Shavkat Mirziyoyev “Manas” ordeni bilan taqdirlandi
1996 yilda taʼsis etilgan ushbu orden Qirgʻiz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Qirgʻiz Respublikasining yuksak mukofotini davlatimiz rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.

Oʻzbekiston yetakchisi qardosh Qirgʻiziston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlar hamda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak eʼtirofi sifatida qabul qilishini taʼkidladi.
1996 yilda taʼsis etilgan “Manas” ordeni Qirgʻiz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar oʻrtasida tinchlik, doʻstlik va oʻzaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun beriladi.
