qurilishning eng qimmat va eng murakkab elementlari hisoblanadi. Bugungi kunda bir vaqtning oʻzida 26 ta tonnelda qazish ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha asosiy tonnel qazilmalarining 13,5 kilometrdan ortigʻi yakunlanib, bu umumiy loyiha hajmining 13 foizdan ziyod qismini tashkil etmoqda. Shuningdek, rejalashtirilgan yordamchi shtolnyalarning yarmidan koʻpi ham qurib bitkazildi.
Eʼtiborli jihati shundaki, tonnellarning qariyb uchdan biri burgʻilash-portlatish texnologiyalarisiz, mexanizatsiyalashgan usulda qurilmoqda. Bu qurilish xavfsizligini oshirish hamda atrof-muhitga taʼsirni minimallashtirish imkonini beradi.
Yer ishlarining koʻlami ham diqqatga sazovor. Rejalashtirilgan 56 million kub metr tuproq ishlarining qariyb 20 million kub metri, yaʼni umumiy hajmning taxminan 35 foizi bajarilgan. Shu bilan bir vaqtda turli murakkablikdagi koʻpriklar ham barpo etilmoqda. Yirik 50 ta koʻprikdan 38 tasida qurilish ishlari boshlangan. Minglab poydevor qoziqlari oʻrnatildi, oʻnlab tayanchlar toʻliq tayyor holatga keltirildi, ramali koʻpriklar va suv oʻtkazuvchi inshootlar qurilishi davom etmoqda.
Amalda Qirgʻiziston togʻlarida bir vaqtning oʻzida butun boshli muhandislik ekotizimi shakllanmoqda. U kelajakda yangi transport magistralining mustahkam asosiga aylanadi.
Markaziy Osiyo logistika markaziga aylanmoqda
Yangi temir yoʻlning asosiy qiymati uning kilometrlab relslarida emas. U jahon savdosining geografiyasini oʻzgartirmoqda. Shu paytgacha Sharqiy Osiyo bilan Yevropa oʻrtasidagi quruqlik orqali amalga oshirilgan yuk tashishlarning katta qismi shimoliy yoʻnalishlar orqali oʻtar edi. Biroq bugungi geosiyosiy voqelik xalqaro biznesni logistika tizimini faol ravishda diversifikatsiya qilishga undamoqda.
Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temir yoʻli Oʻrta transport yoʻlagining eng muhim boʻgʻinlaridan biriga aylanmoqda. Mazkur yoʻlak bosqichma-bosqich Xitoy bilan Yevropa bozorlari oʻrtasidagi tovarlar harakati uchun muqobil transport yoʻnalishi sifatida shakllanmoqda. Shu bilan birga, yangi yoʻnalish mavjud ayrim marshrutlarga nisbatan tashish masofasini sezilarli darajada qisqartiradi.
Bu esa xalqaro savdo uchun logistika xarajatlarining kamayishi, yuklarni yetkazib berish muddatlarining qisqarishi hamda xalqaro taʼminot zanjirlarining barqarorligi oshishini anglatadi.
Qirgʻiziston tranzit hududdan - logistika markaziga aylanmoqda
Mazkur loyiha, Qirgʻiziston uchun eng katta ahamiyatga ega. Tarixan respublika ayrim transport yoʻnalishlari oʻtadigan hudud boʻlib kelgan, biroq mamlakatni dunyodagi eng yirik savdo oqimlari bilan bogʻlaydigan zamonaviy temir yoʻl infratuzilmasi mavjud emas edi. Endi esa vaziyat oʻzgarmoqda. Makmal stansiyasida mintaqaviy ahamiyatga ega zamonaviy transport-logistika xabi barpo etilmoqda. Bu yerda yuk terminallari, omborxonalar, servis maydonlari, ishlab chiqarish quvvatlari hamda qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi. Aslida, gap endi faqat turli temir yoʻl standartlari oʻrtasida konteynerlarni qayta yuklash haqida emas. Bu iqtisodiy oʻsishning yangi sanoat nuqtasini yaratish demakdir.
Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, aynan shunday transport tugunlari atrofida vaqt oʻtishi bilan industrial parklar, erkin iqtisodiy zonalar va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish korxonalari shakllanadi.
Oʻzbekiston uchun yangi imkoniyatlar
Oʻzbekiston uchun mazkur loyihaning ahamiyati qanchalik katta ekanini taʼkidlash shart emas. Respublika Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyoti sifatida uzoq yillardan buyon mintaqaviy transport va logistika markaziga aylanish siyosatini izchil amalga oshirib kelmoqda. Qirgʻiziston orqali Xitoy temir yoʻl tarmogʻi bilan bogʻlanish oʻzbek ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini sezilarli darajada kengaytiradi.
Bu, avvalo, mashinasozlik, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, kimyo tarmogʻi hamda rangli metallurgiya mahsulotlariga taalluqlidir. Bundan tashqari, mamlakatning xorijiy investorlar uchun jozibadorligi ham ortadi. Jahon amaliyoti shuni koʻrsatadiki, yirik xalqaro transport yoʻlaklari paydo boʻlgan hududlarda sanoat jadal rivojlanadi, savdo hajmlari oshib boradi va minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Xitoy yana bir strategik transport yoʻlagiga ega boʻlmoqda
Xitoy uchun yangi magistral qurilishi quruqlik transport yoʻnalishlarini rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning muhim qismi hisoblanadi. Temir yoʻl yoʻlaklari tarmogʻini kengaytirish orqali Pekin tashqi savdoning dengiz tashuvlariga qaramligini kamaytirmoqda. Chunki dengiz yoʻllari hamon geosiyosiy xavflar va ehtimoliy cheklovlar taʼsiriga nisbatan sezgirligicha qolmoqda.
Markaziy Osiyo orqali oʻtadigan qoʻshimcha marshrut eksport yetkazib berish yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish imkonini yaratadi hamda mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
Eng muhimi, ushbu loyihada ishtirok etayotgan barcha tomonlar manfaat koʻradi. Chunki bu yerda transport yoʻnalishlari oʻrtasida raqobat haqida emas, balki xalqaro savdo imkoniyatlarini kengaytirish haqida soʻz bormoqda.
Infratuzilma — siyosatning muhim vositasi
Tarix shuni koʻrsatadiki, eng yirik infratuzilma loyihalari kamdan-kam hollarda faqat iqtisodiy ahamiyat bilan cheklanadi. Davlatlar yoʻllar, quvurlar, temir yoʻl tarmoqlari va energetika tizimlarini birgalikda barpo etar ekan, ular uzoq muddatli oʻzaro bogʻliqlik mexanizmlarini ham yaratadi.
Shu bois Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temir yoʻli nafaqat transport loyihasi, balki mintaqaviy hamkorlikning yangi formatini namoyon etuvchi yorqin namuna hamdir. Qurib bitkazilgan har bir tonnel, har bir koʻprik va temir yoʻlning har bir qismi uch davlat oʻrtasidagi siyosiy ishonchning amaliy ifodasiga aylanadi. Bunday yirik loyihalarni uzoq muddatli muvofiqlashtirish, barqaror sheriklik va oʻzaro kelishilgan iqtisodiy siyosatsiz amalga oshirish mumkin emas.
XXI asrning temir Ipak yoʻli
Bir paytlar Buyuk Ipak yoʻli Sharq bilan Gʻarbni bogʻlab, sivilizatsiyalar oʻrtasida tovarlar, texnologiyalar va madaniyatlar almashinuvini taʼminlagan edi. Bugun esa uning zamonaviy davomi sifatida yuqori texnologiyalarga asoslangan temir yoʻl magistrallari shakllanmoqda.
Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temir yoʻli ana shunday eng muhim loyihalardan biridir. U Yevroosiyoning yangi transport arxitekturasini shakllantirmoqda, Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini yanada kuchaytirmoqda hamda mintaqa davlatlariga yangi bozorlar va investitsiya imkoniyatlarini ochib bermoqda.
Jahon iqtisodiyoti jadal surʼatlarda oʻzgarib borayotgan bugungi sharoitda aynan shunday infratuzilma loyihalari xalqaro savdoning kelajagini belgilab beradi. Zero, koʻproq mahsulot ishlab chiqargan davlatgina emas, balki uni tezroq, ishonchliroq va arzonroq tarzda isteʼmolchiga yetkazib bera olgan mamlakat ham raqobatda ustunlikka erishadi.
Tarixda shunday loyihalar boʻladiki, ular butun bir davrning ramziga aylanadi. Suvaysh kanali dengiz savdosining yangi bosqichini boshlab berdi. Panama kanali ikki okean oʻrtasidagi masofani qisqartirdi. Transsibir temir yoʻli Rossiya imperiyasi va keyinchalik Sovet Ittifoqining taraqqiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Bugun esa Markaziy Osiyo yana shunday tarixiy loyihalardan biri — Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temir yoʻlining barpo etilishiga guvoh boʻlmoqda.
Hech shubhasiz, mazkur Bu Yevroosiyoning yangi iqtisodiy geografiyasiga qaratilgan strategik investitsiyadir. Ushbu jarayonda Markaziy Osiyo qitʼaning chekka hududi maqomidan chiqib, uning eng muhim logistika markazlaridan biriga aylanyapti.
Agar XX asrda davlatlar asosan dengiz yoʻllari ustidan nazorat uchun kurashgan boʻlsalar, XXI asr quruqlik transport yoʻlaklarining ahamiyati tobora ortib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Xitoy, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston orqali barpo etilayotgan yangi Temir Ipak yoʻli esa ana shu tarixiy oʻzgarishning eng yorqin ramzlaridan biri boʻlib qolishi shubhasiz.
Abulfayz Sayidasqarov
